Yangi yil haqida


Yangi yilni kutish odati hamma xalqlarda bor. Yangi yil arafasida archalar bezatiladi. Archa bayramlarida Qorbobo bilan Qorqiz sovg‘a-salomlar bilan bolalar huzuriga kelishadi. Ko‘pchilik xalqlarda Yangi yilda archa chiroqlarini yoqish odati uzoq zamonlardan yetib kelgan. Bu odat qadim zamonlarda Angliya bilan Germaniyada istiqomat qilgan xalqlarda vujudga kelgan. O‘sha uzoq o‘tmishda odamlar qish vaqti o‘rmonda doimiy yam-yashil archa atrofiga to‘planishib, gulxan yoqishgan, qo‘shiq aytib, o‘yin-kulgi qilishgan. Yangi yil hamma xalqlarda birday 1-yanvardan boshlanmaydi. Ba'zi xalqlar vaqt hisobini Oy-Quyosh taqvimi bo‘yicha olib boradilar, shuning uchun yilning boshlanishi bir joyda kuzga to‘g‘ri kelsa, boshqa joyda qishga to‘g‘ri keladi. O‘rta Osiyo va yaqin Sharq xalqlarda Navro‘z bayrami qadimiy, ananaviy yangi yil bayrami hisoblanadi. Qadimgi rimliklarda mart yilning birinchi oyi hisoblangan, chunki bu vaqtda dala ishlari boshlangan. Yil 10 oydan iborat bo‘lgan, keyin oylar soni 2 ta ko‘paygan. Miloddan avval 46-yilda Rim imperatori Yuliy Sezar yilning boshlanishini 1-yanvarga ko‘chirdi. Uning nomi bilan atalgan Yuliy taqvimi butun Yevropaga tarqaldi. Shu tariqa yangi yil qish vaqtida kutish rasm bo‘ldi. Hijriy-shamsiy yil hisobi bo‘yicha yangi yil ko‘pchilik Sharq mamlakatlarida 21-marta kutiladi. Islomiy taqvim bo‘yicha esa yangi yil har yili 10-12 kun oldinga suriladi va muharram oyning 1-kuni yil boshi hisoblanadi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing!

Sharhlar

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив