Karib havzasi orol mamlakatlari 

10 602

Shimoliy  va  Janubiy  Amerika  materiklari  oralig‘ida,  Meksika qo‘ltig‘i  va  Karib  dengizi  bilan Atlantika  okeani  tutashgan  akvatoriyada  joylashgan  orollar  Xristofor  Kolumbning birinchi ekspeditsiyasi tomonidan 1492-yilda Amerika qit’asining dastlab ochilgan yerlari hisoblanadi.  Kolumb  unga Vest-Indiya,  ya’ni  "G‘arbiy  Hindiston”,  nomini  bergan.  Bu  hudud  keyinchalik  Amerikaning  bir  qismi  ekanligi aniqlangan bo‘lsa-da, mazkur nom hanuzgacha keng ishlatilmoqda. Vest-Indiya  uchta  yirik  arxipelagdan iborat:  Karib dengizining  shimoliy  chegarasi bo‘ylab cho‘zilgan  Katta Antil orollari  (eng yiriklari -  Kuba,  Gaiti,  Yamayka,  Puerto-Riko),  Karib  dengizining sharqiy  va janubi-sharqiy  chekkasidagi  Kichik  Antil  orollari  hamda  Katta  Antil  orol laridan  shimolda  joylashgan  Bagama  orollari.  Vest-Indiyaning umumiy  maydoni  245  ming  km.kv  atrofida  bo‘lib,  shundan  216  ming km.kv.ni  Katta Antil  orollari egallaydi.  Kichik Antil  va Bagama  orollarining maydonlari esa deyarli bir xil bo‘lib, har ikkala arxipelagga 14 ming km.kv.dan ziyodroq hudud to‘g‘ri keladi.
 
Vest-Indiya  orollarida  jami  13  ta  mustaqil  davlat  joylashgan.  Katta Antil orollarida Kuba, Gaiti, Dominikana Respublikasi va Yamayka davlatlari, Kichik Antil orollarida Antigua va Barbuda, Barbados, Grenada, Dominika, Sent-Vinsent va Grenadinalar, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Trinidad  va Tobago "mitti” davlatlari, Bagama  orollarida esa shu nomdagi  davlat  joylashgan.  Bundan  tashqari,  Vest-Indiyaning  siyosiy xaritasida  jami   bo‘lib  15  taga  yaqin,  Buyuk  Britaniya,  Fransiya,  Niderlandiya va AQSHning mustamlaka, dengizorti hududlari hamda o‘zini-o‘zi  boshqaradigan  hududlari  ham  mavjud.  Hududining  kattaligi  va aholisi  soni bo‘yicha  subregion davlatlari ichida birinchi  o‘rinda Kuba Respublikasi  turadi.  Mustaqil  bo‘lmagan  mamlakatlardan  maydoni  va aholisi  jihatidan  eng  yirigi  – AQSHga  tegishli  o‘zini-o‘zi  boshqaradigan  hudud  hisoblangan  Puerto-Rikodir.  Boshqaruv  shakli  jihatidan  10 ta  davlat respublika, 3 tasi esa Britaniya Hamdo‘stligi qirolliklari  (rasmiy davlat rahbari Buyuk Britaniya qirolichasi hisoblanadigan mustaqil konstitutsiyaviy  monarxiyalar)  hisoblanadi.  Kuba  –  zamonaviy  dunyo siyosiy  xaritasidagi  sotsialistik  respublika tuzumidagi  sanoqli davlatlardan biri.

Vest-Indiya  orollari  Karib  va  Shimoliy  Amerika  litosfera  plitalari to‘qnashgan  chegarada  joylashganligi  bois,  u  yerda  vaqti-vaqti  bilan kuchli  zilzilalar  sodir  bo‘lib  turadi.  Kichik  Antil  orollarida  harakatdagi vulqonlarni  ko‘p. Bunday tektonik tuzilishi tufayli Vest-Indiya orollarining  yer  yuzasi  tog‘lardan  iborat.  Tekisliklar  faqat  Kubada  katta maydon egallaydi. Orollarning qirg‘oqlari ko‘p joylarda kemalar turishi uchun  qulay  sharoitga  ega.  Foydali  qazilmalardan  asosan  boksit  (Yamayka, Dominikana Respublikasi), nikel va kobalt (Kuba) rudalari, osh tuzi  (Dominikana  Respublikasi)  sanoat  ahamiyatiga  ega.  Neft  ko‘proq Bagama orollari, hamda Trinidad va Tobago davlatlarida  qazib olinadi. Shuningdek,  Trinidad  orolida  tabiiy  asfalt  qazib  olinadigan  ko‘l  joylashgan.

Iqlimi tropik –  yil davomida issiq, lekin Atlantika okeanidan  doimo esib  turuvchi  passat  shamollari  tufayli  ancha  yumshoq  va  nam.  May oyidan  noyabrgacha  jazirama  va  seryomg‘ir  yoz  davom  etadi,  iliq  va nisbatan quruq qish esa noyabrning oxirida boshlanib, maygacha kuzatiladi. Aynan  tropik qish  fasli  dam  olish  uchun eng  yaxshi va yoqimli mavsum  bo‘lib,  eng  "qaynoq”  sayyohlik  davri  hisoblanadi.  Iqlimning salbiy  jihatlaridan  biri  –  kuchli  dovullarning  tez-tez  takrorlanib  turishidir.

Vest-Indiya  aholisining  umumiy  soni  43  mln  kishiga  teng  (2016-yil  holatiga).  Kuba  (11,2  mln),  Gaiti  (11,1  mln)  va  Dominikana  Respublikasi (10,6  mln). Mintaqa  aholisi  soni  bo‘yicha  yetakchilik  qiladi. huningdek, Puerto-Riko, Yamayka  hamda Trinidad  va  Tobago  davlatlarida  aholi soni 1 million kishidan ko‘p. Boshqa mamlakatlarning har birida aholi soni 500 mingga ham yetmaydi. 

Vest-Indiya  mamlakatlarining  aksariyatida  tug‘ilish  va  aholi  tabiiy ko‘payishi ko‘rsatkichlari o‘rtacha va past darajada. Gaiti va Dominikana Respublikasida tug‘ilish va tabiiy ko‘payish subregion bo‘yicha eng yuqori  bo‘lib,  aholi  soni  bu  davlatlarda  tez  sur’atlar  bilan  o‘sib  bormoqda. Ko‘p davlatlarda aholi soni o‘sishiga emigratsiyaning yuqoriligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, ayniqsa, aholisi AQSHga ommaviy tarzda ko‘chayotgan Puerto-Riko uchun xos holat.

Urbanizatsiya darajasi ko‘p davlatlarda yuqori (subregion bo‘yicha jami o‘rtacha 70 foiz), ammo ayrim "mitti” davlatlarda shahar aholisi salmog‘i ancha  past,  masalan,  Sent-Lyusiya,  Trinidad  va  Tobago  davlatlarida  20 foizga ham yetmaydi. Vest-Indiyadagi  eng  yirik  shaharlar  –  Kuba poytaxti  Gavana,  Dominikana  Respublikasi  poytaxti  Santo-Domingo,  Gaiti poytaxti Port-o-Prens va Yamayka poytaxti Kingston hisoblanadi.
Kuba  va  Puerto-Rikoda  aholisining  irqiy  tarkibida yevropaliklarning avlodlari  (kreollar),  Dominikana  Respublikasida  mulatlar,  boshqa  davlatlarda esa qora tanlilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Kuba va Dominikana  Respublikasida  davlat tili  ispan,  Gaiti  Respublikasida  fransuz,  qolgan davlatlarida esa ingliz tilidir. Karib dengizidagi orol mamlakatlar iqtisodiy geografik o‘rni, tabiiy sharoit va resurslari, aholi va mehnat resurslari omillari ta’sirida xalqaro mehnat  taqsimoti tizimida, asosan,  turizm,  tropik  ekinlarni yetishtirish, konchilik, yengil  va  oziq-ovqat  sanoati,  moliya-bank  xizmatlari  sektori kabi iqtisodiyot  tarmoqlariga  ixtisoslashgan. Aksariyat mamlakatlarning xo‘jalik ixtisoslashuvi tor, masalan, Trinidad  va Tobago, asosan, neftni qayta ishlash va ammiak ishlab chiqarishga, Grenada muskat yong‘og‘i  va  kakao  yetishtirishga,  Sent-Vinsent  va  Grenadina  esa  kraxmal  va sport  anjomlari  (xususan,  tennis  raketkalari)ni  ishlab  chiqarishga  ixtisoslashgan. Tashqi savdo aloqalari ko‘proq AQSH hamda Lotin Amerikasining boshqa davlatlari bilan amalga oshiriladi.

Ijtimoiy-iqtisodiy  rivojlanish  darajasiga  ko‘ra  Vest-Indiya  mamlakatlari  rivojlanayotgan  davlatlar  toifasiga  mansub.  Ammo  iqtisodiyotning rivojlanganligi  va  aholining  turmush  darajasi  bo‘yicha  mamlakatlar orasida keskin tafovutlar mavjud. Subregiondagi davlatlardan bu borada eng peshqadam davlatlar Barbados bilan Bagama orollari hisoblansa,  eng  qoloqlari  qatoriga  Dominika  va  ayniqsa,  Gaiti  Respublikasi kiradi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.