Karib havzasi orol mamlakatlari
Shimoliy va
Janubiy Amerika materiklari
oralig‘ida, Meksika qo‘ltig‘i va
Karib dengizi bilan Atlantika okeani
tutashgan akvatoriyada joylashgan
orollar Xristofor Kolumbning birinchi ekspeditsiyasi tomonidan
1492-yilda Amerika qit’asining dastlab ochilgan yerlari hisoblanadi. Kolumb
unga Vest-Indiya, ya’ni "G‘arbiy
Hindiston”, nomini bergan.
Bu hudud keyinchalik
Amerikaning bir qismi
ekanligi aniqlangan bo‘lsa-da, mazkur nom hanuzgacha keng ishlatilmoqda.
Vest-Indiya uchta yirik
arxipelagdan iborat: Karib
dengizining shimoliy chegarasi bo‘ylab cho‘zilgan Katta Antil orollari (eng yiriklari - Kuba,
Gaiti, Yamayka, Puerto-Riko),
Karib dengizining sharqiy va janubi-sharqiy chekkasidagi
Kichik Antil orollari
hamda Katta Antil
orol laridan shimolda joylashgan
Bagama orollari. Vest-Indiyaning umumiy maydoni
245 ming km.kv
atrofida bo‘lib, shundan
216 ming km.kv.ni Katta Antil
orollari egallaydi. Kichik
Antil va Bagama orollarining maydonlari esa deyarli bir xil
bo‘lib, har ikkala arxipelagga 14 ming km.kv.dan ziyodroq hudud to‘g‘ri
keladi.
Vest-Indiya orollarida
jami 13 ta
mustaqil davlat joylashgan.
Katta Antil orollarida Kuba, Gaiti, Dominikana Respublikasi va Yamayka
davlatlari, Kichik Antil orollarida Antigua va Barbuda, Barbados, Grenada, Dominika,
Sent-Vinsent va Grenadinalar, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Trinidad va Tobago "mitti” davlatlari, Bagama orollarida esa shu nomdagi davlat
joylashgan. Bundan tashqari,
Vest-Indiyaning siyosiy xaritasida jami
bo‘lib 15 taga
yaqin, Buyuk Britaniya,
Fransiya, Niderlandiya va
AQSHning mustamlaka, dengizorti hududlari hamda o‘zini-o‘zi boshqaradigan
hududlari ham mavjud.
Hududining kattaligi va aholisi
soni bo‘yicha subregion
davlatlari ichida birinchi o‘rinda Kuba Respublikasi turadi.
Mustaqil bo‘lmagan mamlakatlardan maydoni
va aholisi jihatidan eng
yirigi – AQSHga tegishli
o‘zini-o‘zi boshqaradigan hudud
hisoblangan Puerto-Rikodir. Boshqaruv
shakli jihatidan 10 ta
davlat respublika, 3 tasi esa Britaniya Hamdo‘stligi qirolliklari (rasmiy davlat rahbari Buyuk Britaniya
qirolichasi hisoblanadigan mustaqil konstitutsiyaviy monarxiyalar)
hisoblanadi. Kuba –
zamonaviy dunyo siyosiy xaritasidagi
sotsialistik respublika
tuzumidagi sanoqli davlatlardan biri.
Vest-Indiya orollari
Karib va Shimoliy
Amerika litosfera plitalari to‘qnashgan chegarada
joylashganligi bois, u
yerda vaqti-vaqti bilan kuchli
zilzilalar sodir bo‘lib turadi.
Kichik Antil orollarida
harakatdagi vulqonlarni ko‘p.
Bunday tektonik tuzilishi tufayli Vest-Indiya orollarining yer
yuzasi tog‘lardan iborat.
Tekisliklar faqat Kubada
katta maydon egallaydi. Orollarning qirg‘oqlari ko‘p joylarda kemalar
turishi uchun qulay sharoitga
ega. Foydali qazilmalardan
asosan boksit (Yamayka, Dominikana Respublikasi), nikel va
kobalt (Kuba) rudalari, osh tuzi
(Dominikana Respublikasi) sanoat
ahamiyatiga ega. Neft
ko‘proq Bagama orollari, hamda Trinidad va Tobago davlatlarida qazib olinadi. Shuningdek, Trinidad
orolida tabiiy asfalt
qazib olinadigan ko‘l
joylashgan.
Iqlimi
tropik – yil davomida issiq, lekin
Atlantika okeanidan doimo esib turuvchi
passat shamollari tufayli
ancha yumshoq va
nam. May oyidan noyabrgacha
jazirama va seryomg‘ir
yoz davom etadi,
iliq va nisbatan quruq qish esa
noyabrning oxirida boshlanib, maygacha kuzatiladi. Aynan tropik qish
fasli dam olish
uchun eng yaxshi va yoqimli mavsum bo‘lib,
eng "qaynoq” sayyohlik
davri hisoblanadi. Iqlimning salbiy jihatlaridan
biri – kuchli
dovullarning tez-tez takrorlanib
turishidir.
Vest-Indiya aholisining
umumiy soni 43
mln kishiga teng
(2016-yil holatiga). Kuba
(11,2 mln), Gaiti
(11,1 mln) va
Dominikana Respublikasi
(10,6 mln). Mintaqa aholisi
soni bo‘yicha yetakchilik
qiladi. huningdek, Puerto-Riko, Yamayka
hamda Trinidad va Tobago
davlatlarida aholi soni 1 million
kishidan ko‘p. Boshqa mamlakatlarning har birida aholi soni 500 mingga ham
yetmaydi.
Vest-Indiya mamlakatlarining aksariyatida
tug‘ilish va aholi
tabiiy ko‘payishi ko‘rsatkichlari o‘rtacha va past darajada. Gaiti va
Dominikana Respublikasida tug‘ilish va tabiiy ko‘payish subregion bo‘yicha eng yuqori bo‘lib,
aholi soni bu
davlatlarda tez sur’atlar
bilan o‘sib bormoqda. Ko‘p davlatlarda aholi soni
o‘sishiga emigratsiyaning yuqoriligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, ayniqsa,
aholisi AQSHga ommaviy tarzda ko‘chayotgan Puerto-Riko uchun xos holat.
Urbanizatsiya
darajasi ko‘p davlatlarda yuqori (subregion bo‘yicha jami o‘rtacha 70 foiz),
ammo ayrim "mitti” davlatlarda shahar aholisi salmog‘i ancha past,
masalan, Sent-Lyusiya, Trinidad
va Tobago davlatlarida
20 foizga ham yetmaydi. Vest-Indiyadagi
eng yirik shaharlar
– Kuba poytaxti Gavana,
Dominikana Respublikasi poytaxti
Santo-Domingo, Gaiti poytaxti
Port-o-Prens va Yamayka poytaxti Kingston hisoblanadi.
Kuba va
Puerto-Rikoda aholisining irqiy
tarkibida yevropaliklarning avlodlari
(kreollar), Dominikana Respublikasida mulatlar,
boshqa davlatlarda esa qora
tanlilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Kuba va Dominikana Respublikasida davlat tili
ispan, Gaiti Respublikasida fransuz,
qolgan davlatlarida esa ingliz tilidir. Karib dengizidagi orol
mamlakatlar iqtisodiy geografik o‘rni, tabiiy sharoit va
resurslari, aholi va mehnat resurslari omillari ta’sirida xalqaro mehnat taqsimoti tizimida, asosan, turizm,
tropik ekinlarni yetishtirish, konchilik,
yengil va oziq-ovqat
sanoati, moliya-bank xizmatlari
sektori kabi iqtisodiyot
tarmoqlariga ixtisoslashgan.
Aksariyat mamlakatlarning xo‘jalik ixtisoslashuvi tor, masalan, Trinidad va Tobago, asosan, neftni qayta ishlash va
ammiak ishlab chiqarishga, Grenada muskat yong‘og‘i va
kakao yetishtirishga, Sent-Vinsent
va Grenadina esa
kraxmal va sport anjomlari
(xususan, tennis raketkalari)ni ishlab
chiqarishga ixtisoslashgan.
Tashqi savdo aloqalari ko‘proq AQSH hamda Lotin Amerikasining boshqa davlatlari
bilan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish
darajasiga ko‘ra Vest-Indiya
mamlakatlari rivojlanayotgan davlatlar
toifasiga mansub. Ammo
iqtisodiyotning rivojlanganligi
va aholining turmush
darajasi bo‘yicha mamlakatlar orasida keskin tafovutlar mavjud.
Subregiondagi davlatlardan bu borada eng peshqadam davlatlar Barbados bilan
Bagama orollari hisoblansa, eng qoloqlari
qatoriga Dominika va
ayniqsa, Gaiti Respublikasi kiradi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.