Lotin Amerikasi 

20 010

Dunyoning yirik siyosiy-geografik mintaqalaridan biri – Lotin Amerikasi – Yerning G‘arbiy yarimsharida joylashgan bo‘lib, Amerika qit’asidagi AQSH, Kanada davlatlari va Grenlandiya orolidan tashqari barcha mamlakatlarni o‘z ichiga oladi. Aholisining aksariyat qismi qadimgi lotin tili negizida vujudga kelgan ispan va portugal tillarida so‘zlashayotganligi bois bu mintaqa Lotin Amerikasi deb ataladi. Lotin Amerikasining siyosiy xaritasida  hozirgi kunda  33 ta mustaqil davlat hamda qator  mustamlakalar mavjud. Uning  hududida  bir necha kichikroq  mintaqalar  ham  ajratiladi.  Jumladan, Shimoliy  Amerika  materigining  AQSHdan  janubdagi  qismi  va  Karib  dengizidagi orollarda joylashgan  davlatlar  O‘rta  Amerika  (Mezoamerika)  mintaqasini  tashkil etadi.  Bu  regiondagi  davlatlar  orasida  hududi,  aholisi  va  iqtisodiy salohiyati bilan Meksika  alohida  ajralib  turadi.  O‘rta  Amerikaning Meksikadan  boshqa  davlatlari Karib  dengizi  akvatoriyasi,  uning  tabiiy resurslari  va  transport  yo‘llari  bilan tarixan  chambarchas  bog‘liqligi  sababli,  Karib havzasi davlatlari  deb  ham yuritiladi. Materikda, Meksikadan janubi-sharqqa tomon joylashgan 7 ta davlat (Beliz, Gvatemala, Salvador,  Gonduras,  Nikaragua,  Kosta-Rika,  Panama)  Markaziy Amerika  deb nomlanadi.  Karib  dengizidagi  13  ta  orol  mamlakatlar, o‘z  navbatida,  Vest-Indiya umumiy  nomi  ostida  birlashtiriladi.  Janubiy Amerika materigida esa 12 ta mustaqil davlat va 1 ta mustamlaka (Fransiya Gvianasi) joylashgan. Janubiy Amerikada Lotin Amerikasidagi okeanga chiqish imkoniyati bo‘lmagan 2 ta davlat joylashgan bo‘lib, bular Boliviya va Paragvaydir.
 
Hududi  kattaligi  jihatidan  Braziliya  (jahon  mamlakatlari  orasida 5-o‘rin),  Argentina (8-o‘rin),  Meksika,  Peru,  Venesuela  va  Kolumbiya  ajralib  turadi.  Vest-Indiyada "mitti”  davlatlar  safiga  mansub  bir necha  davlatlar  joylashgan.  Lotin Amerikasidagi  aksariyat  davlatlarida prezidentlik  respublikasi  boshqaruv  shakli  joriy etilgan.  Vest-Indiyadagi ayrim kichik davlatlar hamda Markaziy Amerikada joylashgan Beliz Britaniya Hamdo‘stligi tarkibidagi  konstitutsiyaviy monarxiyalar bo‘lib, rasman ularning  davlat  rahbari  Buyuk  Britaniya  qirolichasi  Yelizaveta II hisoblanadi. Braziliya, Argentina, Meksika, Venesuela singari yirik davlatlar hamda Karib dengizidagi 2 ta kichik oroldan iborat Sent-Kits va  Nevis mamlakati  federativ davlat tuzilishiga ega. Mintaqaning  qolgan mamlakatlari unitar tuzilishga ega.
 
Lotin  Amerikasining  g‘arbiy  qismida  Kordilyera  va  And  tog‘lari bir  necha  ming kilometrga  cho‘zilgan.  Meksika,  Markaziy  Amerika davlatlari,  Kolumbiya,  Ekvador, Peru,  Boliviya,  Chili  mamlakatlarining  hududini  asosan  shu  tog‘lar  egallaydi. Venesuela  bilan  Paragvay davlatlari ham qisman And tog‘lari bilan band. Shuningdek, Karib  dengizidagi  orol  mamlakatlarining  yer  yuzasi  ham  ko‘proq  tog‘li ko‘rinishga ega. Braziliya, Argentina, Urugvay, Surinam, Gayana kabi davlatlar  hududi,  asosan, tekislik  va  parchalangan  yassi  tog‘liklardan iborat.  Kordil yera-And  tog‘lari  va Karib  dengizidagi  orollar  seysmik va  vulqonik  jihatidan  Yer  yuzidagi  eng  faol mintaqalar  qatoriga  kiradi.  Shuning  uchun  Lotin Amerikasidagi tog‘li mamlakatlarda kuchli  zilzilalar  vaqti-vaqti  bilan  sodir  bo‘ladi.  Masalan,  2010-yili  Chili, 2012-yili Gvatemala,  2010-yili  Gaitida  ro‘y  bergan  kuchli  zilzilalar falokatli ziyon yet kazgan edi. 
 
Lotin  Amerikasining  ba’zi  davlatlari  turli  foydali  qazilmalarining jahon  xo‘jaligi miqyosida  ahamiyatli  zaxiralariga  ega.  Jumladan, neft-gaz  resurslariga  Venesuela, Meksika,  temir  rudalariga  Braziliya, Kuba,  Venesuela,  boksit  (alyuminiy)  rudalariga Yamayka,  Braziliya, Venesuela,  Gayana,  Surinam,  misga  Chili,  Peru,  nikelga Kuba, litiy, qalay va  mineral tuzlariga Boliviya, tabiiy selitraga  Chili,  qimmatbaho  toshlarga Kolumbiya  boy  hisoblanadi.  Hududi  asosan  issiq  iqlim mintaqalarida  joylashganligi bois  Lotin Amerikasi  agroiqlim  resurslariga boy, dehqonchilik ishlari esa bu yerda yil bo‘yi davom etadi. Lekin  O‘rta  Amerikada  tropik  to‘fonlar  tez-tez  sodir  bo‘lib, aholi va  xo‘jalikka katta  ziyon  yetkazadi. Iqlimi  sernamligi  hisobiga Lotin Amerikasi suv  va  gidroe nergiya  resurslari  bilan  yaxshi  ta’minlangan. Mintaqadagi qator davlatlar  o‘rmon  resurslariga  juda  boy, bu  borada Braziliya, Kolumbiya, Venesuela yetakchi hisoblanadi.
 
Lotin Amerikasi davlatlarida, 2017-yil holatiga, jami 650 millionga yaqin  aholi yashaydi,  va  bu Yer  shari  aholisining  8,5  foizini  tashkil qilmoqda. O‘tgan asrda Lotin Amerikasida aholining tabiiy ko‘payishi "demografik  portlash”  bosqichini kechirib, mintaqa  aholisi  va  uning jahon  aholisi  tarkibidagi  ulushi  yuqori  sur’atlar  bilan o‘sib  kelgan. Hozirgi  davrga kelib  esa, Lotin Amerikasi mamlakatlari tug‘ilish darajasi asta-sekin  pasayishi  bilan  tavsifl anadigan  demografik  o‘tishning  3-bosqichini kechirmoqda. Kuba, Urugvay  va Argentina esa demografik  o‘tish  jarayonini  yakunlab, aholi  tabiiy  ko‘payishining  past darajasi  bilan ajralib turibdi.
 
Aholi  soni  jihatidan  mintaqada  Braziliya  (206  mln,  2016-y.,  jahon  bo‘yicha  5-o‘rin)  va  Meksika  (121  mln,  2015-y.,  jahon  bo‘yicha 11-o‘rin) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Kolumbiya, Argentina, Venesuela  va  Peru  kabi  mamlakatlarning  aholisi soni  20–50  mln  kishi oralig‘ida. Shu vaqtning o‘zida, Vest-Indiyadagi ayrim "mitti” orol davlatlarida aholi soni 0,5 mln kishiga ham yetmaydi. 
 
Lotin  Amerikasi  aksariyat  davlatlari  yuqori  urbanizatsiyalashgan mamlakatlar guruhiga  mansub.  Xususan,  shaharlashuv  ko‘rsatkichi Argentina,  Venesuela  va Urugvayda  90  foizdan,  Braziliya  va  Chilida  80  foizdan  oshadi.  Lotin Amerikasining  Mexiko,  San-Paulu, Rio-de-Janeyro, Lima, Buenos-Ayres, Santa-fe-de-Bogota singari eng yirik shaharlari  negizida  jahon  miqyosida  eng  yiriklari  qatorida joy  olgan shahar  aglomeratsiyalari  vujudga  keldi.  Lekin  bu  "gigant”  shaharlarda millionlab odamlar qishloq joylardan kelib, juda katta maydonlarni egallagan  xarob massivlarda  turmush  kechirmoqda.  Masalan,  Braziliyaning  Rio-de-Janeyro  va  San-Paulu  shaharlaridagi  Favela  deb  ataladigan  bunday  kvartallar  odatda  "soxta” urbanizatsiyaning  tipik  misollari  tariqasida  keltiriladi. Bunday, shartli ravishdagi shahar joylarida ijtimoiy va ekologik muhit muammoli bo‘lishi  tabiiy hol.
 
Lotin  Amerikasi  aholisining  hozirgi  irqiy  tarkibi  xilma-xil  bo‘lib, asosan, Yevropa mustamlakachiligi  davrida  shakllangan.  Bu mintaqada yevropaliklar avlodlari (kreollar), qora tanlilar, amerikalik hindular hamda metislar, mulatlar va sambolar singari aralash irq vakillari yashaydilar.  Lotin  Amerikasining  tub  aholisi  mongoloid irqiga  mansub amerikalik hindular hisoblanadi. 
 
Lotin  Amerikasi  davlatlarining  ko‘pida  davlat  tili  sifatida  ispan  tili  qabul qilingan.  Hududining  maydoni  va aholisi  soni  bo‘yicha  subregionda yetakchi bo‘lgan Braziliyada  davlat  tili  va  muomaladagi asosiy til –  portugal  tili. Gaiti, Gviana  va ayrim  orol  mamlakatlarida  davlat tili  fransuz,  Janubiy  Amerikadagi Gayana, Markaziy  Amerikadagi  Beliz  hamda  Vest-Indiya ning  qator  mamlakatlarida esa  bu funksiyani  ingliz  tili  bajaradi.  Shuningdek, Janubiy Amerikadagi Surinam davlatida va Karib dengizidagi ba’zi mamlakatlarda niderland (golland) tili keng qo‘llaniladi. Lotin Amerikada  Rim-katolik  cherkovi  nasroniylari  ko‘pchilikni  tashkil qiladi  va  bu  mintaqa  katoliklar  soni  bo‘yicha  dunyoda  yetakchidir. Inglizzabon mamlakatlarida protestantlik, "Gviana uchburchagi” mamlakatlarida esa induizm va islom dinlari keng tarqalgan. 
 
Lotin  Amerikasi  mamlakatlari  aholisi,  asosan,  ikki  xil  hududlarda – Atlantika okeani  va  Karib  dengizi  qirg‘oqbo‘yi  tekisliklari  hamda Kordilyera-And  tog‘larining ichki  rayonlarida  mujassamlangan.  Aholining  bunday joylashuvi  tabiiy  sharoit, ayniqsa,  iqlim  qulayligiga  mos ravishda tarixan shakllangan. Meksika, Peru, Kolumbiya, Ekvador kabi mamlakatlar aholisining  aksariyat  qismi  yuqori balandlikdagi tog‘li rayonlarda yashashi bilan ajralib turadi. Bu borada o‘ziga xos "geografik rekord” aholisining yarmidan ortig‘i 3300–3800 metr mutlaq balandlikka  ega Altiplano yassitog‘ligida  joylashgan  Boliviya  davlatiga  tegishli. Uning  poytaxti  –  La-Pas shahri  –  dunyodagi  eng  yuqori  balandlikda joylashgan poytaxt hisoblanib, bunday relyef sharoitida  shakllangan jahondagi  yagona  "millioner”  shahardir.  Braziliya, Urugvay,  Argentina, Venesuela  va,  ayniqsa,  orol  davlatlarida,  o‘z  navbatida, aholi, asosan, okean va dengizga tutash tekisliklarda mujassamlangan.
 
Lotin  Amerikasi  mamlakatlari  xalqaro  ixtisoslashuvi,  eng  avvalo, yoqilg‘i, konchilik, metallurgiya  sanoati  hamda  ko‘p  tarmoqli  qishloq xo‘jaligi  bilan  bog‘liq.  Hozirgi davrda  ayrim  mamlakatlar  uchun  mashinasozlik  ham  muhim  ishlab  chiqarish tarmog‘iga  aylandi.  Yoqilg‘i sanoatida  asosiy  eksportbop  ahamiyat  neft  va neftni qayta  ishlash  sanoatiga tegishli bo‘lib, iqtisodiyotning bu tarmog‘i, eng avvalo, Venesuela  bilan  Meksikada yuqori darajada  rivojlangan.  Shuningdek, Ekvador, Boliviya davlatlarida  ham neft-gaz sanoati rivojlanib bormoqda. Oxirgi yillarda Lotin  Amerikasi  mamlakatlarining  umumiy  eksporti  tarkibida neft  va  neft mahsulotlari  ulushi  20  foizdan  ko‘proq  bo‘lmoqda.  Lotin Amerikasi mamlakatlariga jahon yoqilg‘i eksporti umumiy hajmining 8 foizga yaqin qismi to‘g‘ri keladi.
 
Mintaqa mamlakatlarida konchilik va metallurgiya sanoati  ham  yaxshi  rivojlangan. Braziliya  jahon  mamlakatlari orasida temir  rudani qazish  va  eksport  qilish bo‘yicha yetakchi  o‘rinlardan  birini  egallaydi. Shuningdek,  Braziliya  marganes,  alyuminiy, mis,  uran  rudalarini  qazib  olishga  ham  ixtisoslashgan.  Juda  yirik  GESlarning qurilishi  hisobiga Braziliyadagi metallurgiya korxonalari arzon elektrenergiyasi bilan ta’minlandi  va  bu  ishlab  chiqarish  tarmog‘i  mamlakatda  tobora rivojlanmoqda.  Lotin  Amerikasi  metallurgiya  sanoati  mahsulotlari umumiy eksportining  eng  katta  qismi  misga  to‘g‘ri  keladi.  Bu  metallni  qazish va eritish sanoati, ayniqsa, Chili va Peru uchun katta iqtisodiy  ahamiyatga ega. Boliviyada qalay, surma, kumush va turli nodir metallarning qazish  sanoati  yaxshi  rivojlanib, mamlakatning  xalqaro  ixtisoslashuvini ko‘p  jihatidan belgilaydi.  Kuba  esa  dunyo bo‘yicha  nikel va kobalt metallarini ishlab chiqarishda yetakchi mamlakatlar qatorida joy olgan.
 
Mashinasozlik  sanoati,  asosan,  Braziliya,  Meksika  va  Argentinada yaxshi rivojlangan  bo‘lib,  jahon  xo‘jaligi  miqyosida  ko‘proq  avtomobilsozlik,  elektronika va  elektrotexnika  tarmoqlariga  ixtisoslashgan.  Bu mamlakatlar  uchun  yengil avtomobillar  eng  asosiy    eksportbop  mahsulotga  aylangan.  Lotin  Amerikasining eng  yirik  davlatlarida  mashinasozlikning  yaxshi  rivojlanishi  uchun  metallurgiya bazasining  yaxshi rivojlanganligi, arzon va nisbatan malakali ishchi kuchi, yirik ichki bozorining mavjudligi, rivojlangan davlatlar, eng avvalo, AQSHning yirik korporatsiyalari bilan hamkorligi muhim sanaladi. 
 
Qishloq  xo‘jaligi  ham  Lotin  Amerikasi  mamlakatlarning  xalqaro ixtisoslashuvini ko‘p jihatdan  belgilaydi.  Shakarqamish,  kofe,  banan, kakao, soya  va  paxta yetishtirish Lotin Amerikasi  mamlakatlari qishloq  xo‘jaligining  eksportga  yo‘naltirilgan  eng muhim  tarmoqlari  hisoblanadi.  Shakarqamish  ko‘proq  Vest-Indiya  orollari  hamda Janubiy Amerikaning  shimoliy  hududlarida  issiq  va  fasliy  nam  iqlim  sharoitida yetishtiriladi. Ayniqsa, Braziliya  va Kuba iqtisodiyoti uchun shakarqamish yetishtirish va eksport qilish juda katta ahamiyatga ega. Bu ikki davlat shakar eksporti bo‘yicha dunyo bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. 
 
Kofe  eksporti  bo‘yicha  jahonda Braziliya  yetakchilik  qiladi. Braziliya yassitog‘ligining janubi-sharqiy  yonbag‘irlarida  kofe  plantatsiyalari  katta maydon  egallaydi. Meksika qo‘ltig‘i  va  Karib  dengiziga  ro‘para  bo‘lib  turgan  Meksika, Markaziy Amerika  davlatlari  va  Kolumbiyaning tog‘  oldi  (500–1500  m)  hududlarida 
ham  kofe  yetishtirishga  ixtisoslashgan yirik  qishloq  xo‘jalik  rayonlari  shakllangan. Bu  yerda  yetishtiriladigan  "arabika”  navli  kofe  jahon  bo‘yicha eng sifatli va qimmatbaho hisoblanadi. 
 
Banan  Lotin  Amerikasiga  Osiyodan  olib  kelinib,  o‘tgan  asrning boshida Markaziy Amerika davlatlarida eng asosiy qishloq xo‘jalik ekiniga aylandi.  Hozirgi  kunda Braziliya,  Ekvador,  Kosta-Rika,  Meksika, Kolumbiya eng ko‘p banan yetishtiradi, bananlarni eksport qilishda esa Ekvador  va  Kosta-Rika  peshqadamlik  qiladilar. Banan plantatsiyalari ko‘proq Tinch okeani qirg‘oqlarida joylashgan. 
 
Soya  yetishtirish va  eksport qilish  bo‘yicha Lotin Amerikasi davlatlari  ichida Braziliya, Paragvay va Argentina, kakao Braziliya, Ekvador va Dominikana Respublikasida, paxta esa Braziliya, Paragvay, Meksika va Argentina tomonidan ko‘p eksport qilinadi.
 
Lotin Amerikasining yana bir yirik qishloq xo‘jalik rayoni – Argentinadagi Pampa deb ataladigan dasht yerlaridir. Argentina Pampasi uchun tekis  relyef,  issiq  va  nam subtropik  iqlim,  serhosil  qora tuproq  xosligi  bois,  bu hudud  donchilik va go‘sht chorvachiligi uchun juda qulay sharoitga  ega.  Shu  rayondagi fermer xo‘jaliklarining hisobiga Argentina  bug‘doy,  makkajo‘xori  va  go‘shtning  jahon  bo‘yicha  yetakchi eksportyorlaridan biriga aylangan. 
 
Xalqaro  dengiz  transport  tizimida  alohida  o‘rin  tutadigan  Panama kanali  ikkita materik, ya’ni Shimoliy va Janubiy Amerikada joylashgan Panama davlati hududidan o‘tadi. Bu kanal Atlantika okeani havzasiga tegishli Karib dengizi  bilan Tinch  okeanini tutashtiradigan, eng serqatnov dengiz  yo‘llardan  biri  hisoblanadi.  Panama  davlati, o‘z navbatida, dengiz  kompaniyalari  uchun  past  stavkadagi  soliqlarni  joriy  qilib, jahon bo‘yicha eng katta dengiz fl otiga ega mamlakatga aylandi. Bunga, asosan, xorijiy  transport  kompaniyalarning  rasman  Panamada  ro‘yxatdan o‘tganligi hisobiga erishilgan.
 
Ma’lumki,  Lotin  Amerikasi  davlatlari  rivojlanayotgan  mamlakatlar blokiga  mansub. Mintaqa  umumiy  YIMning  2/3  qismi  to‘g‘ri  keladigan Braziliya, Meksika va Argentina tayanch rivojlanayotgan davlatlar guruhiga kiradi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va aholi turmush darajasining  nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari mintaqa mamlakatlari orasida  Chili,  Urugvay,  Barbados va  Bagama  orollariga  xos. Mintaqaning eng sust rivojlangan davlati esa Gaiti Respublikasi hisoblanadi. Iqtisodiy geografik o‘rni, ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, xalqaro ixtisoslashuvi,  aholining irqiy, etnik va  din  tarkibi xususiyatlari  hamda  davlatlararo  iqtisodiy  integratsiya  jarayonlarini hisobga  olgan holda,  Lotin Amerikasi quyidagi 7 ta subregionga ajratiladi:
- Meksika;
- Markaziy Amerika (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikara-
gua, Kosta-Rika, Panama);
- Vest-Indiya (Karib dengizidagi orol mamlakatlar);
- And mamlakatlari (Venesuela, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Boliviya, 
Chili);
- "Gviana uchburchagi” (Gayana, Surinam, Fransiya Gvianasi);
- Braziliya;
- La-Plata mamlakatlari (Argentina, Urugvay, Paragvay).

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.