Urbanizatsiya jarayonining global va regional jihatlari 

20 417

Ma’lumki, urbanizatsiya (lotincha urb – "shahar”) – bu shaharlar va shahar aholisining o‘sish,  shahar  turmush tarzining  keng tarqalish  jarayonidir.  Shaharlar  eng  qadimgi  davrlarda  vujudga  kelib,  qishloqlar  bilan birgalikda aholi manzilgohlarining ikkita asosiy turidan birini tashkil qiladi. Shaharlar tarixan ijtimoiy  mehnat taqsimoti  natijasida paydo bo‘lgan va rivojlangan. Qadimgi davrlarda shaharlar hunarmandchilik, savdo-sotiq, ma’muriy boshqaruv,  mudofaa ishlari, diniy  ibodatxona va ziyoratgohlar 
negizida vujudga kelgan. Tarixdan ma’lumki, bir necha ming yillar avval Yer  yuzida  Fiva,  Bobil  (Vavilon),  Ur,  Afina,  Rim,  Iskandariya,  Karfagen,  Moxenjo-Daro,  Samarqand  (Marokand)  kabi  yirik  shaharlar  mavjud bo‘lgan. Ammo  haqiqiy shaharlashuv jarayoni qizg‘in  sur’atlar bilan faqat XIX asrda, dastlab Yevropada, keyinchalik esa Shimoliy Amerikada boshlandi. Bu hodisa G‘arb davlatlarida o‘sha paytda ro‘y bergan sanoat inqilobining  natijasi  bo‘ldi.  Dunyoning  rivojlanayotgan  mamlakatlarida esa  urbanizatsiya jarayonlari XX asrning o‘rtalarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi ijobiy o‘zgarishlar tufayli boshlandi va hozirgi kungacha yuqori sur’atlar bilan davom etmoqda. 

Oxirgi  200  yil  davomida  dunyo  aholisida  shahar  aholisining  ulushi muntazam  ravishda  o‘sib  borgan.  1800-yilda  insoniyatning  taxminan 3  % i shahar joylarida istiqomat  qilgan edi.  1900-yilga  kelib bu raqam 14 % gacha ko‘tarildi. Yarim asrdan so‘ng, 1950-yilda jahon urbanizatsiya darajasi 29 % ni tashkil etdi, 1990-yilda bu ko‘rsatkich 45 %, 2001-yilda – 47  % ga  yetadi. 2010-yilga  kelib  Shaharliklarning jahon aholisi tarkibidagi ulushi 50 % dan ortdi va hozirgi kunda u 54 % ga teng.

Urbanizatsiya jarayoni 3 ta asosiy bosqichdan o‘tib rivojlanadi. 
I. Shakllanayotgan urbanizatsiya bosqichida shahar aholisining ulushi 50  %  dan  past bo‘lib,  yangi  shaharlar  vujudga  keladi,  ayrim  qishloq joylar  shahar  manzilgohlari toifasiga  o‘tib  ketadi.  Ayniqsa,  yirik  shaharlar  tez  o‘sishni  boshlaydi.  Bunda eng  yirik shahar boshqalarga  nisbatan ancha ilgarilab ketadi. Eng  yirik  shaharlarning o‘sishi ayrim  hollarda "soxta” urbanizatsiya tarzida, ya’ni shahar chekkalarida qishloqdan ko‘chib  kelgan  past  daromadli  aholi  uy-joylarining  zichlashib borishi ko‘rinishida kechadi. Hozirda Osiyo va Afrikadagi qator rivojlanayotgan mamlakatlar urbanizatsiyaning ana shu bosqichini kechirmoqdalar. 

II.  Rivojlangan urbanizatsiya  bosqichi  "millioner”  shaharlarning yuqori  sur’atlar  bilan  o‘sishi  hamda  yirik  shaharlar  atrofida  aglomeratsiyalarning  vujudga  kelishi  bilan  tavsifl  anadi.  Shaharliklarning  jami aholidagi ulushi 50 % dan ortib ketadi, yangi shaharlar deyarli vujudga kelmaydi, mavjud shaharlar esa, ayniqsa, yiriklari tez rivojlanadi, shahar manzilgohlarining tizimlari shakllanib boradi. Urbanizatsiyaning bu bosqichi  Sharqiy Yevropa,  MDH  davlatlari,  Lotin Amerikasi,  Shimoliy Afrika, Janubi-g‘arbiy Osiyo, Okeaniyadagi ko‘p mamlakatlarga xos.

III. Yetuk urbanizatsiya bosqichi Yevropaning eng rivojlangan davlatlari, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yaponiya, Isroilda kuzatilmoqda. Bunda  aholi  yirik  shaharlarning markazlaridan  asta-sekin  shahar  atrofiga ko‘chib  boradi,  lekin  shaharda  ishlash, o‘qish,  turli  faoliyat  yuritishni  davom  ettiradi.  Natijada  shaharlar  markazlari, asosan,  tadbirkorlik, bank-moliya  sektori,  boshqaruv  sohalarining  rivojlanish maskanlariga aylanib, aholi yashash massivlari esa tobora markazdan uzoqla shib boraveradi. Bunday ijtimoiy-geografik jarayon suburbanizatsiya deb ataladi.  Transport va  aloqaning  zamonaviy  texnologiyalari  rivojlangan  sari urbanizatsiyaning  bu bosqichida  shahar  iqtisodiyoti  tarmoqlari  va  shahar  turmush  tarzi  qishloq joylarda  ham  keng  tarqalib  boradi,  natijada shahar  va  qishloqlardagi  yashash sharoiti  tobora  yaqinlashadi,  ya’ni, qishloq  joylar  rasman o‘zining qishloq  maqomini saqlab tursada,  aslida, tub ma’noda shaharlashib ketadi. Shahar bilan qishloq joylar orasidagi  ijtimoiy-iqtisodiy  farq  va  chegaralarning  yo‘qolib  borish  jarayoni rurbanizatsiya atamasi bilan yuritiladi.
Dunyo va yirik regionlarning urbanizatsiya darajasi (2016-yil)
 
 № Hududlar   Urbanizatsiya
 1  Dunyo   54 
 2  Rivojlangan davlatlar  78 
 3  Rivojlanayotgan davlatlar  49 
 4  Yevropa  74
 5  Osiyo   48 
  6   Afrika   41 
 7  Shimoliy Amerika (AQSH va Kanada)   81 
  8   Lotin Amerikasi   80 
  9   Avstraliya va Okeaniya   70 

Demak, jahon mamlakatlarida urbanizatsiya jarayoni turli bosqichlarida  rivojlanib  bormoqda  va  bu,  birinchi  navbatda,  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan belgilanadi. Yevropa, Shimoliy Amerika, Lotin Amerikasi, Avstraliya  va Okeaniya kabi  yirik  mintaqalardagi davlatlarda urbanizatsiya ko‘rsatkichi o‘rtacha hisobda 70 foizdan oshgan.  Bu  borada,  ayniqsa,  Islandiya,  Buyuk  Britaniya,  Belgiya, Daniya,  Niderlandiya,  Avstraliya,  Yangi  Zelandiya,  Argentina,  Venesuela  kabi  shaharlashuv  darajasi  90  foizdan  yuqori  bo‘lgan  davlatlar ko‘zga tashlanadi.

Jahon  aholisining  60  foizi  va  dunyodagi  shaharliklarning yarmi  yashaydigan Osiyo qit’asida  urbanizatsiyaning  umumiy  darajasi  birmuncha  pastroq,  50  foiz atrofida bo‘lib,  o‘sishi  davom  etmoqda. Afrikada esa urbanizatsiya ko‘rsatkichi  40  foizdan sal ko‘proq.  Lekin har  ikkala qit’ada ham yuqori urbanizatsiyalashgan mamlakatlar bor. Jumladan, Osiyoda bu borada Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil, Fors qo‘ltig‘i arab mamlakatlari, Tailand, Afrikada esa Liviya, Jazoir, Misr, Marokash, JAR kabi  davlatlar ajralib  turibdi.  Shu  bilan  birga,  Butan,  Burundi,  Malavi,  Uganda,  Chad, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda urbanizatsiya darajasi  25  foizga  ham yetmaydi. Ammo  oxirgi yillarda  shahar  aholisining umumiy soni va jahon aholisidagi ulushi aynan Osiyo va Afrika davlatlarida kechayotgan urbanizatsiya jarayonlari hisobiga ko‘paymoqda.  Bunda  eng  salmoqli  hissa  shaharlari  ancha  yuqori  sur’atlar  bilan o‘sib borayotgan Xitoy va Hindiston davlatlariga tegishli.

Jahon  urbanizatsiyasining  hozirgi  bosqichida  xalqaro  savdo-iqtisodiy  va  bank-moliya  munosabatlari  rivojlanishi,  transmilliy  korporatsiyalar  faoliyati  doirasining kengayishi,  zamonaviy  transport  va  aloqa tarmoq lari  vujudga  kelganligi  hisobiga ayrim  juda  yirik  shaharlarning ta’sir  doirasi  joylashgan  davlati  bilan  chegaralanib qolmasdan,  boshqa mamlakat va mintaqalar,  ba’zan esa  jahonni  qamrab  olmoqda. Bunday shaharlarning  aholisi  soni  bir  necha  million  kishiga  teng  bo‘lib, yirik transmilliy  korporatsiyalar  va  xalqaro  tashkilotlar  qarorgohlari,  dunyodagi eng yirik port, sanoat korxonalari, bank, moliyaviy jamg‘arma va birjalar  joylashganligi bilan  boshqa  shaharlardan  ajralib  turadilar.  Shu toifadagi  shaharlarga  nisbatan global  (yoki  jahon) shaharlari atamasi qo‘llaniladi. Global shaharlar qatoriga, eng avvalo, Nyu-York, London, Tokio, Shanxay, Gonkong, Parij, Dubay, Singapur kabi savdo-moliyaviy va  transport  salohiyati  o‘ta  katta  shaharlar  kiritiladi.  Global  shaharlar safi   borgan  sari  kengaymoqda,  ularning  ta’sir  doirasi  esa  barcha  qit’a va ularning yirik qismlarini qamrab olishga intilmoqda.  

Urbanizatsiya  jarayonlari  ijtimoiy-iqtisodiy  taraqqiyotning  ajralmas qismi va ularning bevosita hosilasi bo‘lib, qator muammolarni ham keltirib  chiqarmoqda.  Bu  muammolarning  qamrovi keng bo‘lib,  ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy, tibbiy,  madaniy, ma’naviy-axloqiy jihatlar bilan  tavsiflanadi.  Bunda  ishlab  chiqarish  atrof-muhitga  o‘tkazadigan  bosimining kuchayishi,  suv ta’minotidagi kamchiliklar, transport  tarmoqlariga me’yoridan  ortiq  yuk tushayotgani,  shahar turmush  tarzi  bilan  bog‘liq 
kasalliklarning tarqalishi, jinoyatchilikning ortishi va boshqa muammolar eng  dolzarb  hisoblanadi.  Demak,  jahon  urbanizatsiyasining  zamonaviy bosqichi  miqdor  va  sifat  xususiyatlari,  shuningdek,  turli  ko‘rinishdagi muammoli jihatlari bilan tavsiflanadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.