4-oktyabr Butunjahon hayvonot olamini himoya qilish kuni 

5 767

4-oktabrda barcha hayvonot olamini sevuvchilar uchun bayram hisoblanadi.1931 yil Florepsiya shahrida  bo’lib o’tgan tabiatni himoya qilish tarafdorlari xalqaro kongressida har yili 4-oktyabrni Butunjahon hayvonot olamini himoya qilish kuni sifatida nishonlash to’g’risida qaror qabul qilingan.
Hayvonot olami tabiatning bizga in'om etgan bebaho boyliklaridan biridir. U tabiiyligi bilan atrof muhitning kurki hisoblanibgina qolmay balki iqtisodiy-moddiy extiyojlarni qondirishda ham muhim o'rin tutadi.

Hayvonot olamini muhofaza qilish deganda har bir fuqaro yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxslar hamda chet el fuqarolarining hayvonot olami ob'ektlarini asrash va "Qizil kitob"ga kiritilgan yovvoyi hayvonlarning kamyob yoki yo'qolib ketish xavfi ostida bo'lgan turlarini o'zining onglilik darajasiga ko'ra uni kelajak avlodga yetkazishni burch deb bilishi va himoya etishidir. Demak, hayvonot olami ob'ektlarini muhofaza qilishda va tabiatni asrashdagi ma'sullik va madaniyatning o'rni nihoyatda katta va alohida ahamiyat kasb etadi.

 4-oktabr Xalqaro qushlarni kuzatish bayrami
Oktyabr oyining 1-yakshanbasida sayyoramiz bo’ylab xalqaro qushlarni kuzatish bayrami nishonlanadi. Bu kunda yuzlab odamlar tabiatdagi qushlarni kuzatish maqsadida o’rmonlar, parklar, yaylov, dengiz va daryo qirg’oqlariga boradilar. Ushbu ekologik aksiya yer ahli uchun dam olishning yangi turi sifatida yaratilgan. U birinchi bor 1993-yilda Xalqaro qushlarni himoya qilish assotsiatsiyasi tashabbusi bilan o’tkazilgan. Bugungi kunda bu aksiya dunyoning 100 dan ortiq davlatlarda yuzminglab qushlarni sevuvchilar ishtirok etadilar. Tadbir tashkilotchilari oldilariga qo’ygan maqsadlari 2 ta: Birinchisi: ijtimoiy maqsad – insonlarni e’tiborini qushlar olami va ularning yashash joylarini saqlab qolishga qaratilgan. Ikkinchisi: ilmiy maqsad – qush turlarining sonini baholash va ularning uchib o’tgan yo’lini aniqlash imkonini beruvchi lipratsiya (ko’chib o’tish, ko’chish) haqidagi yangi ma’lumotlarni olish. Qushlarni kuzatish kuni ishtirokchilarining asosiy vazifasi – maxsus varaqda ma’lum vaqt oralig’ida barcha ko’rgan qushlarini qayd qilish va ushbu varaqni tegishli tashkilotlarga yuborish. Qushlarni hamma yerda kuzatish va qayd qilish mumkin, masalan: ko’chalarda, parkda, shahardan tashqarida, o’rmonda. Ko’pgina davlatlarda hattoki milliy musobaqalar ham o’tkaziladi. Ularda qushlarni eng ko’p uchratgan va qayd qilgan qatnashchilar g’alaba qozonadi.

Butunjahon koinot haftaligi 
1999-yil 6-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan kosmos fani va texnikasining bashariyat farovonligini yanada yaxshilashga qo'shayotgan hissasini nishonlash maqsadida har yilning 4-oktyabrdan 10-oktyabrgacha bo'lgan davrini Butunjahon kosmos haftasi, deb e'lon qilindi.

 Ushbu sanalar 1957-yil 4-oktabr kuni Yerning birinchi sun'iy yo'ldoshi «Sputnik I» uchirilgan hodisa hamda 1967-yil 10-oktabr kuni «Davlatlar tomonidan kosmosni, jumladan Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va foydalanish bo'yicha olib boriladigan faoliyat tamoyillari to'g'risidagi shartnoma» («Kosmos to'g'risida»gi shartnoma) kuchga kirgan kunni esga olishga sabab bo'ladi.

 Butunjahon kosmos haftasini joriy etish g'oyasi ilk bor BMTning kosmos bo'yicha 3-Butunjahon konferensiyasida ilgari surilgan. Ushbu forumda Marokash Qirolligi delegatsiyasi AQSh kosmik ekspeditsiyasining Oyga qo'ngan sana – 20-iyulni Butunjahon kosmos kuni, deb e'lon qilish taklifini kiritdi. Marokash taklifi jahon davlatlari delegatsiyalari tomonidan har xil qabul qilindi. Aksariyat delegatsiyalar atayin joriy etiladigan Butunjahon kosmos kunini e'lon qilish g'oyasini qo'llab -quvvatladi, biroq zikr etilgan sana keng munozara kelib chiqishiga sabab bo'ldi. Jumladan, Rossiya delegatsiyasi mulohaza yuritilayotgan g'oyani umuman ma'qullagan holda 20-iyul kunini tarixiy nuqtai nazardan qaralganda adolatdan bo'lmaydi deb topib, ushbu sanaga rozilik bermadi. Kosmos davri, insoniyat tarixida, 1957-yilning 4-oktyabridan Yerning birinchi sun'iy yo'ldoshi ilk bor kosmosga uchirilgan sanadan boshlanadi. Binobarin, bunday dalilni inobatga olgan Rossiya delegatsiyasi Marokash delegatsiyasining taklifiga tuzatish kiritib, aynan 4-oktyabr sanasini Butunjahon kosmos kuni, deb e'lon qilishni taklif qildi. Rossiyaning taklifi Belorussiya, Qozog’iston, O'zbekiston, Xitoy, Hindiston, Kuba, Janubiy Afrika Respublikasi va bir qator boshqa davlatlar tomonidan faol qo'llab-quvvatlandi.

 Ayrim boshqa davlatlar tomonidan muqobil, xususan, Butunjahon kosmos kuni sifatida 10-oktyabr sanasini, ya'ni «Kosmos to'g'risidagi shartnoma» kuchga kirgan kunni nishonlash taklifi kiritildi. Germaniya Federativ Respublikasining vakili esa mazkur masala BMTning Kosmos bo'yicha qo'mitasi tomonidan atroflicha ko'rib chiqilishi lozimligini ta'kidlab o'tdi.

 Muzokara rosa avj olgan fursatda Eron vakili kutilmagan taklifni o'rtaga tashladi. Jumladan u, Butunjahon kosmos kunini emas, Butunjahon kosmos haftasini, ya'ni 4-oktyabrdan boshlanib, 10-oktyabrda yakunlanadigan haftani nishonlash taklifini kiritdi. Mutlaqo kutilmagan bunday taklif aksariyat davlatlarning vakillari tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
 Butunjahon kosmos haftasini nishonlash taklifi shu kuni bir ovozdan qabul qilindi.


1966-yil 4-oktabr – Lesoto Qirolligining milliy bayrami.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.