Angliya-Amerika geosiyosati rivojlanishining asosiy yo`nalishlari 

8 433

  Geosiyosat rivojlanishidagi uchinchi bosqichning boshlanish davri dunyo geostrategik holatini tubdan o‘zgartirishi bilan ifodalandi. Ushbu bosqichda ikki asosiy yo‘nalish ajratiladi. Birinchi yo‘nalish — «bir quli dunyo» klassik, global geosiyosat sxemalarining davom etishi bilan, ikkinchi yo‘nalish esa boshqa tartibga tayanuvchi «asosiy geosiyosat paradigmalari»ga bog‘liq holda rivojlanadi.
  Angliya—Amerika geosiyosatining birinchi yo‘nalishi doirasidagi vaziyat tahlili Rossiya imperiyasining barham topishi va geosiyosat ziddiyatlarining tugashini bildiradi. Markaziy Yevropa asta-sekin G‘arbiy Yevropa bilan qo‘shilishi, unga intilishi mum­kin. G‘arbiy Yevropa bilan Markaziy Yevropa davlatlari o‘rtasidagi yaqinlashish Shimoliy Atlantika harbiy bloki doirasida amalga oshmoqda.
  Turkiya, Eron va Pokiston yangi qator «bufer davlatlar»ning vujudga kelishi sababli, mustahkam himoya chizig‘iga ega bo‘ldilar. Bunday holat Rossiya bilan u egallashga intilayotgan janubiy den­giz portlari o‘rtasidagi ko‘rinmas masofani ancha yiroqlashishini ta’minlaydi va Rossiyani sobiq Ittifoqqa xos «ulkan davlat» bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Z.Bjezinskiy «sovuq urush» xavfi tugagandan keyingi davrda geosiyosiy aloqalarning rivojlanishi bashoratini tadqim etadi. U sobiq Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi Yevrosiyo yuragida geosiyosiy vakuum hosil bo‘lishiga olib keldi, deb ta’kidlaydi.
  Z. Bjezinskiy Rossiyaning harbiy-siyosiy salohiyatini qisqartirishda Ukrainaning roli katta bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgan. Shuning uchun ham AQSHning asosiy geosiyosiy vazifasi — bu Ukrainani Rossiya ta’siridan ajratish va Yevropa ta’siriga kiritishdan iboratdir. Geosiyosiy tafakkurning mana shunday ko‘rinishi Pensilvaniya universiteti professori E. Rubinstayn yondashuviga ham xosdir.
  Professor E. Rubinstayn dunyoni oltita asosiy geosiyosiy mintaqaga bo‘ladi:
 1. AQSH boshchiligidagi Shimoliy Amerika. U dunyoda eng qudratli mintaqaviy birlashmadir. Kelajakda bu yerda Shimoliy Amerika konfederatsiyasi barpo qilinishi mumkin, G‘arbiy yarimshar unga tobe bo‘lib qoladi.
  2. Yevropa va uning siyosiy bir butunligi iqtisodiy integratsiyalashuvdan ancha orqada qoladi.
 3. Sharqiy Osiyo. Unda Yaponiya hukmdorlik qiladi. Xavfsizlik tizimi barpo qilinmaganligi tufayli, ichki ziddiyatlar kuchayishi mumkin. Bunda Xitoy faollashuvining ahamiyati katta bo‘ladi. Rossiyaga qarashli Uzoq Sharq hamda Janubi Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Yangi Zelandiya Sharqiy Osiyo mintaqasiga tobe holatga tushadi.
  4. Janubiy Osiyo. Mazkur mintaqada Hindiston hukmronlik qiladi. Lekin hindiston bilan uni o‘rab turgan davlatlari o‘rtasida ixtiloflar qaytarilib turishi mumkin.
  5. Musulmon mamlakatlari. Unga Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Fors ko‘rfazi davlatlari, Turkiya, Iroq, Eron, Afg‘oniston, Pokiston va O‘rta Osiyo davlatlari kiradi.
  6. Sobiq Ittifoqning parchalanishi bilan hosil bo‘lgan geosiyo­siy vakuum. Bu yerda Rossiya hukmronlik qilishi bashorat qilinmoqda.
Rubinstayn dunyodagi vaziyatni beqarorlashtiruvchi eng mu­him omil Xitoy bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Kelajakda Xitoy, Rossiya, Eron davlatlari ittifoqi paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu ittifoq Amerika—Yevropa—Yaponiya ittifoqiga qarshi turadi.

Eslab qoling!
Bir qutbli dunyo — dunyo miqyosidagi ijtimoiy-siyosiy va iqti­sodiy jarayonlarda AQSH ning o‘rni beqiyos ekanligini tasdiqlovchi holat.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.