Geosiyosat fani haqida tushuncha 

29 349

  Sizlarga ma’lumki, Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimovning qator asarlarida O‘zbekistonning geosiyosiy mavqeyi, mamlakatimizning geostrategik o‘rni, yaqin va uzoq qo‘shnilari, ular bilan o‘rnatilgan aloqalarning siyosiy jihatlari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar tahlili taqdim etilgan.
  Geosiyosat to‘g‘risida fikr-mulohaza yuritishdan oldin bu tushunchaning mazmun-mohiyati va ahamiyati, uning fan sifatida shakllanishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish zarur. Shu nuqtayi nazardan bu bo‘limda geosiyosat fani, fanning shakllanishi bosqichlari va asosiy kategoriyalari, davlat kuch-qudrati va geosiyosat, siyosat va geografiya fani o‘rtasidagi aloqadorlik haqida ma’lumot­larga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, geosiyosatning fan sifatida shakllanishiga behisob hissa qo‘shgan olim va siyosatchilar, geosiyosatdagi mavjud yo‘nalishlar hamda dunyo geosiyosatlar, gesiyosiy rivojlanishining asosiy paradigmalari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishamiz.
  Geosiyosat — turli siyosiy jarayonlarning geografik sharoit (muhit)ga bog‘liq holda rivojlanishini o‘rganadigan fandir. XX asrda dunyo siyosiy xaritasining tubdan o‘zgarishi, hududiy, ijtimoiy-ekologik va demografik muammolarning keskinlashuvi geosiyosat faniga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirib yubordi.
  Geosiyosat fanini o‘rganish geografiya, tarix, demografiya, etnografiya, dinshunoslik, ekologiya, sotsiologiya, harbiy fanlar, siyosatshunoslik va boshqa fanlar bo‘yicha ham bilimlarga ega bo‘lishni taqozo etadi.
  Geosiyosat tushunchasini fanga birinchi bo‘lib, 1916-yilda shvetsiyalik olim Rudolf Chellen kiritgan. Uning fikricha, har qanday davlat bir butun geografik organizm sifatida qaralmog‘i lozim.
  Geografik organizmni ma’lum bir landshaft sifatida o‘rganish mumkin. Landshaft o‘z navbatida tabiiy, hududiy, ijtimoiy, iqtisodiy majmua bo‘lib hisoblanadi.
  Geosiyosat fani siyosiy geografiya asosida shakllandi va rivojlandi.
  Siyosiy geografiya jahondagi davlatlarning turg‘un (statik) holatdagi tavsifini tuzish bilan shug‘ullanadi. Siyosiy geografiyani ko‘proq davlatlarning joylashishi, hududining shakli, o‘lchamlari, chegaralari, xo‘jaligi, aholisining savodxonlik darajasi, madaniyati qiziqtiradi.
  Geosiyosat fani siyosiy jarayonlarning geografik makondagi o‘zaro aloqalarini, ularning Yerga va madaniy omillarga ta’sirini o‘rganadi. Geosiyosat fani asosiy e’tiborni tabiiy muhit omillarini harbiy-siyosiy, iqtisodiy va ekologik xavfsizlik maqsadlarida faol foydalanishga qaratadi.
 Geosiyosat fanining o‘rganish obyekti: sayyoraviy (planetar) makon, geosiyosat jarayonlar va hodisalardir. Sayyoraviy makonga quruqlik, suvlik (Dunyo okeani), havo qobig‘i, davlatlar va ular­ning resurslari kiradi.
  Geosiyosatning asosiy vazifasi, ya’ni o‘rganish predmeti say­yoraviy makonni nazorat qilishdir.
  Bunda geosiyosiy omillarni o‘rganish va baholash muhim ahamiyatga ega. Geosiyosiy omillarga quyidagilar kiradi.
—  geografik (geografik o‘rni, tabiiy resurslari);
— siyosiy (siyosiy tuzumi, davlat chegaralari, jamiyatning ijti­moiy tarkibi, asosiy erkinliklarning mavjudligi);
—  iqtisodiy (ishlab chiqarish kuchlarining quvvati va tarkibi, aholining turmush darajasi, strategik zaxiralar va zafarbarlik (mo- bilizatsion) quvvatlari;
—  harbiy (qurolli kuchlarning kattaligi, quvvati, harbiy tayyor- garligi, harbiy kadrlarni tayyorlash holati);
— ekologik (cheklangan yoki tugaydigan va tiklanmaydigan) resurslarga bo‘lgan demografik bosim, xomashyo resurslarining kamayishi va tugashi, aholi turmush darajasining o‘zgarishi); 
 —  demografik (aholi soni, o‘sish sur’ati, zichligi va tarkibi);
—    madaniy-ma’rifiy (konfessalar, millat va elatlar, mehnat an’analari, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlashning rivojlanganligi, urbanizatsiya darajasi va boshqalar). Yuqoridagi omillarni geosiyosiy jihatdan tahlil qilish uchta yo‘nalishda olib boriladi: a) ijtimoiy-siyosiy vaziyatni ularning ma’lum bir hudud va davr doirasida rivojlanishi bilan bog‘liq holda tadqiq etish; b) ma’lum bir hudud to‘g‘risidagi haqiqiy ma’lumotlarni ayrim hollarda tamomila qarama-qarshi tasavvurlar bilan taqqoslash; d) makonni o‘zgartirish bo‘yicha siyosiy strategiyani amalga oshirishni bashoratlash. 

Eslab qoling!
 Geosiyosat— turli siyosiy jarayonlarning geografik sharoitga bog‘liq holda rivojlanishini o‘rganadigan fan. Geosiyosat tushunchasini fanga birinchi bo`lib, 1916-yilda shvetsiyalik olim Rudolf Chellen kiritgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.