Yuklanmoqda...

Nega yaponlar ko’p yashaydi? Buning siri nimada?


«Yaponiyalik falonchi 116 yoshga kirib, eng uzoq yashagan inson sifatida «Ginnessning rekordlar kitobi»ga kirdi, «falon yaponiyalik 114 yoshini nishonladi», kabi xabarlarni dunyo yangiliklarida tez-tez eshitib turamiz.

Bu millat insonlarining ko’p yil yashashi bilan bog`liq g`aro­yib afsonalar ham yuradi. Ajabki, yaponlar 100 yil va undan oshiq yashaydilar, ammo qa­ri­may­di­lar, semirmaydilar, keksaygan chog`da ham bellari bukilmaydi. Buning siri nimada?

Ularda «semirish» degan muammo yo’q!

Yaponlar — rekordchi millat. Umr uzoqligi va salomatlik bilan bog`liq boshqa jihatlarda ular dunyo ahlidan ancha oldinda. 2011 yilda Yaponiyada o’rtacha umr ko’rish bo’yicha erkaklarda yosh 79 ni, ayollarda esa 86 ni tashkil etgan va bu raqamlar o’sishda davom etmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, uzoq umr ko’rgan yapon bobo-momolar ulug` yoshda ham o’zlarini a’lo darajada his etadi, sog`ligidan ko’p shi­koyat qilmaydi, faol turmush tarzi olib borishadi. Kunchiqar mamlakatda kasal bo’lib yotib qolgan keksalar juda kam. In­farkt, insult, prostatit va ko’krak bezi saratoni sayyorada bu mamlakatda eng kam foizni tashkil etadi.

Yaponiyada «semirish» degan muammo yo’q. Yuz kishidan uchtasigina ortiqcha vazndan shikoyat qilishi mumkin. Solishtirish uchun: AQSh da har 100 kishidan 30 tasi semizlikdan aziyat chekadi.

Yapon ayollari dunyo­dagi eng go’zal ayollar ekanligi allaqachon tan olingan haqiqat. Chinnidek oq va toza teri, jilokor sochlar, asosiysi, yoshlik davrining cho’zilishi ko’pchilikni hayratga soladi. Suratdagi yoshgina maftunkor qiz aslida 40-50 yoshli ayol bo’lsa hech kim hayron bo’l­maydi. Agar Ja­nubiy Koreyada bunga jarroh as­boblari yordamida erishilsa, yaponlar bu uchun harakat ham qi­lishmaydi, chunki ular tabiiy go’zal.

Bu borada izlanishlar olib borgan mutaxassislar «yaponcha mo’’jiza»ni shunday izohlaydilar: «yaponlar o’zlari va salomatliklariga nisbatan juda sinchkov, g`amxo’r, ular hayot tarziga oqilona yon­dashadilar».

Agar sabab samuraylarning kamyob va nodir genlarida bo’lmasa, yaponcha abadiy yoshlikning siri nimada? Eng avvalo -to’g`ri ovqatlanish, ko’p harakatlilik, yapon orollaridagi mineral suvli bu­loqlarga borish va o’zini parvarish qilish — mana yaponlarning uzoq yashash sirlari.

Yaponcha go’zallik
«Kasallikni davolashdan ko’ra, oldini olgan af­zal», deydi har bir yaponiyalik va bunga qat’iy amal qiladi.

«Yoshlik davridanoq sog`­liqni asrash, or­­­­ga­nizm­ga g`amxo’rlik qilish, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug`ullanish lozim, shunda keksayganda shifokorma-shifokor yugurmaysiz», deyishadi yaponiyalik keksalar.  Bizda  bunga e’­tibor berishmaydi, yaponlar esa 20-25 yosh­dayoq «yashartiradigan olmalar» — dengiz kollageni bilan to’yintirilgan dori vositalarini qabul qi­lishni boshlaydilar. Bu esa kelajakda  bo’g`im xas­taligiga chalinishning oldini olib, terining yosh ko’rinishiga xizmat qiladi. Yapon ayollari yuz va teri parvarishiga juda e’tibor beradilar, turli muolajalarni erinmay bajaradilar, bu masalada vaqt­larini ayamaydilar va natija shunga arziydi.

Yaponcha salomatlik qoidalari «Kep qoling, sakkiz­oyoqlar bor!»
Yaponiyada baliq, sabzavotlar, mevalar, guruch va dukkakli o’simliklar —  har kungi ovqatlanish ratsionining asosiy mahsulotlari.

Yapon oshxonasi hamda  baliq va dengiz mahsulotlari bir-biri bilan chambarchas bog`liq. Axir, Yaponiyadagi dengiz qir­g`oq­larida baliqning 3000 dan ortiq turini ovlash va ulardan mazali va foydali taomlar tayyorlash mumkin. Har bir yaponiyalik yiliga o’rtacha 68 kilogramm baliq iste’mol qiladi, bu boshqa mamlakatlarda yashovchi xalqlardan uch-to’rt marta ko’p deganidir.

Losos balig`i — yapon oshxonasining eng mazali va sevimli balig`idir, shuningdek, gulmohi (forel) skumbriya, tunets krevetkalar, sakkizoyoqlar, ilonbaliq (ugor) qisqichbaqa va boshqa dengiz mahsulotlariga Yaponiyada talab katta.

Bunday «dengiz diyetasi» sharofati bilan organizm mo’l-ko’l ravishda oq­sillar, turli minerallar, yod, selen va asosiysi, «Omega-3» yog` kislotasi bilan ta’minlanadi. Aynan «Omega-3» yurak va qon tomirlari faoliyati uchun javob beradi.

Yapon oshxonasi taomlarining kaloriyasi past va or­ganizm uchun zararli hi­soblanadigan hayvon yog`­laridan xoli. Tozalanmagan guruch va turli sabzavotlar esa organizm uchun juda foydali sanaladigan kletchatka manbaidir.

Sabzavotlar qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. Yaponlar har qanday o’simlik va sabzavotdan taom tayyorlashni va uni dasturxonga chiroyli qilib tortishni qotiradilar. Hat­to eng injiq bolajonlar ham bu mazali taomlardan bosh tortmaydilar va ular yoshligidanoq shunday tarbiyalanadi.

Yaponiyada «taomlar kalendari» bor. Har mavsumda sabzavotlar va mevalardan turli taomlar tayyorlanadi, xalq sayllari uyushtiriladi. Bu an’anaga aylanib ketgan.

«Olmadan uch, o’rikdan besh kilo torting!»
Yapon xalqi mevalarni  sevib iste’mol qiladi. Meva boshqa joylardan olib kelingani sabab juda qimmat narxlarda sotiladi, ammo shunga qaramay, yaponiyaliklar dasturxonidan qishin-yozin mevalar arimaydi. Yangi uzilgan mevalar, shuningdek, mevali salatlar xush ko’­rib yeyiladi. Olma, shaftoli, xurmo, banan, o’riklar va sitrus mevalardan saylab olaverasiz…

Yaponlar sabzavot va mevalar yurak-qon tomir xastaliklari kelib chiqishining oldini olishda katta ahamiyatga ega ekanligini yaxshi biladilar. Karamning turli navlarida uchraydigan fitoestogen moddasi esa saraton kasalligiga chalinishning oldini olishi haqida ularga yoshligidan uqtiriladi. Yaponlarning xushbichimligiga kelsak, sabzavot va mevalar ortiqcha vazn yig`ilishiga yo’l qo’ymaydi.

«Kam-kam ye…»
Yaponlarning taom porsiyasi g`arb porsiyasining uchdan bir kismiga teng keladi. Biz oshqozonda taomni «zahira» qilmasak, qo’l artmaymiz to’g`rimi, yaponlar esa das­turxondan biroz och holda turishadi. Ular shoshmay ovqatlanishadi. Taomning mazasini obdon bilish uchun yaxshilab chaynashadi («Saroy javohiri» serialidagi qi­rolning ovqat yeyishini eslang).

Yapon ayollari haqiqiy bekalardir – ular nafaqat mazali ovqat tayyorlashadi, balki uni dasturxonga ishtahani ochadigan tarzda tortishniyam bili­shadi. Ularning fikricha, taomdan lazzatlanish lozim.

Xasi (maxsus tayoqchalar) bilan ko’p mikdorda ovqat yeb bo’lmaydi, semirib ketmaslikning yana bir sababi balki shudir.

Dalil
Dunyodagi 110 yoshdan oshgan 40 nafar qariyaning 20 tasi Yaponiyada yashaydi. Dziroemon Kimura bobo  — 116, Misao Okava buvi esa 117 yil umr ko’rgan.

«Makaron, pitssa, gamburger YEMAYMIZ!»
Soya mahsulotlarisiz  yapon oshxonasini tasavvur qilish qiyin. Soya va soya mahsulotlarida kaloriya kam bo’lgani holda ular aminokislota va proteinlarga to’yingan bo’ladi. Soya hayvon yog`larida bo’ladigan oqsil o’rnini bemalol bosa oladi. Soya mahsulotlarining serobligi yaponlarning salomat va yosh ko’­rinishining yana bir sababidir, deyishadi shifkorlar.

Yaponlar fast-fud taomlarni deyarli iste’mol qilishmaydi. Makaron, pitssa, gamburgerlarni ham ularning dasturxonida ko’r­maysiz. Qizil go’sht, sa­riyog`, kartoshkani ham iste’mol qilishmaydi yoki juda kam miqdorda taomlarga qo’shishadi, shuningdek, sut mahsulotlaridan ham o’zlarini ti­yishadi.

Haftada oddiy yapon oilasi 70 ga yaqin turli taomlarni tatib ko’radi, yevropalik dasturxonida esa bu raqam o’ttizni, ba’zida bundan kamroqni tashkil qiladi.

Non kamroq, guruch ko’proq…
Biz har kuni non yeymiz. Yaponlar doimiy ravishda nima iste’mol qilishadi deysizmi? Guruch. Guruchni ular garnir sifatida, shunchaki qaynatib, salatga qo’shib ham yeyaverishadi. Bugungi kunda ayrim yosh yaponlar non yeyishga odatlanishgan, ammo u ham uyda guruchdan tayyorlangan maxsus non.  Guruch tarkibidagi uglevodlar, mineral va vitaminlar organizm uchun juda foydalidir.

«Nonushta qildingmi?»
Yaponlar ertalabdan nonushtaga bizga o’xshab  to’yib olmaydilar. Shirin bo’tqalar, bulochkalar, quymoqlar, qo­vurilgan tuxum ular naz­dida tez hazm bo’ladi, shu sabab tushlikka yetmay odam och qoladi. Yaponiyada nonushtaga sizga guruch, piyozli sho’rva, bir bo’lak losos balig`i va albatta, ko’k choy taklif qilishadi. Bunday nonushta bilan kechgacha och qolmas emishsiz.

«Shirinlikni bir o’zing yema!»
Yaponlar ham shirinlikni xush ko’rishadi, am­mo juda kam yeyishadi. Yapon desertlari bizning desertlardan tubdan farq qi­ladi. Ular asosan dengiz o’simliklaridan tayyorlangan, qaymoqsiz va kremsiz shirinlik va marmeladlarni iste’mol qilishadi.

Bir-ikki, uch…
Bugungi kunda o’tirib ishlash zamona zayliga aylandi. Ko’pchilikka ma’lumki, doimiy ravishda o’tirib ishlash ko’p kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ammo yaponlar buning ham chorasini topishgan. Ular uzoq masofadagi uylariga piyoda borishdan erinishmaydi (biz bir bekat naridagi uyimizga ham avtobus yoki taksida ketamiz), yuqo­riga lift emas, zinapoya orqali ko’tarilishadi, ko’p hollarda mashinalarini velosipedga almashtirishadi, ko’chalarda hatto katta-katta tashkilot rahbarlari ham velosiped haydab yurishadi.

«10 ming qadam» piyoda yuramiz!»
1960-yillarda tad­qiqotchi Iosiro Xatano Yaponiyada ommalashib ketgan  «10 ming qa­dam» teoriyasini taklif qi­ladi. Uning fikricha, kuniga 10 ming qadam (8 km.) yurgan odam uzoqroq umr ko’radi, qomati bukilmaydi va  qon bosimi bilan bog`liq muammolarga duch kelmaydi. Yaponlar bun­­­­ga ha­mon amal qilishadi.

Choy marosimiga xush kelibsiz!
Yaponiya — choylar mamlakati. Ko’k choyni bu yerda kun bo’yi ichishadi. Ovqatdan oldin, uyqudan avval, tong otgandan, shunchaki kun o’rtasidami far­qi yo’q, ko’k choy bo’lsa bo’ldi. Ular ko’k choy insonni har qanday darddan xalos qiladi, deb hisoblashadi. Umumiy ovqatlanish joylarida ko’k choy bepul tarqatiladi.

Tongda yugurasizmi?
Yaponiya shahar-qishloqlarida tong payti ko’chada yugurib yurgan keksa-yosh­larni ko’plab uchratish mumkin. Tushda ofisdan chiqib piyoda aylanib kelishadi. (Bunga 10 daqiqaga ruxsat berilgan) Dam olish kunlarida albatta, tabiat qo’y­­­­niga chiqishadi, xiyobonlarda sayr qilishadi, o’rmonlarga oshiqishadi.

Ular uylarida tez-tez havo almashib turishini nazorat qi­lishadi. Uyni juda isitib yuborishmaydi. Ayrimlarga o’x­shab o’ranib yurishmaydi.

Yaponlar sigareta tutuniga toqat qili­shol­may­­di,shu sabab ham­ma joyda chekish uchun maxsus joylar belgilangan. Shuningdek, spirtli ichimliklar ichishga ham cheklovlar bor.

«Yuragingizni keng qiling!»
Donishmand yaponlar  ta’kidlaydilarki, har bir kunini zavq bilan yashagan, mayda-chuyda gaplardan og`­rinib yurmagan, tushkunlikni yenggan odamlar ko’p yashaydi. Ular salbiy his-hayajonlar  nafaqat inson qalbiga, kayfiyatiga, balki odamning jismoniy holatiga ham ta’sir ko’rsatadi, aniqrog`i, salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi, deb hisoblaydilar.  Shu sabab bog`cha va maktab yoshidan bolalar hayotga nisbatan muhabbat ruhida tarbiyalanadi. Ahamiyatsiz voqea-hodisalarga ku­yinishni emas, ijobiy holatlardan zavqlanishni, quvonishni o’rgatishadi.

Bu hayotiy falsafa inson immun tizimini mustahkamlashga zamin yaratib, organizmni turli yuqumli xastaliklardan himoya qilarkan.

«Shaxmatdan so’ng uyqu…»
Yaponiyalik keksalar to qartayib qolsalar ham  miyani mashq qildirib turish lozim, deydilar. Kunchiqar mamlakatda har bir xonadonda shaxmat-shashka o’yinlariga guvoh bo’lasiz.  Shuningdek, yaponlar turli tanlovlarda ishtirok etishni yaxshi ko’rishadi, boshqotirmalar yechishadi.

Uyquning sifati yaponlar uchun juda muhim. Uxlash shunchaki vaqt o’tkazish emas, organizm sog`lom bo’­lishi uchun asosiy jihatdir. To’yib uxlagan odam ularning nazdida yaxshi ishlay oladi, sifatli uyqu organizmni xastaliklardan himoya qila olishiga ishonishadi.

Mana, yaponlarning uzoq umr ko’­rish sirlari — oddiygina, hamma amal qil­sa bo’ladigan qoidalar. Bu qoidalarga amal qilib, inson nafaqat salomatligini  asraydi,  balki dunyoqarashi ham ijobiy tomonga o’zgarishiga muvaffaq bo’ladi. Siz ham yuqorida aytilganlarning eng osonidan boshlang, axir minglab kilometrlarga yo’l bir qadamdan boshlanadi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash


To Top