Yaponiya uzoq umr ko’ruvchilar o’lkasi 

4 613

Xabaringiz bor, kunchiqar yurt dunyo miqyosida uzoq umr kechiruvchilar o’lkasi sifatida e’tirof etiladi. Sizlarga ma’lumki, ayni paytda bir asrni qarshilagan yaponiyaliklar soni 20 ming nafardan oshib ketgan. Bundan 40 yil muqaddam yuz yoshdan oshgan odamlar soni bor-yo’g`i yuztani tashkil etgan. Yaqin yillar ichida bir asrlik dovondan o’tganlar safi 30 mingga yetishi kutilmoqda.     
          
Uzoq umr kechirish uchun birinchi navbatda parhezga rioya qilish kerak ekan. Ayni paytda 60 va undan yuqori bo’lgan kishilar o’sha paytda kamroq taom iste’mol qilishgan. Hozir ham ularning aksariyati ozroq ovqat yeyishga intilishadi. Ovqat kalloriyasini kamaytirish hisobiga xolesterin ham ancha kamayadi. Shu sababli yaponlarning ko’pchiligi ortiqcha vazndan xalos bo’lgan. Semirish kasalligi yurakka o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatadi. Hozir ham Yaponiyada 80 yoshdan oshgan fuqarolarning aksariyati vokzal va aeroportlardagi eskalatorlardan foydalanmaydi. Mamlakatda yangi qariyalar harakati tashkiloti tuzilgan bo’lib, unga 75 yoshdan yuqori bo’lganlar a’zo bo’lishlari mumkin. Yaponiya markazidagi Nagan prefekturasi o’zining uzoq umr kechiruvchilari bilan dong taratgan. Saku shahri misolida oladigan bo’lsak, mahalliy rasmiylar bu hududni salomatlik va boqiy umr kechiruvchilar shahri deb e’lon qildi. Bejizga bu yerda keksalar uchun turli ijtimoiy dasturlar ishlab chiqilmagan. Shahar rahbariyati aholidan iloji boricha kamroq tuz iste’mol qilish va uy-joylarini haddan ziyod isitib yubormaslikka da’vat etmoqda. Shahar dengiz sathidan 700 metr balandlikda joylashgan bo’lib, uning markazidan Tikuma daryosi oqib o’tadi. Asama tog`i ham ko’rinib turadi. Bu qishloq o’zining tabiy go’zalligi bilan barchani o’ziga rom etmoqda. Qishda 15 daraja sovuq, yozda boshqa hududlarga nisbatan ancha salqinroqdir. O’tgan asrning 60-yillarigacha Saku insultga chalinish bo’yicha Yaponiyada eng yuqori o’rinni egallab kelgan. Bu birinchidan qahraton sovuq va me’yoridan ortiq tuz iste’mol qilishdandir, deb aytishadi shifokorlar.

1971-yilda Saku shahri hokimligi mahalliy fuqarolarga sog`lomlashtirish bo’yicha maslahat tizimini taqdim etdi. Unga ko’ra, har bir oila 2 yil muddatga sog`lom turmush tarzini tarkib toptirish maqsadida maxsus maslahatchilarni yolladi. Endi esa qishloqda vaziyat batamom o’zgardi. Miyaga qon quyilish oqibatida o’lim holatlaridan asar ham qolmadi. Sakuda yashovchi Itikava Teko 85 yoshga kirib qoldi. Uning kanselyariya tovarlari va idora jihozlarini sotish bilan shug`ullanuvchi kichkinagina do’koni ham bo’lgan. Keksaligiga qaramasdan, bu ayol har kuni 8 soatdan kassa apparati yonidan jilmaydi. Xotirasi ham kuchli bo’lib, peshtaxtadagi har bir buyumning nomini yoddan biladi. Onaxon har kuni ertalab 7 da turib vanna qabul qiladi. Tomorqasida ishlaydi, mahalliy suv havzasida kapalak, ya’ni batterflyay usulda suzishni juda yoqtiradi. Ishxonasigacha mashinasini o’zi boshqarib boradi. Xaftalik jadvali rang-barang qilib tuzilganki, barcha yumushlarni bajarishga ulgaradi. Kalligrafiya, Jaz raqsi, teri hunarmandchiligi va karaoke deysizmi, barchasini qoyilmaqom qilib bajaradi. Uyiga kech soat 21 dan so’ng kirib keladi. Tush paytida ozginagina meva, sut mahsulotlari, kechqurun esa yana sabzavot va baliq iste’mol qiladi. Shundan so’ng ikkinchi vannani qabul qilib, yozish-chizish bilan mashg`ul bo’ladi.

Dunyoning qaysi hududida kimlar uzoq umr kechiradi, degan haqli savol tug`ilishi tabiiy. Haqiqatan ham ular qayerda istiqomat qilishadi? Taniqli yozuvchi va olim Den Byuttner bu sohada uzoq ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Unga ko’ra, Yaponiyaning Okinava, Italiyaning Sardiniya, Gretsiyaning Ikariya, AQShning Loma Linda va Kosta-Rikaning Nikoya yarim oroli va orollarida uzoq umr kechiruvchilar makon topgan. Okinavadagi 900 ta qishloqda 1 millionga yaqin aholi yashar ekan. Ayollar ko’pchilikni tashkil etadi. Buyuk Britaniya va AQSh bilan solishtiradigan bo’lsak, ular soni 4 hissaga ko’p. Yana bir qiziq ma’lumot, Okinava aholisi o’zini parxez bilan qiynab o’tirishmaydi. Ko’ngli nimani tusasa, shuni iste’mol qilaverishadi. Kuniga yeyiladigan taom 1 ming 200 kalloriyani tashkil etadi. G`arbdagilar esa ulardan 20 foizga kamroq ovqat tanavvul qilishadi. 80-90 yoshli orollik yaponlar  o’z tengdoshlariga qaraganda, 30 yoshga yosh ko’rinishadi. Ular kuniga kam-kam ovqat yeyishadi. Ko’proq meva va sabzavotlarga e’tibor qaratishadi.

Taomnoma sirlaridan biri bu soya va tofu, sabzavotlar, boy antioksidantlardan iboratdir. Sharhimiz so’ngida dunyo mamlakatlaridagi o’rtacha umr kechirish darajasi xususida to’xtalsak. Yaponiyada erkaklar 80, ayollar 85, Shvetsiyada erkaklar 77 yarim, ayollar 82 yarim, Ispaniyada esa ayollar 80, erkaklar 82 yildan umr kechirmoqda. Kanada, Shveysariya, Fransiya, Norvegiya va Belgiyada ham bu ko’rsatkich juda yuqoridir.
                                                              
Muallif: Azimjon Po’latov

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.