6-sentyabr Litva o’z mustaqilligini tiklagan kun 

1 754

Litva 1991-yilning 6-sentabrida o’z mustaqilligini tikladi. Milliy bayrami 16 fevral – Litva davlati tiklangan kun (1918). Poytaxti – Vil’nyus. Hududi – 65200 km.kv. Davlat tili – litva. Aholining asosiy qismi xristian dinining katolik mazhabiga e’tiqod qiladi. Pul birligi – lit. Geografik joylashuvi va tabiati. Yevropaning Boltiq dengizi qirg’og’ida joylashgan davlatlaridan biri. Janub va Sharqda –Belarus (chegara uzunligi –653,5 km), janubi-g’arbda Rossiya (chegara uzunligi –267,8 km) va Pol’sha (103,7 km), shimolda – Latviya (588 km) bilan chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi –1613 km. Sohil bo’ylab chegara uzunligi –108 km. Mamlakatning katta qismi tekisliklardan iborat. G’arb va sharqida tepaliklar bor. Yirik daryosi – N’yamunas (Neman), juda ko’p ko’llar bor. Yoqut mamlakatning muhim tabiiy resurslaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, torf va qurilish materiallarining zaxiralari mavjud. Umumiy yerlarining deyarli teng yarmi ishlov beriladigan yerlar hisoblanadi. 22% yerlar o’tloq va yaylovlardan iborat.

6-sentyabr Svazilend Qirolligi Mustaqillik kuni
Rasmiy nomi-Svazilend Qirolligi. Poytaxti-Mbabane. Hududi-17363 km.kv. Aholisi – 1220400 kishi (2012). Davlat tili - ingliz va avani. Aholi xristian dini (60%) va majusiylikka (40%) e’tiqod qiladi. Pul birligi- lilangeni. Geografik joylashuvi va tabiati. Afrika qit’asining janubiy qismida joylashgan davlat. Janub, janubi-sharq, g’arb va shimolda-JAR (chegara uzunligi-430 km), sharqda esa Mozambik (105 km) bilan chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi –535 km. Mamlakat g’arbidan sharqqa tomon tepaliklari pasayib boruvchi Vel’d qirliklarida joylashgan. Eng baland cho’qqisi-1445 m. Svazilendda bir nechta pasttekisliklar bor. Asosiy daryolari – Usutu, Kamati, Umbeluzi. Asosiy tabiiy boyliklari: ko’mir, yog’och, gidroenergiya resurslari, o’rmonlari, shuningdek, uncha katta bo’lmagan oltin va olmos konlari bor. Hududining 11% i haydaladigan yerlar, 62% i esa yaylov va o’tloqlar. Iqlimi – subtropik. Svazilendning o’simlik dunyosi g’arbda savanna, sharqda esa kserofit (cho’l iqlimiga chidamli o’tlar) changalzorlari bilan xarakterlanadi. Florasi juda boy: 2400 ga yaqin o’simlik turi mavjud – lishayniklar va paporotniklardan tortib magnoliya va fikuslargacha o’sadi. Faqat aloening 25 turi, orxideyaning 12 turi, nilufar gullarining 10 turi bor. Yirik sut emizuvchilardan "ko’k” qo’toslar uchraydi. Shuningdek, burama shoxli antilopa, zebra, begemotlar ham bor. Daryolarida timsohlar ko’p. Svazilend 1968-yil 6-sentyabrdan mustaqil davlat bo’ldi (undan oldin – Buyuk Britaniya protektorati). Bu sana – Milliy bayram – Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi. Davlat boshlig’i - qirol.

6-sentyabr Avstraliyada otalar kuni bayrami
XX asrdan beri har yili sentyabrning 1-yakshanbasida Avstraliyada otalar kuni nishonlanadi. Bayramni nishonlashdan maqsad oilada bola tarbiyasida otaning rolini ko’rsatish. Bayramni nishonlash fikri taxminlarga ko’ra amerikalik Sapore Smart Doddga tegishli, uning otasi 6 ta bolani bir o’zi katta qilgan. Bu bayram ko’pgina davlatlarda nishonlanadi.

6-sentyabr Alsmeyer (Gollandiya) shahrida gullar namoyish etiladigan kun
Gollandiyaning Aalsmeyer shahrida har yili gullar namoyishi (Aalsmeer Flower Parade) bo’lib o’tadigan ushbu bayram butun dunyo bo’yicha unutilmas turli gullar (xrizantema, liliya, freziya, atirgul va lola) namoyishi bo’lib o’tadigan bayram hisoblanadi. Namoyish Aalsmeyer shahrida 6 sentyabr soat ertalabki 8:30 boshlanadi. Namoyishga yuzlab insonlar tashrif  buyuradilar. Gullar namoyishi-gullardan yasalgan juda katta-katta to’plamlar Aalsmeyer shahridan boshlab Amsterdam markaziga qadar tantanali ravishda yuradi. Namoyish vaqtida turli kiyimlar kiygan guruhlar jazz yo’nalishidagi musiqa jo’rligida raqslar namoyish etib turadilar. Milliondan ortiqgullardan gullar dengizi yaratiladi, unda gullardan yasalgan 20 dan ortiq qo’zg’aluvchi kemalar 30 dan ortiq mashinalar yasaladi. Bir so’z bilan aytganda mo’jiza yaratadilar. Hech bo’lmaganda bir marotaba ushbu namoyishda bir marotaba bo’lganingizda edi gullarning qanday maftunkor ekanligini ko’rar edingiz juda ham ko’p turli gullardan beparvo o’tib keta olmas edingiz. Aqlga sig’mas daraja go’zallik jamlangan. Ushbu mamlakat gullar qirolichasi etib lola gulini tan olgan. Avvaldan Gollandiya shahri gullar bilan shug’ullanib kelmoqda va aynan lola guli Gollandiyaning ramzi hisoblanadi. Ushbu namoyishga Alsmeyerning 20 madan jamiyatlaridan yuzlab ko’ngillilar yordam beradilar.

6-sentyabr Florensiyada fonariklar bayrami
Ushbu bayram XVII asrdan buyon nishonlanib kelinadi. Aholiga ushbu bayramni nishonlash juda xush kelgan. Zero, dehqonlar foydali va yoqimli ishni birlashtirib, bu kun bayram taraddudini keng nishonlash bilan birga o’z savdosini ham omadli qila olgan. Florensiyada bu kun dehqon xalqi chiroyli kiyinib yarmarkaga tashrif buyurishadi. Shahar aholisi esa ularning kiyimini haddan ziyod tantanali deya tanqid qilib, ularga Rificolona "fonariklar” laqabini berishgan. O’sha kunlar xotirasiga hozirda 6-7 sentyabr kunlari - an'anaviy yarmarkalardan so’ng shahar bo’ylab haloyiq qo’llarida yorqin ranglardagi fonariklar bilan aylanib yuradilar. Namoyish Santa-Krocheda boshlanib, Pyatssa Santissima-Annutsiata maydonida yakunlanadi.

6-sentyabr Shimoliy qutbni ochgan Robert Piri qutb safar boshlagan kun
1909-yil 6-sentyabrda amerikalik Robert Piri Labrador yarim orolidan turib 1909-yil 6-aprelda qutbga yetib borganligini xabar qildi. ("Arktika” so’zi grekcha "ayiq” ma’nosini bildiruvchi so’zdan kelib chiqqan. Shimoliy qutb sohasi nomi ikkita shimoliy yulduzlar turkumi: Katta ayiq va Kichik ayiq so’zlaridan olingan). Shimoliy qutbni Robert Piri ochgan deb hisoblab kelindi. Unga admiral unvoni berilib, medal va Faxriy legion ordeni topshirildi. Piri qutb tadqiqotlari tarixidagi o’z ishiga astoydil berilgan va muvaffaqiyatga erishgan, va bir vaqtning o’zida eng yoqimsiz taassurot qoldirgan kishilardan biri. U haqiqatan ham layoqatli, o’z maqsadi yo’lida mardonavor harakat qiladigan, qat’iyatli, o’jar, tashkilotchi kishi bo’lgan, biroq unda shuhratparastlik, dong taratishga ishtiyoq kuchli bo’lgan. Shimoliy qutbni birinchi bo’lib ochganligini da’vo qilgan Piri Kukni firibgarlikda aybladi. Barcha ustunlik-mashhurlik, hokimiyat tomonidan qo’llab-quvvatlash va ko’p sonli nufuzli homiylarning bariPiri tarafida edi. AQSh kongressi "qutbni ochilishi to’g’risidagi ish”ni ko’rib chiqib, Kukni shon-shuhratga intilgan firibgar deb e’lon qildi. 1926-yil 12-mayda Shimoliy qutb ustidan ilk marotaba havo kemasi uchib o’tdi. Bu bortida 16 nafar ekspeditsiya a’zolari bo’lgan "Norvegiya” dirijabli edi. Ularning orasida norvegiyalik Rual Amundsen ham bor edi.

6-sentyabr Beruniy nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan kun
Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti – fan va texnika sohasidagi mukofot. Ayrim olim yoki olimlar guruhiga ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shadigan, yuksak amaliy ahamiyatga molik bo’lgan, respublika ilm-fani va texnikasining jahon yutuqlari darajasiga chiqishini ta’minlaydigan tadqiqotlar; respublika ilmiy-texnika dasturlari, loyihalarini amalga oshirishda jiddiy natijalarga erishganlik; o’z ko’rsatkichlariga ko’ra eng yaxshi jahon namunalari darajasidagi yoki ulardan yuqori bo’lgan texnika, materiallar va texnologiyalarning yangi turlarini ishlab chiqqanlik, joriy etganlik ishlab chiqarishda o’zlashtirganlik; moddiy, tabiiy, mehnat resurslarining ko’plab tejalishini, atrof muhit muhofazasini ta'minlovchi texnologiyalarni yaratganlik va joriy etganlik; O’zbekistonning ma'naviy merosi va uni rivojlantirish istiqbollarini, jamiyatning madaniy va ijtimoiy taraqqiyotini chuqur anglashga ko’maklashadigan ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi alohida muhim yutuqlar; jamoatchilik tomonidan keng e'tirof etilgan, uch va undan ortiq marta nashr qilingan, o’zida yangi ilmiy g’oyalarni mujassamlashtirgan, oliy o’quv yurtlari uchun mo’ljallangan original darsliklar uchun beriladi. Dastlab Davdat mukofoti sifatida 1967-yil 6-sentyabrda ta'sis etilgan. 1991-yil 5-martdan O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 13-fevraldagi qarori bilan ta’sis qaroriga o’zgartirishlar kiritilgan. Mukofotga taqdim etilgan ishlarni tavsiya qilish, muhokamadan,ekspertizadan o’tkazishni tashkil etish va mukofotlash bilan bog’liq boshqa ishlarni bajarish uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qo’mitasi tuzilgan. Mukofot O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan har 3 yilda Mustaqillik bayrami arafasida beriladi. Mukofotlanganlarga Abu Rayhon Beruniy tasviri tushirilgan faxriy nishon va tegishli guvohnoma topshiriladi. 1996-yilga qadar 407 kishi shunday mukofotga sazovor bo’lgan.


plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.