Kitlar nega suvdan tashqariga sakraydi? 

6 075

Bukri kitlarning suvdan sakrab chiqib, dumi va suzgichlari bilan suvni urib, shovqin solib sho’ng’ib ketishini ayrim fil`mlarda ko’rgansiz. Kitlarni bunday harakat qilishga nima majbur qiladi?

Avstraliyaning Kvinslend universiteti olimlari bu xatti-harakatning nima sababdan ro’y berishiga aniqlik kiritish uchun bukri kitlarning 94 ta guruhida bevosita kuzatish hamda akustik monitoringlar o’tkazdilar.

Olimlarning aniqlashicha, bukri kitlarning boshqa guruhi 4 ming metr atrofida yaqinlikda bo’lsa, ular shovqin ko’tarishadi. Agar guruhlar o’rtasidagi masofa uzoqlashsa bunday faollik keskin pasayadi. Bu to’g’ridagi hisobot «Marine Mammal Science» jurnalida chop etilgan deya Qalampir.uz xabar beradi.

Olimlarning taxminiga ko’ra, bukri kitlarning bunday sakrashlari va shovqin qilishlari kitlar guruhlari o’rtasidagi o’zaro aloqa almashish vositasi bo’lib xizmat qiladi. Chunki, bukri kitlar guruhlarga bo’linayotganda, birlashayotganda yoki guruhga boshqa kitlar kelib qo’shilganda, ko’proq shunaqa xatti-harakatlar qilib,  shovqin ko’tarishi aniqlandi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.