Dunyoning eng ulkan jonivori 

14 319

 Olimlar juda qadim-qadim zamonlarda Yer yuzida dinozavrlar yashagan deb hisoblaydilar. Dinozavrlar hozirgi hayvonlardan bir qancha barobar katta bo‘lgan. Lekin bugun Yer yuzidagi eng katta jonivor moviy polosatik hisoblanadi. Bu kitning rangi ko‘k, qorin terisi qat-qat bo‘lib buklangan-tirishgan holda bo‘ladi. Uzunligi 30 metr, og‘irligi esa o‘rtacha 125 tonnani tashkil etadi. Ajablanarlisi, polosatikning kallasi tanasining deyarli uchdan bir (!) qismini egallaydi.
 Kitlar hajmining kattaligi aniq, bunga uncha hayratlanmasa ham bo‘ladi. Eng qizig‘i, kitlar baliqlar sinfiga emas, sutemizuvchilar sinfiga kiradi. Tadqiqotchilarning fikricha, kitlar va suvda yashovchi boshqa sut emizuvchilarning ajdodlari qadimda quruqlikda yashagan. Ularning tanasida g‘ayritabiiy belgilar uchrashining sababi shu.
  Aksariyat kitlar bolalarini sut bilan oziqlantiradi. Yana bir jihati, kitlar baliqlar singari ikradan hosil bo‘lmaydi, balki tirik holatda tug‘iladi va ancha vaqt onasining ortidan ergashib yuradi. Kitlarda jabra yo‘q, shu sababli ular o‘pka bilan nafas oladilar. Dumidagi suzgichlari esa suv tubidan tezda ko‘tarilishga yordam beradi. Kitlarning qon aylanish sxemasi, skeleti va ichki organlari baliqlarnikidan yaqqol farq qiladi.
  Kitlar suvdagi hayotga ko‘nikkanlari uchun ularning organizmi bir qancha o‘zgarishlarga uchragan. Sutemizuvchilar issiq qonli – harorati yuqori jonivorlar hisoblanadi. Demak, ularda tana harorati me’yorida saqlanishi kerak. Shu sababli ham kitlaning teri osti qismida yog‘ qatlami bo‘ladi. Bu xuddi maxsus moslamaga o‘xshaydi, haroratni ma’lum darajada saqlab turishga xizmat qiladi. Ulkan kitlarda teri osti yog‘ qatlami 40-50 sm gacha yetadi.
  Kitning kallasida ikkita teshik – "burun” joylashgan, bu nafas olishni yengillashtiradi. Kit suv ostiga sho‘ng‘iganda teshiklar uncha katta bo‘lmagan qopqoqchalar bilan berkitiladi. Natijada og‘iz bo‘shlig‘i bilan bog‘langan nafas yo‘llari yopiladi. Shunday qilib, suv ostida yashash kitlarga unchalik qiyinchilik yoki xavf tug‘dirmaydi. Ular suv tubida nafas olmasdan 45 daqiqa tura olishi mumkin. 

Orifjon Madvaliyev

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.