Dunyoda nechta davlat bor? 

27 510

 Fanda yoki xalqaro hududlarda "davlat" tushunchasining umum tan olingan yagona tarifi bo‘lmagan kabi dunyoda nechta davlat borligi haqidagi savolga aniq javobni aytish birmuncha mushkul. Buning sababi dunyo kartasida mustaqil davlatlar, umum tan olmagan davlatlar, maqomi aniqlanmagan davlatlar, o‘z-o‘zini boshqara oymaydigan va boshqa davlatlarga qaram mamlakatlarning mavjudligi bilan izohlash mumkin. 
 XX-asrning boshlariga kelib, davlatlarni siyosiy-geografik birlik sifatida tan olish birmuncha dolzarb masalaga aylandi. Chunki 1919-yildan boshlab o‘tkazila boshlagan butunjahon anjumanlari va Millatlar Ligasi tashkil etilishi "Ushbu tadbirlarga kimlarni ma'lum davlat vakillari sifatida taklif etish lozim va qaysi hududiy birliklar Millatlar Ligasiga to‘laqonli a'zo bo‘lishi mumkin?" - degan masalani ko‘ndalang qo‘ydi. 
 Bu muammoni 1933-yilda Urugvayning Montevideo shahrida o‘tkazilgan anjumanda qabul qilingan va keyinchalik Montevideo konvensiyasi deb nom olgan yakuniy hujjatda "davlat" tushunchasiga ta'rif berilib, uni siyosiy-geografik birlik sifatida tan olishning quyidagi asosiy to‘rtta mezoni aniqlanib berildi:
1. Doimiy aholining mavjudligi;
2. Ma'lum hududga egaligi;
3. O‘z hukumatining mavjudligi;
4. Boshqa davlatlar bilan tashqi aloqaдarni amalga oshirish imkoniyati. 
Haqiqatdan ham, davlat xalqaro huquqning sub'ekti sifatida xalqaro munosabatlarning asosiy ishtirokchisi hisoblanadi va ma'lum aholiga ega bo‘lgan hududda siyosiy hokimyatni tashkil etishni o‘z ichiga oladi. 
  Ilmiy adabiyotlarda davlat bilan bir qatorda ko'pincha "mamlakat" degan tushuncha ishlatiladi. Mamlakat - ma'lum chegaralar va aholiga ega bo‘lgan geografik hudud, u suverenitetga ega bo‘lgan davlatlardan farqli o‘laroq, boshqa bir davlatga qaram bo‘lishi ham mumkin. 
  Ko‘p hollarda "davlat" va "mamlakat" tushunchalari sinonim sifatida ishlatilsa-da, ularning o‘rtasida ma'lum farq mavjud. Davlat tushunchasi, birinchi navbatda, ma'lum hududda o‘rnatilgan siyosiy hokimyati tizimini bildirsa, mamlakat tushunchasi ko‘proq madaniy va umumgeografik omillar majmuiga tegishlidir. 
 Montevideo konvensiyasida belgilab berilgan mezonlar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yangi a'zolar qabul qilishda ularning mavjudligi qat'iy hisobga olinadi. 
  Ana shunga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda ushbu mezonlarga to‘la javob beradigan 193 ta mustaqil davlat mavjud va ulardan 192 tasi BMTga a'zo hamda Vatikan BMTda doimiy kuzatuvchi maqomiga ega. Ammo shu bilan bir qatorda, Montevideo konvensiyasining mezonlariga ma'lum darajada mos keladigan, dunyodagi ba'zi mamlakatlar tomonidan mustaqil davlat sifatida tan olingan va BMTga a'zo bo‘lmagan 8 ta siyosiy-geografik hududiy birliklar mavjud.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.