Dunyoda nechta davlat bor?
Ma’lumki, dunyoda nechta
davlat bor degan savolga aniq javob berish qiyin. Buning sababi, dunyo
xaritasida turli maqomga ega hududiy-ma’muriy birliklar - mustaqil davlatlar,
jahon hamjamiyati to’la tan olmagan mamlakatlar, maqomi noaniq davlatlar, qaram
davlatlar mavjudligi bilan izohlash mumkin.
Davlatlarni siyosiy birlik
sifatida tan olish XXasrning boshlariga kelib birmuncha dolzarb masala bo’lib
qoldi. Chunki, 1919-yildan boshlab o’tkazila boshlagan butunjahon anjumanlari,
Millatlar Ligasini tashkil etilishi ushbu tadbirlarda davlatlarning qatnashish
huquqlari masalasi ko’ndalang qo’yiladigan bo’ldi. Bu muammoni 1933-yil
Urugvayning Montevideo shahrida o’tkazilgan xalqaro anjumanda hal etishga ilk
bor harakat qilib ko’rildi. Anjumanda qabul qilingan "Montevideo konvensiyasi" deb nomlangan
hujjatda "davlat" tushunchasiga ta’rif berilib, uni siyosiy-geografik birlik
sifatida tan olishning quyidagi asosiy to’rtta mezoni belgilandi:
1. Doimiy aholining mavjudligi
2. Ma’lum hududga egaligi
3. O’z hukumatining mavjudligi
4. Boshqa davlatlar bilan
tashqi aloqa qilish imkoni mavjudligi
Haqiqatdan ham manbalarga
ko’ra, davlat xalqaro huquqning subyekti
sifatida xalqaro munosabatlarning asosiy ishtirokchisi hisoblanadi va
muayyan aholiga ega bo’lgan hududda siyosiy hokimiyatni tashkil etishni o’z
ichiga oladi.
Adabiyotlarda davlat bilan bir
qatorda "mamlakat" tushunchasi ham ishlatiladi. Ko’p hollarda "davlat" va "mamlakat" tushunchasi sinonim sifatida
ishlatilsada, ularning o’rtasida muayyan farq mavjud. Davlat tushunchasi,
birinchi navbatda tegishli hududda o’rnatilgan siyosiy hokimiyat tizimini
bildirsa, mamlakat tushunchasi ko’proq madaniy va umumgeografik omillar
majmuiga tegishlidir.
Montevideo konvensiyasida
belgilab berilgan mezonlar hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan.
BMTning yangi a’zolar qabul qilishda ushbu mezonlar albatta inobatga olinadi.
Shunga ko’ra, hozirgi kunda dunyoda ushbu mezonlarga to’la javob beradigan
194ta mustaqil davlat mavjud (2011-yil 9-iyul Sudan
ikkiga Janubiy Sudan
ga bo’lindi va 14-iyul kuni BMTga a’zo bo’ldi). Shu davlatlardan 193 tasi BMTga
a’zo, dunyodagi eng mitti davlat- Vatikan BMTda doimiy kuzatuvchi sifatida
qatnashadi. Montevideo Konvensiyasiga javob bermaydigan sakkizta siyosiy birlik
BMTga a’zo bo’lgan.
Shuningdek, Falastin, Sahroi
Kabir, Silend kabi birliklar maqomi noma’lum hududlarga kirsada, ularda
davlatning barcha belgilari bor. Ammo dunyo siyosiy xaritasida davlatning
barcha belgilariga ega lekin mustaqil
boshqaruvga ega bo’lmagan 61ta hududiy birlik ham bor. Ba’zi ishlarni o’zlari
hal qilishi tufayli ba’zi mamlakatlar ularni mustaqil deb tan olgan, shuning
evaziga dunyoda 221 ta davlat ba’zi manbalarda 230ta davlat bor deyiladi.
Masalan, Germaniyada chop etilgan adabiyotlarda 243 ta davlat borligini ko’rish
mumkin. Har yili Nyu-Yorkda chop etiladigan "Dunyo mamlakatlari" jurnalida
jami 195 ta davlat borligi ta’kidlangan.
Har yil Vashingtonda chop
etiladigan "Jahon faktlar yilnomasida" (World Year Factbook) duynoda 266 ta
siyosiy va geografik hudud borligi haqida ma’lumot beradi.
Shunday qilib, dunyodagi
davlatlar soni davlat va mamlakatlarga qanday ta’rif berilishiga qarab, 196 tadan 266 tagacha o’zgarishi mumkin. Adabiyotlarda davlatlar soni turlicha bo’lishiga
sabab, mutaxasislar bu masalaga qanday yondashganiga qarab belgilanishi
mumkinligini xulosa qilish mumkin.
Normurod LATIPOV
Navoviy davlat pedagogika instituti
tabiiy fanlar fakulteti Geografiya o`qitish metodikasi yo’nalishi
2-A guruh talabasi
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.