Nima sababdan Britaniya funtiga chiziq tortilgan? 

2 682

 
Lotin tilidagi «libra» - tarozu so’zidan funtning shartli belgisi «lb» paydo bo'lgan. Qadimgi Rimliklar bir funt – 327.64 grammga teng qadoqtoshga lb belgisini qo’yishgan. Biz bunday funtning 12 unsiyadan tashkil topganligi haqida gapirib o’tgan edik. Bu asosiy savdo funti hisoblangan. Keyinroq u Sharqiy Rim imperiyasi Vizantiyaning ham asosiy pul birligiga aylandi. Uning vazni esa deyarli o’zgarmadi – 327.456 gramm. Ushbu funtga asoslanib, tanga pullar zarb qilingan.

Libra so’zining esa, katta ehtimolki, qadimda Sitsiliya orolida yashagan yunon xalqlarining hajm o’lchov birligi – «Litra»dan kelib chiqqan bolishi mumkin. Eramizdan avvalgi VII asrda Sitsiliya yunonlari misdan yasalgan 219.7 gramm vaznli qadoqtosh-pullardan foydalanishgan. Italiyada Rim imperiyasigacha bo'lgan davrda yashagan qabilalar ularni yashagan «Litra» deb atashgan. Yunonlardan farqli ravishda, Italiya hududida yashagan qabilalar Litradan vazn o’lchov birligi sifatida foydalanishgan. Eramizdan avvalgi VI asrda esa, yunon Sitsiliyasi, aynan shu nom bilan 0.87 gramm vaznli kumush tanga pullar zarb qila boshlagan. Aftidan insonlarga yangi pul zarb qilishdan ko’ra, unga yangi nom qo’yish osonroq bo’lgan shekilli. Sababi ming yillardan keyin ham Italiya hududidagi asosiy muomaladagi pul birligi – «lira» deb atalishini boshqacha izohlash qiyin. Albatta, yevrohududda «Yevro» joriy qilinishi bilan, italyan lirasi o’z dolzarbligini yo’qotdi. Lekin qadimgi yunon va italyan qabilalarining libra va litralari boshqa bir mustahkam tizim – Xalqaro Birliklar Tizimi – SI da, albatta, farang tilida, hajm o’lchov birligi – litr nomi ostida o’zining muqim o’rnini topgan.

Libra nomi va uning lb nishon belgisini, Yevropaning ko’plab davlatlarida keyingi davrda muomalada bo'lgan barcha funt o’lchovlari meros qilib olishgan. Shu jumladan Britaniya vazn funti hamda pul birligi – «funt–sterling» ham. Libra nomli o’lchov birligi, hozirgi kunda ham Ispaniya va Portugaliyada, shuningdek Lotin Amerikasining ko’plab davlatlarida amalda keng qo’llaniladi. Mazkur libraning qiymati, Britaniya savdo funtining vazniga teng ekanligi belgilangan.

Hozirda amaldagi Britaniya pul birligi «funt–sterling»ning nomi, qachonlardir savdo munosabatlarida uzviylik kasb etgan muhim jarayon – pul va vazn birliklarining o’zaro chambarchas bo’lganligining tirik guvohidir. Sterlingning o’zi VIII asrda, Rim imperiyasining Britaniya muzofotida, paydo bo'lgan va o‘sha vaqtda uning vazni 1/240 funt kumushga, ya’ni skrupulga teng bo'lgan. Amalda u 1717-yilgacha aynan shu ekvivalentda kumushga ayriboshlash mumkin bo'lgan bo’lsa-da, biroq, 240 sterlingning funtga nisbati qat’iy rioyada bo'lgan deb aytish mushkul. Bu ingliz funtining shartli belgilanishida o’ziga xos iz qoldirdi. L harfining o’rtasidan chiziq chizib £ ko’rinishiga keltirilishi orqali, ingliz savdo-sotiq va shartnoma-huquq hujjatlarida, «funt» atamasi orqali so’z vazn emas balki, aynan pul birligi haqida ketayotganligini alohida ta’kidlab o’tishgan. Vaqt o’tishi bilan bu narsa butun boshli Britaniya pul birligi tizimi uchun odatiy holatga aylandi va hozirgi kundagi eng qadri qimmat valyutalardan biri funt-sterlingning shartli belgisi, ramziga aylandi.

Aytganday, yapon ienasi ramzi ¥ ham, shuningdek qo’shma shtatlar dollari $ hamda, yevro € ramzi ham o’rtasiga chiziq tortilgan holda ifodalanadi. Buning sabablari turlicha, masalan $ ramzi, United States ning bosh harflari US ning ustma-ust yozilishidan paydo bo'lgan degan fikrlar mavjud.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.