Zuhra Sirliboyeva 

3 875

 

Sirliboyeva Zuhra Salimovna            
 Birinchi o’zbek gidrolog olima ayollaridan biri,  geografiya fanlari nomzodi, dotsent Sirliboyeva Zuhra Salimovna 1943-yil 17- dekabrda to’g`ilgan. 
 Sirliboyeva Z.S. 1961-yilda o’rta maktabni a’lo baholar, aniqrog`i «Kumush medal» bilan tamomlagan. Ular shu yilning o’zida mamlakatimizning eng nufuzli oliygohi - Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti (sobiq Toshkent davlat universiteti) geografiya fakulteti gidrologiya bo’limining talabasi bo’ldi. Ushbu mu’tabar ilm dargohida tirishqoq talaba N.Dolimov, V.L.Shuls, O.P.Sheglova, H.H.Hasanov, L.I.Shalatova, L.N.Babushkin, R.Mashrapov, I.R.Alimuhamedov kabi taniqli olimlardan saboq oldi. Yosh mutaxassis Sirliboyeva Z.S. 1966-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, taqsimot bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga yo’llanma oldi va bu yerda muhandis lavozimida mehnat faoliyatini boshladi. 
 Bo’lajak olima 1967-1972-yillarda O’rta Osiyo Irrigatsiya ilmiy tadqiqot instituti (SANIIRI)ning gidrologiya bo’limida kichik ilmiy xodim lavozimida ishladi. Shu yillarda bo’lim boshlig`i, O’zR FAning muxbir a’zosi R.A.Alimov rahnamoligida Z.S.Sirliboyevaning bir necha ilmiy maqolalari chop etildi. Yosh tadqiqotchining ilm-fan yo’lidagi ushbu ilk qadamlari universitetdagi ustozlarining e’tiboridan chetda qolmadi. Ular 1972-yilda ustozlari – professorlar V.L.Shuls va O.P.Sheglovalar tomonidan o’zlari bitirib chiqqan Quruqlik gidrologiyasi kafedrasiga o’qituvchilikka taklif etildi. 
 Kafedrada jo’shqin pedagogik faoliyat bilan bir vaqtda Z.S.Sirliboyeva geografiya fanlari doktori, professor O.P.Sheglova rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlarini ham davom ettirdi. Natijada 1984-yilda ustozimiz «Andijon suv ombori havzasi muallaq oqiziqlari» mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Dissertatsiya ishi ilmiy jamoatchilik, jumladan, uning rasmiy opponenti, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi, texnika fanlari doktori, professor A.V.Karaushev tamonidan yuqori baholandi. 
 Olima mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridayoq, aniqrog`i 1993-yilda O’zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan "dotsent” ilmiy unvoniga tasdiqlandi. Shu yillarda kafedrada ustozlar boshlagan ishlar gidrolog olimlarning ikkinchi avlodi - professor G.Ye.Glazirin, dotsentlar A.R.Rasulov, G.N.Trofimov, F.H.Hikmatov va boshqalar tomonidan davom ettirildi. Ular orasida dotsent Z.S.Sirliboyevaning o’rni alohidadir. Ko’pgina yo’qotishlarning guvohi va shu tufayli kafedra uchun eng og`ir bo’lgan 90-yillarning oxirida uni boshqarish ustozimiz Zuhra Salimovna zimmasiga yuklatildi. Ularning yuksak darajadagi ilmiy-pedogogik va rahbarlik salohiyati tufayli O’zMUda gidrologiya va gidrometeorologiya ta’lim yo’nalishlari yanada rivojlandi, kafedrada magistratura, aspirantura va doktorantura ochildi. 
 Rahbar–olimaning tashabbusi va bevosita rahbarligida O’zMUning Quruqlik gidrologiyasi kafedrasida shu yillarda yangi o’quv kurslari, jumladan «Suv havzalari gidrokimyosi», «Meliorativ gidrologiya» kabilar o’qitila boshlandi, ushbu kurslar bo’yicha zamon talablariga javob beradigan ma’ruzalar matnlari, uslubiy ko’rsatmalar va o’quv qo’llanmalar yaratildi.
 Pedagog–olimaning o’tkir qalamiga mansub bo’lgan va o’ta ilmiy sinchkovlik bilan yozilgan 100 dan ortiq ishlari – monografiya, o’quv qo’llanmalari, ilmiy-uslubiy ko’rsatmalari, ilmiy maqolalari mamlakatimizda gidrologiyaning fundamental fan sifatida keng ko’lamda rivojlanishiga sezilarli hissa bo’lib qo’shildi. Ayniqsa «Gidrologik hisoblashlar» o’quv qo’llanmasining o’zbek tilida ilk bor yaratilishi tarixiy voqea bo’ldi.
 Ustoz–olima o’z hayoti va mehnat faoliyati davomida gidrologiya faniga e’tiqodli shogirdlar tayyorlash tamoyiliga qat’iy amal qildi, o’zlari namuna bo’lgan holda yuqori malakali ilmiy-pedogogik kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratdi. Hozirgi kunda Z.S.Sirliboyeva rahbarligida ilk bor ilmiy tadqiqot ishlariga qadam qo’ygan talabalari orasidan 30 dan ortiq fan nomzodlari va doktorlari yetishib chiqdi. Olimaning shogirdlari nafaqat Respublikamizda, balki MDH va chet mamlakatlarda ham faoliyat ko’rsatmoqdalar.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.