Zuhra Sirliboyeva
Sirliboyeva Zuhra Salimovna
Birinchi o’zbek gidrolog
olima ayollaridan biri, geografiya fanlari nomzodi, dotsent Sirliboyeva
Zuhra Salimovna 1943-yil 17- dekabrda to’g`ilgan.
Sirliboyeva Z.S. 1961-yilda o’rta maktabni a’lo baholar, aniqrog`i
«Kumush medal» bilan tamomlagan. Ular shu yilning o’zida mamlakatimizning eng nufuzli oliygohi -
Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti (sobiq Toshkent davlat universiteti)
geografiya fakulteti gidrologiya bo’limining talabasi bo’ldi. Ushbu mu’tabar ilm
dargohida tirishqoq talaba N.Dolimov, V.L.Shuls, O.P.Sheglova, H.H.Hasanov, L.I.Shalatova,
L.N.Babushkin, R.Mashrapov, I.R.Alimuhamedov kabi taniqli olimlardan saboq oldi.
Yosh mutaxassis Sirliboyeva Z.S. 1966-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab,
taqsimot bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga
yo’llanma oldi va bu yerda muhandis lavozimida mehnat faoliyatini boshladi.
Bo’lajak
olima 1967-1972-yillarda O’rta Osiyo Irrigatsiya ilmiy tadqiqot instituti (SANIIRI)ning
gidrologiya bo’limida kichik ilmiy xodim lavozimida ishladi. Shu yillarda bo’lim
boshlig`i, O’zR FAning muxbir a’zosi R.A.Alimov rahnamoligida Z.S.Sirliboyevaning
bir necha ilmiy maqolalari chop etildi. Yosh tadqiqotchining ilm-fan yo’lidagi ushbu
ilk qadamlari universitetdagi ustozlarining e’tiboridan chetda qolmadi. Ular 1972-yilda
ustozlari – professorlar V.L.Shuls va O.P.Sheglovalar tomonidan o’zlari bitirib
chiqqan Quruqlik gidrologiyasi kafedrasiga o’qituvchilikka taklif etildi.
Kafedrada jo’shqin pedagogik faoliyat bilan bir vaqtda Z.S.Sirliboyeva
geografiya fanlari doktori, professor O.P.Sheglova rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlarini
ham davom ettirdi. Natijada 1984-yilda ustozimiz «Andijon suv ombori havzasi muallaq
oqiziqlari» mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Dissertatsiya ishi ilmiy jamoatchilik, jumladan, uning rasmiy opponenti, Rossiya
Federatsiyasida xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi, texnika fanlari doktori,
professor A.V.Karaushev tamonidan yuqori baholandi.
Olima mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridayoq,
aniqrog`i 1993-yilda O’zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan
"dotsent” ilmiy unvoniga tasdiqlandi. Shu yillarda kafedrada ustozlar boshlagan
ishlar gidrolog olimlarning ikkinchi avlodi - professor G.Ye.Glazirin, dotsentlar
A.R.Rasulov, G.N.Trofimov, F.H.Hikmatov va boshqalar tomonidan davom ettirildi.
Ular orasida dotsent Z.S.Sirliboyevaning o’rni alohidadir. Ko’pgina yo’qotishlarning
guvohi va shu tufayli kafedra uchun eng og`ir bo’lgan 90-yillarning oxirida uni
boshqarish ustozimiz Zuhra Salimovna zimmasiga yuklatildi. Ularning yuksak darajadagi
ilmiy-pedogogik va rahbarlik salohiyati tufayli O’zMUda gidrologiya va gidrometeorologiya
ta’lim yo’nalishlari yanada rivojlandi, kafedrada magistratura, aspirantura va doktorantura
ochildi.
Rahbar–olimaning
tashabbusi va bevosita rahbarligida O’zMUning Quruqlik gidrologiyasi kafedrasida
shu yillarda yangi o’quv kurslari, jumladan «Suv havzalari gidrokimyosi», «Meliorativ
gidrologiya» kabilar o’qitila boshlandi, ushbu kurslar bo’yicha zamon talablariga
javob beradigan ma’ruzalar matnlari, uslubiy ko’rsatmalar va o’quv qo’llanmalar
yaratildi.
Pedagog–olimaning
o’tkir qalamiga mansub bo’lgan va o’ta ilmiy sinchkovlik bilan yozilgan 100 dan
ortiq ishlari – monografiya, o’quv qo’llanmalari, ilmiy-uslubiy ko’rsatmalari, ilmiy
maqolalari mamlakatimizda gidrologiyaning fundamental fan sifatida keng ko’lamda
rivojlanishiga sezilarli hissa bo’lib qo’shildi. Ayniqsa «Gidrologik hisoblashlar»
o’quv qo’llanmasining o’zbek tilida ilk bor yaratilishi tarixiy voqea bo’ldi.
Ustoz–olima o’z hayoti va mehnat faoliyati davomida
gidrologiya faniga e’tiqodli shogirdlar tayyorlash tamoyiliga qat’iy amal qildi,
o’zlari namuna bo’lgan holda yuqori malakali ilmiy-pedogogik kadrlar tayyorlashga
alohida e’tibor qaratdi. Hozirgi kunda Z.S.Sirliboyeva rahbarligida ilk bor ilmiy
tadqiqot ishlariga qadam qo’ygan talabalari orasidan 30 dan ortiq fan nomzodlari
va doktorlari yetishib chiqdi. Olimaning shogirdlari nafaqat Respublikamizda, balki
MDH va chet mamlakatlarda ham faoliyat ko’rsatmoqdalar.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.