Malohat Yunusova 

3 210

Malohat Yunusova
(1937 – 2000)
O’zbekiston xalq artisti, benazir bastakor va hofiz, akademik Yunus Rajabiyning ota-bobolari va farzandlari bunyod etgan rajabiylar sulolasining o’zbek milliy musiqa va teatr san’ati rivojiga qo’shgan hissasi nafaqat O’zbekistonda, balki xorij mamlakatlarida ham yaxshi ma’lum. Ammo ushbu sulola vakillarining respublikamizda geografiya fani va uni o’qitish metodikasi taraqqiyotiga ham bevosita aloqador ekanidan hammaning ham xabari bo’lmasa kerak. Chunki Yunus Rajabiy oilasining yettinchi farzandi, geografiya fanlari nomzodi, dotsent Malohat Yunusova mamlakatimizda geografiya o’qitish metodikasini takomillashtirishga munosib hissa qo’shgan taniqli o’zbek olimalaridan hisoblanadi.

M.Yunusova 1937-yilning 20-iyulida Toshkent shahridagi Chaqar mahallasida tavallud topgan. Oiladagi ijobiy muhit Malohat opaga yoshligidanoq turli fanlardan chuqur bilim va o’rnak olsa arzigudek tarbiya olish imkonini berdi. Yoshligidan shifokor bo’lishni orzu qilgan bo’lsa-da, oilaviy ravishda tabiat qo’ynida dam olish maqsadida qilingan safarlar Malohat opada geograf bo’lish istagini uyg`otdi. 

Shu bois, u 1955-yilda o’rta maktabni tamomlagandan so’ng O’rta Osiyo Davlat (hozirgi O’zbekiston Milliy) universitetining geografiya fakultetiga o’qishga kirdi. Universitetda N.Dolimov, L.Babushkin, H.Hasanov, N.Kogay, O.Poslavskaya, N.Smirnov kabi ustozlardan ta’lim oldi. Ayniqsa, Malohat opa o’qigan guruhdagi talabalarning ilmga chanqoqligi bo’lajak olimaning geografiya faniga bo’lgan qiziqishini, ushbu fanni yanada chuqurroq o’rganishga bo’lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirdi. 

1960-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan M.Yunusova amaliy faoliyatini O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Geografiya bo’limida ilmiy xodim sifatida boshladi. Mazkur dargohda to’rt yil davomida ilmiy izlanishlar olib borgan yosh mutaxassis 1964 yildan 1968-yilgacha o’rta maktabda geografiya o’qituvchisi bo’lib ishladi. Olimaning 1968-yildan keyingi faoliyati Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika instituti (hozirda universitet) Tabiiyot-geografiya fakulteti bilan bevosita boғliq. U mazkur dargohda dastlab o’qituvchi, keyinchalik katta o’qituvchi va dotsent lavozimlarida ishlagan. 

Olima institutda talabalarga ma’ruzalar o’qish bilan bir qatorda tabiiy geografiya fanini o’qitishda mahalliy tabiat materiallaridan foydalanish masalalari bo’yicha ilmiy izlanishlar olib bordi. Institutdagi faoliyatni maktabdagi dars jarayoni bilan birgalikda olib borish oliy va o’rta maktablarda geografiya o’qitishda qator ilғor pedagogik tajribalarning ishlab chiqilishiga va joriy etilishiga olib keldi.

M.Yunusova tomonidan tabiiy geografiya fanini umumta’lim maktablarining yuqori sinflarida o’qitish samaradorligini oshirish bo’yicha ishlab chiqilgan ilmiy-metodik tavsiyalar asosida Toshkent shahri va viloyatidagi 226, 24, 40, 65, 51-o’rta umumta’lim maktablarida tajriba-sinov darslari olib borilib, keyinchalik ushbu metodlar respublikaning barcha ta’lim muassasalalariga joriy etilgan. 

Olimaning geografiya fanini o’qitish sohasidagi ko’p yillik ilg`or tajribasini o’z ichiga olgan «O’zbekiston tabiiy geografiyasini o’qitishda mahalliy tabiiat ko’rgazmali vositalaridan foydalanish» deb nomlangan o’qituvchilar uchun mo’ljallangan metodik qo’llanmasi 1979-yilda «O’qituvchi» nashriyotida chop etilgan. O’zbekiston tabatining go’zal namunalaridan geografiya darslarida keng foydalanish usullarini aks ettirgan ushbu qo’llanma hozirgi kunga qadar ham o’zining amaliy qimmatini saqlab kelayotir. 

Olima o’zining uzoq yillik ilmiy-pedagogik izlanishlarini professor I.Matrusov va dotsent M.Nabixonovlar rahbarligida Moskva shahridagi Pedagogika Fanlar Akademiyasining Metodika ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda amalga oshirdi. Olib borilgan tadqiqotlarning natijasi sifatida u 1987-yilning yanvarida mazkur institutning ixtisoslashgan ilmiy kengashida «Tabiiy geografiyani o’qitish samaradorligini oshirishda mahalliy tabiat ko’rgazmali vositalarining roli (O’zbekiston maktablari misolida)» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olimaga 1994 -yilning may oyida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasining qaroriga muvofiq geografiya ta’limi metodikasi sohasida dotsent ilmiy unvoni berilgan. 

35 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida olima 50 dan ortiq ilmiy ishlarni, jumladan, bir nechta o’quv qo’llanmalari, metodik tasiyalar va tegishli fanlar bo’yicha ma’ruza matnlarini nashr ettirgan. Chop etilgan ishlari orasida «7-sinf geografiyasini o’rganishda ko’rsatmali vositalarning ahamiyati» (1985), «Talabalarning mustaqil ishlari» (1989), «Yer bilimi va o’lkashunoslik fanini o’rganishda ekskursiya materiallaridan foydalanish» (1990), ««Yer bilimi va o’lkashunoslik» kursi bo’yicha nazorat ishlari»» (1990) kabi ilmiy-metodik ishlanmalarni alohida ko’rsatish mumkin. 

M.Yunusovaning yetuk olima bo’lib yetishishida u uzoq yillar mehnat qilgan  Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti Tabiiyot-geografiya fakulteti jamoasi, M.Nabixonov, O.Mo’minov kabi ustozlari va albatta, umr yo’ldoshi, iqtisod fanlari nomzodi Z.Abrorovning alohida o’rni bor. Malohat opa va Ziyoviddin aka mashaqqatli ilm yo’lini tanlab, birgalikda uch farzandni voyaga yetkazishdi. Farzandlari hozirgi kunda iqtisodiyotning turli sohalarida, jumladan, to’ng`ich o’g`li Zuhriddin neft-gaz, kenjalari Zayniddin transport sohasida faoliyat oldib bormoqda. Қizlari Gulnozaxon esa ona izidan borib, ta’lim metodikasi sohasini tanladi va «Xalq maorifi a’lochisi» ko’krak nishoniga sazovor bo’ldi. U ko’p yillardan beri A.Avloniy nomidagi respublika pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida katta o’qituvchi bo’lib ishlamoqda.        
M.Yunusova 2000 yilning 13 mayida vafot etdi. Nisbatan qisqa umr ko’rgan bo’lsa-da, Malohat opa farzandlari, hamkasblari hamda shogirdlari xotirasida xushchaqchaq, shirinso’z, o’zgalardan maslahati va yordamini ayamaydigan latofatli, mehribon ustoz sifatida bir umrga saqlanib qoldi. 
Sabohat Berdiyeva

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.