Qulmamat Abirqulov 

3 274

QULMAMAT ABIRQULOV
(1937-2016)
Chorvachilik – O'zbekiston iqtisodiyotining asosini tashkil etadigan qishloq xo'jaligining muhim tarmoqlaridan biri. Respublikamizda mavjud cho'l va tog' yaylov resurslari mazkur tarmoqni jadal rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Ammo, arid iqlim mintaqasida joylashgan mamlakatimiz sharoitida yaylovlardan samarali foydalanish, yil davomida chorvachilikning turli yo'nalishlarini hududiy to'g'ri tashkil etish dolzarb ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. O'zbekistonda chorvachilik geografiyasi, uni hududiy tashkil etish muammolarini ilmiy yo'nalish sifatida shakllanishida iqtisod fanlari doktori, professor Qulmamat Nurjonovich Abirqulovning xizmatlari katta. Geograflardan etishib chiqqan ushbu taniqli iqtisodchi olim o'zining ilmiy-pedagogik faoliyatini malakali iqtisodchi mutaxassislar tayyorlash ishiga bag'ishlab, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini hududiy tashkil etish, iqtisodiy faoliyat davomida ekologik masalalarga alohida e'tibor berish bo'yicha salmoqli ilmiy ishlarni amalga oshirgan.
 
Q.Abirqulov 1937-yil 15-mayda Jizzax viloyati G'allaorol tumanida tavallud topgan. 1945-yilda G'allaoroldagi o'rta maktabga o'qishga borib, uni 1955-yili oltin medal (imtiyozli shahodatnoma) bilan bitirib, Moskva avtomobil va yo'llar institutiga o'qishga kirdi. Ammo keyinchalik o'qishni O'rta Osiyo Davlat (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) universitetining Geografiya fakultetiga o'tkazib, iqtisodiy geografiya yo'nalishi bo'yicha davom ettirdi.
 
Talabalik yillaridayoq 1958–1959-yillarda universitet va O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Geografiya bo'limi olimlari tomonidan Janubiy O'zbekistonga uyushtirilgan kompleks ilmiy ekspeditsiyalarda ishtirok etdi. Mazkur ilmiy ekspeditsiyalar yosh mutaxassisda dala sharoitida ilmiy tadqiqotlar olib borish malakasini shakllantirish bilan bir qatorda, O'zbekistonning bepoyon yaylovlaridan xo'jalik maqsadlarida foydlanish imkoniyatlarini iqtisodiy geografik jihatdan chuqurroq tadqiq etishga nisbatan qiziqishini kuchaytirdi. Q.Abirqulovning ekspeditsiya materiallari asosida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy tavsiyalarni o'z ichiga olgan diplom ishi sobiq Ittifoq talabalari ilmiy ishlari tanlovida Moskva va Sankt-Peterburg universitetlari geograf talabalari bajargan ishlardan keyin faxrli 3-o'rinni olishga muvaffaq bo'lgan.
 
1960-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, amaliy faoliyatini O'zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Ishlab chiqarish kuchlarini tashkil etish kengashida kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Fanlar Akademiyasida ishlagan ikki yil vaqt mobaynida (1962-yilgacha) talabalik yillarida boshlagan ilmiy ishlarini rivojlantirdi, ularni birmuncha kengroq miqyosda tadqiq eta boshladi. Ilmiy tadqiqotlarni tizimli amalga oshirish maqsadida yosh mutaxassis 1962-yilda Toshkent xalq xo'jalik institutiga (hozirgi Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti) aspiranturaga o'qishga kirdi. Q.Abirqulovning ana shu vaqtdan boshlab o'tgan 50 yildan ortiq vaqt mobaynidagi ilmiy-pedagogik faoliyati mazkur dargoh bilan chambarchas bog'liq. Olim bu erda oddiy xodimlikdan professor darajasigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tib, respublikaning taniqli fan arboblaridan biriga aylandi.
 
1965-yilda aspiranturani tugatgach, ilmiy-pedagogik faoliyatini Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining iqtisodiy geografiya kafedrasida oddiy xodimlikdan boshlagan. 1966-yilda professor Z.Akramov va A.Azatyan rahbarligida «Samarqand va Buxoro viloyatlari chorvachilik geografiyasi» mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga erishdi. Nomzodlikni yoqlagach, oliy maktabda o'zining pedagogik faoliyatini davom ettirgan yosh, serg'ayrat olim 1969-yildayoq iqtisodiy geografiya ixtisosligi bo'yicha dotsent ilmiy unvonini olishga muvaffaq bo'ldi.
 
Universitetda turli fanlardan ma'ruzalar o'qish bilan birga yosh olim ilmiy tadqiqotlarini davom ettirib, O'zbekistonda chorvachilikning turli yo'nalishlarini (qoramolchilik, qo'ychilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik va boshqa) hududiy tashkil etish va rivojlantirish muammolari bilan chuqurroq shug'ullana boshladi. 1975–1977-yillarda doktoranturada tahsil olgan vaqtida qishloq xo'jaligining mazkur yo'nalishida XX asrning 70-yillarigacha amalga oshirilgan iqtisodiy va iqtisodiy geografik tadqiqot ishlarini qayta tahlil qilib, chorvachilikni O'zbekistonning iqlim, relef va dehqonchilik madaniyati xususiyatlaridan kelib chiqqan holda oqilona joylashtirish va rivojlantirish bo'yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqdi.
 
Chorvachilik geografiyasi sohasida uzoq yillar olib borgan izlanishlar natijasida 1983-yilda «O'zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish va joylashtirish muammolari» mavzusidagi iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olimning doktorlik dissertatsiyasida keltirilgan ilmiy natijalar, ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy xulosa va tavsiyalar O'zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi K.Lapkin, professor G.Kopanev va O'zbekiston Chorvachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Sh.Akmalxonovlar tomonidan yuqori baholangan.
 
1986-yilda olimga Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan professor ilmiy unvoni berilib, u hozirgi Toshkent Davlat universitetining iqtisodiy geografiya kafedrasiga mudir etib saylandi. Ustoz olim ushbu dargohda qariyb 20 yil (2005 yilgacha) rahbarlik qilib, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari uchun malakali iqtisodchi mutaxasislarni tayyorlash ishiga munosib hissa qo'shdi. Olim iqtisodiy yo'nalishdagi mutaxasisliklar uchun iqtisodiy geografiya fanini O'zbekiston Mustaqillikka erishgandan keyin tubdan qayta ko'rib chiqish, mazkur sohadagi qator namunaviy o'quv dasturlarini ishlab chiqishga bevosita rahbarlik qildi.
 
O'rta Osiyo, jumladan O'zbekistonning ba'zi hududlaridagi ekologik vaziyatni iqtisodiy nuqtai nazardan o'rganish va bu sohada etuk iqtisodchi-ekolog mutaxassislar tayyorlash zarurligini inobatga olib, Q.Abirqulovning bevosita tashabbusi bilan Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti «Iqtisodiy geografiya» kafedrasi negizida «Iqtisodiy ekologiya» kafedrasi tashkil etildi. Ushbu yo'nalish bo'yicha o'quv ishlarini yo'lga qo'yishda Buyuk Britaniyaning Tret Nottengem universiteti olimlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari o'rnatildi.
 
50 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Q.Abirqulov 200 dan ortiq ishlar, shu jumladan 2 ta monografiya, 5 ta ilmiy risola, bitta darslik, 12 ta o'quv va 7 ta uslubiy qo'llanmalar hamda qator ilmiy maqolalarni e'lon qilgan. Nashr etilgan asarlari orasida «O'zbekiston iqtisodiy geografiyasi» (2001), «Resurstejamkorlik» (2002, hammuallif), «Iqtisodiy geografiya» (2004), «Ekologiya» (2004, hammuallif), «Ijtimoiy ekologiya» (2004, hammuallif), «Atrof muhit muhofazasi» (2004, hammuallif), «Tabiatdan foydalanish iqtisodiyoti» (o'zbek va rus tillarida, 2004, hammuallif) kabilarni alohida ajratib ko'rsatish mumkin. Shuningdek, olim «Iqtisodiy geografiya va ekologiya», «Atrof muhit muhofazasi» va «Tabiatdan foydalanish iqtisodiyoti» kabi fanlar bo'yicha namunaviy dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan.
 
Q.Abirqulov 1985-yildan buyon qator ilmiy muassasa va oliy o'quv yurtlari qoshidagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo'yicha ixtisoslashgan kengashlarning a'zosi sifatida mamlakatimizda yuqori malakali iqtisodchi va geograf mutaxassislar tayyorlash ishiga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Ustozning bevosita rahbarligida 10 ga yaqin fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
 
Qulmamat aka iqtisodchi-geograf olim sifatida dunyoning turli mamlakatlariga sayohat qilib, safarlaridan olgan taassurotlarini o'zining ilmiy-pedagogik faoliyatida keng foydalanib kelmoqda. Talabalik yillaridayoq 1957-yilda VI Butunjahon yoshlari va talabalari festivalida ishtirok etgan. Olim MDH davlatlarining barchasi, Sharqiy Yevropa mamlakatlari, AQSh, Malayziya, Turkiya, Italiya, Vatikan, Gretsiya, Ispaniyaga sayohat qilib, ulardagi iqtisodiyot tarmoqlarini tashkil etish masalalari bilan yaqindan tanishib, tegishli ilmiy hisobotlarni tayyorlagan.
 
Q.Abirqulovning ko'p yillik samarali ilmiy-pedogogik faoliyati munosib taqdirlangan. Olim bir necha marta O'zbekiston Respublikasi Oliy va O'rta maxsus ta'lim vazirligining faxriy yorliqlari, «Shavkatli mehnati uchun» va «Mehnat faxriysi» medallari, 2001-yilda «O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 10 yil» ko'krak-nishoni bilan taqdirlangan.
 
O'zbekistonda iqtisodiyot va iqtisodiy geografiya fanlarini rivojlantirish va malakali mutaxassislarni tayyorlash ishiga qo'shgan hissasi uchun Q.Abirqulovga Yurtboshimizning farmonlari bilan 1992-yilda «O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni berildi. Shuningdek, ustozga 1997-yilda Toshkent Davlat universitetining «Faxriy professor» va 2005-yilda «Xizmat ko'rsatgan professor» unvonlari berilgan. 
Sabohat Berdiyeva

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.