Viktor Lvovich Shuls 

4 191

 

Viktor Lvovich Shuls
(1906-1976)
 O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi, geografiya fanlari doktori, professor. Nafaqat O’zbekiston, balki sobiq Ittifoqda gidrologiya fanining rivojiga katta hissa qo’shgan taniqli olim. 
 U 1937-yildan O’rta Osiyo davlat universitetida, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, pedagogik faoliyat ko’rsata boshlagan. Olim 1944-yil sentyabrdan universitetga to’liq ishga o’tib, bir yil o’tgach, ya’ni 1945-yilda professor  V.M.Chetirkin bilan birgalikda, O’rta Osiyo davlat universitetining Geografiya fakultetida, O’rta Osiyoda yagona bo’lgan «Quruqlik gidrologiyasi» kafedrasini tashkil etdi. Ushbu kafedraning zimmasiga xalq xo’jaligi, ayniqsa, suv xo’jaligi va gidrometeorologiya xizmati uchun juda zarur bo’lgan muhandis-gidrologlarni tayyorlash, shu maqsadda o’quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqish, ushbu me’yoriy hujjatlarda O’rta Osiyoning o’ziga xos bo’lgan gidrologik xususiyatlarini aks ettirish kabi vazifalar yuklandi.
 V.L.Shuls 1949-yilda Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburgda o’zining «Reki Sredney Azii» nomli monografiyasini chop ettirdi. Asarning ilmiy va amaliy ahamiyati olimlar hamda mutaxassislar tomonidan yuksak baholandi. Uning muallifi, ya’ni V.L.Shulsga geografiya fanlari doktori ilmiy darajasi hamda professor unvoni berildi. Shu yili V.L.Shuls «Quruqlik gidrologiyasi» kafedrasi mudiri lavozimini egallab, unga qariyb chorak asr (1949-1973-yillar) davomida rahbarlik qildi. 
 Professor V.L.Shuls fan va ishlab chiqarishning o’zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratgan. U o’zining ilmiy-pedagogik faoliyatini ilmiy tadqiqot institutlari, suv xo’jaligi korxonalari bilan hamkorlikda olib bordi, yirik loyihalarda maslahatchi-gidrolog sifatida ishtirok etdi. V.L.Shuls tomonidan to’plangan gidrologik ma’lumotlar, u bergan ilmiy tavsiyalar Katta Farg`ona, Toshkent, Janubiy Mirzacho’l kanallari, Farhod to’g`oni, Qayroqqum, Kosonsoy, Kattaqo’rg`on kabi suv omborlari qurilishlarida asos sifatida qabul qilindi.
Olim o’zining tadqiqotlari natijasida O’rta Osiyo daryolari oqimining hosil bo’lish qonuniyatlarini aniqladi va shu asosda ilk bor ularni hisoblash usullarini ishlab chiqdi. Professor V.L.Shulsning ilmiy va nazariy qarashlari uning 100 dan ortiq ishlarida, jumladan, 14 ta yirik monografiyalarida o’z aksini topgan. 
Hozirgi kunda olimning "Tayaniye snejnikov v gorax Sredney Azii” (Toshkent, 1956), "Reki Sredney Azii” (Leningrad, 1965), "Reki Afganistana” (Toshkent, 1967), "O’rta Osiyo gidrografiyasi” (hammuallif - R.Mashrapov, Toshkent, 1969) kabi yirik asarlari har bir mutaxassisning kitob javonidan munosib o’rin olgan. 
  Professor V.L.Shuls uzoq yillar (1959-1976) davomida O’zbekiston Geografiya jamiyati prezidenti lavozimida uni boshqargan. Uning ilmiy rahbarligida 20 dan ortiq fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan. Ilmiy-pedagogik faoliyati va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash hamda fanni rivojlantirishdagi katta xizmatlari e’tiborga olinib, professor V.L.Shulsga «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi» (1958) unvoni berilgan, u hukumat mukofotlari bilan taqdirlangan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.