Rustam Qurboniyozov 

4 888

 

 Rustam Qurboniyozov
(1945-2003)  

  "O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi", pedagogika fanlari nomzodi, dotsent  Rustam Qurboniyozov    1945-yil 30-mart kuni Xorazm viloyati Gurlan tumanining Do`simbiy qishlog`ida tug`ilgan. 1951-1961-yillarda o’rta maktabda ta’lim olgan hamda uni "a’lo” baholarga tamomlagan. 1961-yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti geografiya-biologiya yo’nalishi talabaligiga qabul qilingan. 1963-1966-yillarda harbiy xizmatni o’tagach, oliygohdagi o’qishni davom ettiradi va 1969-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutni yaxshi natijalar bilan tamomlab, maktabda geografiya fani o’qituvchisi vazifasida o’z faoliyatini boshlagan. 
  Rustam Qurboniyozov Xorazm viloyatidagi dastlabki namunaviy geografiya xonasini talab darajasida shakllantirgan. Ustozning ta’lim bergan shogirdlari fan olimpiadalarida faol qatnashib, ketma-ket 8 yil davomida respublika bosqichida yetakchilikni qo’lga kiritib kelgan. Mazkur xizmatlari uchun 1975-yilda "Xalq ta’limi a’lochisi" ko’krak-nishoni bilan taqdirlangan hamda mazkur faol pedagogik xizmatlari uchun davlat tomonidan munosib taqdirlangan. O’zining mehnatkashligi va ta’lim sohasida erishayotgan yutuqlari tufayli 1978-yilda ikkinchi marta "Xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak-nishoni bilan taqdirlangan Rustam Qurboniyozov ilmiy izlanish maqsadida Moskva Davlat Universiteti professori, pedagogika fanlari doktori I.S.Matrusov rahbarligida tadqiqotlar olib borgan va 1987-yilda pedagogika fanlari bo’yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1981-yildan 1988-yilgacha Toshkent Xalq xo’jaligi instituti Xiva filialida direktor o’rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. 1988-yildan 1992-yilgacha Toshkent Davlat Universitetida (hozirgi O’zbekiston Milliy Universiteti) dotsenti. 1992-yildan to umrining oxirigacha Urganch Davlat Universiteti Geografiya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko’rsatgan. Rustam Qurboniyozov 2003-yil 10-mart kuni bevaqt olamdan o’tgan. 
  Ilmiy faoliyati davomida 100 dan ortiq maqola va 50 ga yaqin darslik, qo`llanma va o’quv-uslubiy qo`llanmalar muallifi Rustam Qurboniyozov 2000-yilda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan.  2002-yilda uning qalamiga mansub "Umumiy geografiya” darsligi "Yilning eng yaxshi darsligi” ko`rik-tanlovining Respublika bosqichida 2-o’rinni egallagan. Hozirgi kundagi umumiy o’rta ta’lim maktablarida o’qitilayotgan 5-sinf o’quvchilari uchun mo`ljallangan "Tabiiy geografiyaning boshlang`ich kursi" darsligi mualliflaridan biri sanaladi. Ustozning ruhi shod, oxirati obod bo`lsin.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.