Abdulla Mamatov 

3 797

Abdulla Mamatov 
(1937) 
Qashqadaryo viloyatining sharqiy, shimoliy-sharqiy va janubiy qismida yastanib yotgan Zarafshon tizmasining janubiy yonbag'irlari hamda Hisor tog'larining g'arbiy tizmalarida qator mashhur g'orlar joylashgan. Ushbu g'orlar mamlakatimiz tabiatining noyob obidalari bo'lish bilan birga ekologik sayyohlikni rivojlantirishning muhim manbalari hisoblanadi. Ilmiy-pedagogik faoliyatini Qashqadaryodagi ana shunday tabiat ajoyibotlarini o'rganish hamda ularni o'lkashunoslik va sayyohlik nuqtai nazaridan baholashga bag'ishlagan olimlardan biri – geografiya fanlari nomzodi, dotsent Abdulla Mamatovdir. Olim pedagogik faoliyat bilan bir qatorda Qashqadaryo geografiyasining turli jihatlarini chuqur o'rganib, qator asarlar yaratgan.
 
A.Mamatov 1937-yilning 7-noyabrida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining Qorabog' qishlog'ida tug'ilgan. 1946–1956-yillarda Qorabog'dagi 3-o'rta maktabda, 1956–1961-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universitetining geologiya-geografiya fakultetida tahsil olib, tabiiy geografiya mutaxassisligi bo'yicha oliy ma'lumotga ega bo'lgan. Mehnat faoliyatini 1961-yilda Qamashi tumanidagi 2-o'rta maktabda geografiya o'qituvchisi sifatida boshlagan. 1963-yilda Samarqand Davlat universitetiga aspiranturaga o'qishga kirdi. Aspiranturada o'qigan davrida taniqli karstshunos olim geologiya – mineralogiya fanlari nomzodi, dotsent Ya.Levenning ilmiy rahbarligida Qashqadaryo chap irmoqlari havzasi, ya'ni Hisor tog'lariga tutash hududlarda karst hodisasining o'ziga xos xususiyatlari bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordi.
 
1966-yilda yosh olim Qarshi Davlat Pedagogika institutiga (hozirgi Qarshi Davlat universiteti) ishga taklif etildi. Pedagogik jarayonni ilmiy faoliyat bilan qo'shib olib borgan A.Mamatov 1968-yil aprelda Ozarbayjon Fanlar Akademiyasining Geografiya institutida «Qashqadaryo chap irmoqlari havzalari hududida karst» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur ilmiy tadqiqot ishida Janubiy O'zbekistonning tog'li qismida tog' jinslarining suvda erishi natijasida er usti va osti relef shakllarining hosil bo'lish hususiyatlari o'rganilib, ularning tabiiy geografik, geomorfologik va geologik jihatlari batafsil yoritilgan.
 
A.Mamatov dissertatsiyani himoya qilganidan keyin Qarshi Davlat pedagogika institutidagi geografiya fanlari nomzodlari soni ikki kishiga etdi. Chunki o'sha vaqtlarda Qarshida, keyinchalik Termizda ishlagan A.Ro'ziev 1967-yilda fan nomzodi bo'lgan. Shu bois, 1968-yilda Qarshi Davlat pedagogika instituti tarkibida geografiya kafedrasi tashkil etilib, 1969-yil iyunda A.Mamatov uning mudiri etib saylandi. Olim M.Yangiboev, I.Toirov, R.Ahmedov va A.Najimov kabi qashqadaryolik tajribali geograflar bilan birga O'zbekiston janubida ilk bor geografiya bo'yicha ilmiy-metodik markazni shakllantirishga kirishdi. Taniqli o'zbek geograf olimlari Z.Akramov, M.Umarov, H.Hasanov, A.Hisomov, P.Baratov, A.Mo'minov, M.Nabixonov, A.Saidov va boshqalar Qashqadaryoda geografiya fanining rivojlanishi, iqtidorli mahalliy yoshlardan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda sidqidildan yordam berdilar.
 
1969–1975 va 1976–1978-yillarda Qarshi pedagogika instituti geografiya kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan A.Mamatovning sa'y-harakatlari bilan I.Usmonov, I.Toirov, Sh.Xoliqulov, L.Erdonov kabi yosh mutaxassislar Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburg kabi shaharlarga aspiranturaga o'qishga yuborildi. Bugungi kunda ular Qarshi va Samarqanddagi oliy o'quv yurtlarida malakali mutaxassislar tayyorlash borasida samarali ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqdalar.
 
Nomzodlik ishini karst jarayoni bo'yicha himoya qilgan bo'lsa-da, A.Mamatovning ilmiy faoliyati keng qirrali bo'lib, Janubiy O'zbekiston tabiati, tabiiy resurslarni baholash, tabiiy geografik jarayonlar, Janubiy O'zbekiston tabiatini muhofaza qilish kabi qator yo'nalishlarni o'z ichiga oladi. Olim ushbu masalalarga oid 150 ga yaqin ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlarni e'lon qilgan. Chop etilgan ilmiy ishlari o'rtasida «Navoiy tasavvurida yurt tabiati va jahon geografiyasi» (2000, hammuallif), «Ommabop geografiya» (2006, hammuallif), «Hisor qo'riqxonasi O'rta Osiyo tog' tabiatining andozasi» (2010, hammuallif) kabi monografiyalar, «Qashqadaryo viloyati geografiyasi» (1994), «O'zbekiston Respublikasi geografiyasi o'quv dasturi (geografiyadan boshqa barcha mutaxassisliklar uchun)» (1997) kabi o'quv-uslubiy qo'llanmalarni alohida ko'rsatish mumkin. Olim hammuallif sifatida ishtirok etgan 2010-yilda o'zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan «O'zbekiston tabiati: Qashqadaryo» kitob-albomi Moskva va Dubaydagi xalqaro kitob ko'rgazmalarida sovrinli o'rinlarga sazovor bo'lgan. Shuningdek, A.Mamatovning Qashqadaryo viloyati tabiatiga oid 20 ga yaqin ilmiy maqolalari O'zbekiston Milliy entsiklopediyasiga kiritilgan.
 
Qashqadaryo geograflaridan birinchi bo'lib fan nomzodi ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo'lgan olim qator xalqaro va mintaqaviy ilmiy anjumanlarda Janubiy O'zbekiston tabiiy geografiyasining dolzarb muammolari bo'yicha chiqishlar qilgan. Shuningdek, ustoz Qashqadaryo viloyati pedagog hodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida muntazam ravishda geograf-o'qituvchilarga ma'ruzalar o'qib, uzoq yillar davomida maktab o'quvchilarining geografiya fani bo'yicha viloyat olimpiadasi hakamlar hay'atiga boshchilik qildi.
 
Geografiya fani Yer sharining yaxlitligi, turli-tumanligi haqida ma'lumot berish orqali sayyoramizni kelajak avlod uchun ko'z qorachig'iday saqlashga o'rgatishdek faxrli va o'ta masuliyatli vazifani bajaradi. O'zbekiston xalq maorifi a'lochisi, «Mehnat faxriysi» medali sohibi, «O'zbekiston Mustaqilligiga 10 yil» ko'krak-nishoni bilan taqdirlangan, ammo hamon ilmiy izlanishda bo'lgan kamtarin olim A.Mamatov ilmiy va pedagoglik faoliyatida xuddi ana shu tamoyilga amal qilib, fan rivoji yo'lida xizmat qilishda davom etmoqda.
Sabohat Berdiyeva

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.