25-dekabr Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumani tashkil etilgan kun. 

2 807

Nukus tumani - 1968 yil 25 dekabrda tashkil etilgan. G’arbda Xo’jayli, shimoliy-g’arbda Amudaryo orqali Qanliko’l tumani, sharqda Qorao’zak, shimoliy-sharqda Kegeyli, shimolda Bo’zatov tumanlari, janubiy-sharkda Amudaryo tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,0 ming km². Tumanda 1 sha-harcha (Oqmang’it), 6 ovul fuqarolari yig’ini (Arbashi, Baqanshaqli, Kerder, Samanbay, Taqirko’l, Qirontov) bor. Markazi-Oqmang’it shaharchasi. Tabiati: Tuman hududi Qoraqalpog’istonning markazida, quyi Amudaryoning sharqiy sohilidagi past-tekislikda joylashgan. Relyefi, asosan, pastbaland tekisliklar, g’arbiy qismi Amudaryo botig’i, sharqiy qismi qum do’nglari va qator qum tepalaridan iborat. Balandligi 100 metr. Shimoliy va janubiy-g’arbiy qismida yer usti Amudaryo oqizib keltirgan unumdor allyuvial va eol yotiq-tekisliklaridan tuzilgan. Asosan, botqoq, o’tlog'i-botqoq, o’tlog'i-taqir, Amudaryo bo’ylarida esa sur-qo’ng’ir va o’tlog'i-cho’l tuproqlar tarqalgan. Bu yerlarda dehqonchilik va o’rmon xo’jaliklarini rivojlantirish uchun qulay sharoit mavjud. Tumanning janubiy qismi geologik jihatdan Sulton Uvays tog’ining davomi hisoblanadi. Lekin, relyefida uning tog’li xususiyati yaxshi saqlanmagan. Baland tepaliklar Amudaryo bo’yidagi kichik allyuvial pasttekisliklar bilan almashinib boradi. Tepaliklarning eng baland joyi 149 metr (Beshto’be). Land-shaft jihatidan tumanning bu qismi Qoraqolpog’iston Qizilqumining davomidir. Tuman hududida sug’orish kanallari, zovurlar (kollektorlar), turli xil kattalikdagi ko’tarmalar bor. Qurilish materiallaridan tosh, shag’al, qum kup. Tumandagi Nazarxon ko’li, Sapokko’l bilan bir necha kichik ko’llar xo’jalik ahamiyatiga ega. Nazarxon, Cho’rtonboy, Samanboy o’rmon xo’jaliklari mavjud. Turang’il daraxti yog’ochi mebel tayyorlashda ishlatiladi. Tuman hududida tabiiy kompleksni qayta tiklash va uning resurslaridan oqilona foydalanish bo’yicha ishlar qilinmoqda. Aholisi asosan qoraqalpoqlar (60,8%), shuningdek qozoq (30%), o’zbek (8,7%), rus, turkman, koreys, tatar va boshqa millat vakillari (0,5%) ham yashaydi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.