1943-yil 20-yanvarda Qashqadaryo viloyati tashkil etilgan kun
Respublikaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. 1943-yil 20-yanvarda tashkil etilgan. 1960-yil 25-yanvarda Surxondaryo viloyatiga qo‘shildi. 1964-yil 7-fevraldan yangidan tashkil qilindi. Maydoni 28,6 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklar, shuningdek, tojik, turkman, rus, qozoq, ukrain, ozarbayjon, koreys, qirg‘iz, turk, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tarkibida 13 qishloq tumani, 12 shahar, 4 shaharcha,147 qishloq fuqarolari yig‘ini bor. Markazi – Qarshi shahri.
Viloyat hududi Qashqadaryo havzasida, Pomir-Olay tog‘ tizmasining g‘arbiy chekkasida, Amudaryo va Zarafshon daryolari orasida joylashgan. Asosan, Qashqadaryo botig‘ini o‘z ichiga olgan bo‘lib, shimoliy-sharqda Zarafshon hamda Hisor tizma tog‘lari bilan o‘ralgan. Tog‘lar bilan tekisliklar orasida adirlar. Tekislikning katta qismi g‘arbda Sandiqli va Qizilqum cho‘llari bilan tutashgan Qarshi cho‘lidan iborat. Iqlimi kontinental,qishi nisbatan yumshoq, yozi uzoq (155-60 kun, issiq, quruq. Yanvarning o‘rtacha temperaturasi 0,2 dan 1,9 gacha, iyulniki 280-29,50. Eng yuqori temperatura 450. Eng past temperatura – 200. Yiliga tekisliklarda 290-300 mm, adirlarda 520-550 mm, tog‘larda 550-650 mm yog‘in tushadi, asosan, bahor va qishda yog‘adi, yozda garmsel esadi. Vegetatsiya davri tekisliklarda 290-300 kungacha.
Asosiy daryosi – Qashqadaryo. Uning irmoqlari – Jinnidaryo, Oqsuv, Yakkabog‘daryo, Tanxozdaryo, G‘uzordaryo (Katta va kichik O‘radaryo bilan birga). Daryo suvidan, asosan, sug‘orishda foydalaniladi. Chimqo‘rg‘on, Qamashi, Pachkamar suv omborlari; Fayziobod, 8-mart, Eskibog‘, Eski Anhor, Koson, Paxtaobod, Qarshi va boshqa kanallar bor.
Sug‘oriladigan yerlar tuprog‘i, asosan, tipik va och bo‘z, Kitob-Shahrisabz soyligida ko‘proq qumoq tuproqlar mavjud. Tog‘larda balandlik mintaqalari bo‘ylab tipik bo‘z tuproqlar tarqalgan. Viloyatda 76,6 ming gektar o‘rmon mavjud. O‘rmonlarning asosiy qismini archa va saksovulzorlar tashkil etadi. Tog‘ yon bag‘irlari har xil o‘t o‘simliklari bilan qoplangan, shuningdek, butazorlar ham bor. Tog‘ o‘rmonlari archa, bodom, pista, jiydazorlardan iborat. Tog‘larda, shuningdek, na’matak, zirk, chakanda, anzur piyozi, qora zira o‘sadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.