A - harfiga oid bo`lgan ma`lumotlar to`plami 

1349

Abadiy muzloq yer — mangu tung yer; Ko`p yillik muzloq yer, doimiy muzloq yer.
Abiogen bosqich — geografik qobiq paydo bo`lishi va rivojlanishining organik hayotsiz ilk bosqichi. Geografik qobiq o`z rivojlanishi davomida abiogen bosqichdan biogen bosqichga, so`ngra esa, inson paydo bo`lgach, antropogen bosqichga o`tgan. Abiogen bosqich geografik qobiq taraqqiyotining paleozoy erasigacha bo`l­gan davrini o`z ichiga oladi. U tobiogen (dobiogen) bosqich ham deb ataladi.
Abiogen komponentlar — Yer po`s­ti, havo va suv geografik qobiq hamda landshaftlarning abiogen (noorganik) komponentlarini tashkil etadi.
Abiogen landshaftlar — asosan abiogen komponentlardan tashkil topgan, ya’ni biogen komponentlar (o`simlik va hayvonot dunyosi hamda mikroorganizmlar) ishtirokisiz paydo bo`lgan landshaftlar. Hozirgi abiogen landshaftlarga Antarktidaning markaziy qismlari va Grenlandiyaning muz qalqonidagi, shuningdek Himolay va boshqa eng baland tog`larning chuqqilaridagi landshaft­lar kiradi. Abiogen landshaftlar asosan hayotsiz bo`lsada, unda biosfera mahsulotlari — atmosfera kislorodi, ohaktoshlar va boshqa cho`kindi jinslar bor. Oy landshaftlari ham abigen landshaftdir.
Abiogen omillar — geografik qobiq va landshaftlarning anorganik omillari.
Abissal yotqiziqlar — dunyo okeani tubining 90% qismida mayda hayvon organizmlarining skeletlaridan, quruqlikdan shamol yoki dengiz oqimi natijasida keltirilgan mineral zarrachalardan, kosmik changlardan hosil bo`lgan cho`kindilar. Bunday yotqiziqlar ko`pincha 3 km ortiq chuqurlikda paydo bo`ladi.
Abbissal oblast — okeanlarning 2000 m dan chuqur qismi. Abissal oblastda suv sekin harakat qiladi, harorati 0 darajaga yaqin va butunlay qorong`i bo`ladi. Quyosh nuri yetib bora olmaganligi va bosim katta bo`lganligidan abyssal oblastda bakteriya va sap­rofit suvutlardan boshqa o`simlik organizmlari yo`q. Sezgi organlari juda taraqqiy etgan ayrim hayvonlar uchraydi.
Ablyatsiya (latincha ablatsio— olib ketish) - 1) muzlik massasining erish, bug`lanish va mexanik parchalanish natijasida kamayishi; 2) nuragan tog` jinslarinipg oqar suv, muz, shamol yordamida ko`chishi. 

Aborigenlar (lotincha aborigines — dastlabdan, boshdan) — 1) biror mamlakat, o`lkaning qa dimdan yashab kelayotgan tub aholisi; 2) o`simlik va hayvonlarning bir joyning o`ziga qadimdan xos bo`lgan mahalliy, jaydari nav va zotlari, avtoxton organizmlar.


Abraziya (lotincha abrazio - sidirish) - to`lqin ta’sirida qirg`oqning yemirilishi va tekislanishi.


Absolyut balandlik, mutlaq balandlik - yer yuzidagi muayyan nuqtaning okean o`rtacha sathi dan tik balandligi. Okean sathidan baland nuqtalar musbat belgi (+), past nuqtalar manfiy belgi (—) bilan belgilanadi. Absolyut balandlik nivelirlash yordamida aniqlanadi. 


Absolyut geologik yosh — biror geologik hodisa sodir bo`lgan zamondan boshlab hozirgi davrgacha o`tgan vaqt. Absolyut geologik yosh ming va mln. yillar bilan hisoblanadi va minerallar tarkibiga kirgan radioak­tiv elementlarning (uran, toriy, va boshqalarning) parchalanishi, cho`kindilarning yotqizilish tezligi va lentasimon gil qatlamlarining soni hamda qalinligiga qarab aniqlanadi.


Absolyut (mutlaq) namlik -1 m.kub havodagi suv bug`i miqdori.


Avtomorf tuproq — yer osti suvlarining ta’siri bo`lmagan sharoitda vujudga kelgan tuproq. Avtomorf tuproqli maydonlarda yer osti suvlari 5 metr va undan ham chuqurroqda bo`ladi. Podzol, qora, kashtan va bo`z tuproqlar bunga misol bo`la oladi.


Avtonom landshaftlar - tuproq–o`simlik qoplami sizot suvlar ishtirokisiz, asosan yoginlar ta’siridagina rivojlanadigan elementar landshaftlar. Avtonom landshaftlar suvayirg`ichlarda plakor sharoitida rivojlanadi. B.B.Polinov fanga kiritgan elyuvial land­shaftlar terminining sinonimi; Avtonom landshaftlar avtomorf tuproqlarda hosil bo`ladi. 


Avtonomiya (yunoncha autonomia — mustaqillik) — biron davlat tarkibidagi ayrim millatning siyosiy va ma’muriy jihatdan o`z-o`zini boshqarish huquqi.


Avtoxton landshaftlar — aso­san shu joydagi (mahalliy) o`sim­lik va hayvon turlarining tabiiy sharoit ta’sirida o`zgarishi nati­jasida vujudga kelgan landshaft­lar. Avtoxton landshaftlar relikt flora va fauna elementlariga boy o`lkalarda, chunonchi, Janubiy Uzoq Sharqda va Zakavkazening nam subtropiklarida keng tarqalgan. Yakutiyaning tayga o`rmonlari orasidagi sovuq o`tlog`i dashtlar landshaftlari ham Avtoxton landshaftlardir.


Algomerat (lotincha agglomero — qo`shib olaman) - 1) xilma-xil shakldagi har xil tog` jinslari parchalari. Aglomeratlarning sementlashishidan brekchiyalar, tuflar hosil bo`ladi. 2) Mayda ruda yoki kukunsimon metallarni maxsus mashinalarda qovushtirib hosil qilingan yirik bo`laklar.


Aglomeratsiya, aholi punktlari aglomeratsiyasi — aholi punktlarining, xususan shaharlarning bir-birlariga qo`shilishib yagona urbanizatsion va huquqiy iqtisodiy zona hosil qilishi. Aglomeratsiyada aholi zich bo`lib, xilma-xil ishlab chiqarish tarmoqlari, birinchi galda sanoat korxonalari, ilmiy va o`quv muassasalari va boshqa yuksak darajada konsentratsiyalashgan bo`­ladi.  


Agrar munosabatlar (lotincha agrarius - yer) - qishloq xo`jaligida kishilar o`rtasida bo`lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar. Agrar munosabatlar shu jamiyatda yer kimning qo`lida ekanligiga (yer egaligiga), yerda kim va qanday shart bilan ishlayotganiga (yerdan foydalanish shakliga) qarab farq qiladi. Har bir ijtimoiy tuzumda yer egaligi va yerdan foydalanishning o`z shakllari va shu shakllarga mos agrar munosabatlar amal qiladi.


Agrar-sanoat kompleksi — muayyan hududda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan hamda qayta ishlaydigan va bir-birlari bilan bog`langan qishloq xo`jaligi va sanoat korxonalarining bo`lishi.


Agroiqlimshunoslik (yunoncha agros — dala) — iqlimni qishloq xo`jaligining, asosan dehqonchilikning muhim omili sifatida o`rganuvchi fan. Agroiqlimshunoslikning asosiy vazifasi iqlim bilan qishloq xo`jalik ekinlarining o`sishi, rivojlanishi va oqilona joylashtirilishi o`rtasidagi munosabatni aniqlashdan, agrotexnika va me­lioratsiya tadbirlarini iqlimiy jihatdan asoslab berishdan va h.k. lardan iborat. Qishloq xo`jalik ekinlarini iqlim va mikroiqlim sharoitiga ko`ra rayonlashtirish, ya’ni agroiqlimiy rayonlashtirish agroiqlimshunoslikning bosh masalasidir.


Agrotexnika — ekinlarni parvarishlash, ulardan yuqori va sifatli hosil olish usullarining majmui. Yerni haydash, tekislash, boronalash va ekishga tayyorlashning boshqa usullari, ug`itlash, sug`orish, urug`ni ekishga tayyorlash (saralash, dorilash, ivitish va b.), ekish va hosil yig`ib-terib olinguncha o`simlikni parvarish qilish ishlari agrotexnika usullaridandir. Agrotexnikaga almashlab ekishni joriy qilish, o`simlik qoldiqlarini daladan yig`ishtirib olish, kuzgi shudgorlash, yaxob berish, sifatli ururlik tanlash, ekish sxemalarini to`g`ri qo`llash, ko`chatlarnnng normal qalinlikda bo`lishiga erishish, o`g`itlardan to`g`ri foydalanish, ekinni qat’iy rejim bo`yicha sug`orish, o`simlikning ildiz sistemasini zararlantirmaslik, ekinzorlarni begona o`tlardan toza tutish, zararkunanda va kasalliklarga chidamli navlarni ekish va h.k. ham kiradi.
Adaptatsiya (lotincha adaptatsio - moslashuv) - 1) organizmlarning yashash sharoitiga moslashishi; 2) sezgi a’zolarining o`ziga ta’sir etadigan qo`zgatuvchilarga moslashishi natijasida ularda sezgirlik darajasining o`zgarishi (masalan, ko`zning yorug`lik yoki qorong`ilikka moslashuvi).

Adveksiya (lotincha advek­tsio - eltish) - havo massalari va ularning fizik hossalari (harorat, namlik va h. k.) ning gorizontal yo`nalishda ko`chishi. Biror hududdagi ob-havo va meteorolologik elementlar ikkinchi bir hududga gorizontal ko`chganda adveksiya yuz beradi.
Adirlar — O`rta Osiyo tog`lari etagidagi cho`l va chala cho`l qirlar. Neogen va antropogen davrlarning cho`kindi tog` jinslaridan tarkib topgan. Farg`ona, Hisor, Surxondaryo vodiylarida ko`proq konglome­rat va chaqir toshlardan iborat bo`lib, ba’zi joylarida lyoss bi­lan qoplangan. Adirlar pasti-baland bo`ladi. Ularni ko`p joylarda soy hamda jarlar kesib o`tib, ayrim-ayrim qismlarga bo`lib yuborgan. Adirning mutlaq balandligi 400-500 m dan 1000-1500 metrgacha boradi. Adirlar baland tog` etaklaridan tektonik botiqlar orqali ajralgan bo`ladi. Bahor paytlarida adirlarda rang-barang o`tlar, lolalar o`sib yotadi. Xo`jalikda adirlardan bahorgi yaylov sifatida foydalaniladi, yog`in ko`proq tushadigan joylarda g`alla yetishtiriladi. Kopetdog` va Qrimda tof etaklaridagi shunday balandliklar bayirlar deb yuritiladi. Qozog`iston va Qirg`izistonda uncha katta bo`lmagan qoldiq qir va tog`lar ham adir deb yuritiladi.

Ayoz - qish faslida havo ochiq, toza bo`lgandagi sovuq kunlar. Odatda O`rta Osiyo antitsikloni yoki sovuq Arktika havosi kelgan paytlarda ro`y beradi.
Azimut (arabcha as-sumut – yo`l) -joy yoki kartada shimol yo`nalishi bilan tanlangan pred­met yo`nalishi orasidagi burchak. Azimut burchaklari shimol yo`nalishidan soat strelkasi bo`ylab o`lchanadi.
Azon - kun chiqishdan oldingi payt, erta tong.
Azonallik - zonallikdan ko`­ra mahalliy sharoit ta’siri kuchli bo`lgan landshaftlarning tarqalishi. Masalan, qayir landshaftlari, qum landshaftlari (cho`llardan tashqaridagi), ohaktoshli karst landshaftlari, avtoxton land­shaftlar va boshqalarda zonallik qonuniyati deyarli aks etmaydi. Ba­landlik mintaqalarining tarqalishi ham azonallikka kiradi.

Azonallik - landshaftlarning rivojlanish va tarqalishidagi asosiy qonuniyatlaridan biri. Azonal landshaft­lar shakllanishining asosiy omillari tuproq-grunt qoplami, namlik, topografik o`rni, geologik tuzilishi va boshqa o`ziga xosligidir.
Aydar — ustida tosh parchalari uyulib qolgan qir, tepa, dunglar, ya’ni tosh kokilli do`nglar. Shamol qirlarning ustki qismidagi g`ovak mayda jinslarni uchirib ketishidan hosil bo`ladi. Joy nomlari sifatida ham ishlatiladi: Aydar sho`rxogi, Aydarli qo`rg`oni.
Ayri, ayrilish - daryolar, tog` tizmalari, yo`llarning bo`lingan, tarmoqlangan joyi.

Aysberglar (Gollandcha iys - muz, nemischa berg – tog‘) -okean, dengiz va ko`llarda suzib yuradigan yoki sayozliklarga o`tirib qoladigan katta muz palaxsalari. Suvga tushib kelayotgan muzliklarning sinishidan hosil bo`ladi. Aysberglar asosan Antarktida, Ka­nada Arktika arxipelagining shimoliy orollari, Grenlandiya qirroqlarida vujudga keladi. Muz hamda suvning zichligiga qarab, 80-90% qismi suv ostida bo`ladi. Suv ustidagi qismining balandli­gi o`rtacha 70-100 m, eni va bo`yi yuzlab km ga yetadi. Aysberg kemalar qatnovi uchun juda xavfli, ko`p kemalar aysbergga urilib garq bo`lgan.
Akvatoriya (lotincha akva - suv) suv havzasi yuzasining bir qismi. Port akvatoriyasi deganda portning quruqlikdagi qismidan tashqari suv qismi tushuniladi.

Akkvedu (lotincha akva - suv, duko-eltaman) – ko`prik shaklida quriladigan gidrotexnik inshoot. Akkvedu kanal, jar, soy va yo`llar ustidan suv o`tkazish uchun quriladi. Yog`och va toshdan ishlangan akkvedular (nov) O`zbekistonda qadim zamonlardan buyon qo`llanib kelgan.
Akklimatizatsiya - organizmlarning yangi iqlim sharoitiga moslashishi.
Akkumulyatsiya (lotincha akkumulyatsio-to`planish), cho`kindi to`planishi, sedimentatsiya - yer yuzasida oqar suv, muzlik, shamol va boshqa geologik kuchlar ta’sirida mineral va organik cho`kindilarning to`planish jarayoni.

Akkumulyativ tekislik - yer po`sti cho`kayotgan joyda yoki yer yuzining botiq (manfiy) shakllarida uzoq vaqt davomida suv, shamol, muz keltirgan nuroq g`ovak jinslarning to`planishi natijasida hosil bo`lgan tekislik. Yer yuzasi odatda tekis bo`ladi yoki sayoz vodiy va o`zanlar bilan kesilib, bir oz pasti-baland bo`lib qoladi. Masalan, Amudaryo etagi, Quyi Zarafshon vohasi, Sherobod vohasi va h.k.
Alaslar - Yakutiya tekisligida yozda qurib qoladigan ko`llar o`rnida hosil bo`ladigan bo`liq o`tloqlar. Alaslar maydoni har xil - bir necha kv. metrdan bir qancha kv. km gacha boradi. Ba’zi Alaslarning o`rtasidagi chuqur qismida ko`l bo`ladi. Alaslar juda ko`p joylarda maxsus landshaftlar hosil bo`la­di. Alaslar ko`proq termokarst natija­sida paydo bo`ladi. Alaslardan xo`jalikda pichanzor va yaylov sifatida foydalaniladi.
Alloxton (yunoncha allos - boshqa, xton - yer, tuproq) – tog` jinslari, foydali qazilmalar va moddalarning paydo bo`lgan o`rinlaridan ma’lum geologik jarayonlar sababli yangi o`ringa siljishi (ko`chirilishi) va ular yotqiziqlarining qaytadan paydo bo`lishi.
Allyuvial tekislik - oqar suvlar oqiziqlarining chuqurroq joylarda chuqib qolishidan vu­judga kelgan tekislik.
Allyuvial tuproqlar - daryo vodiylaridagi allyuvial yotqiziqlardan vujudga kelgan tuproqlar. Allyuvial tuproqlar qatlamlarining qalinligi 1-2 sm dan bir necha o`n sm gacha bo`ladi. Allyuvial tuproqlar ge­netik (kelib chiqish) belgilariga qarab, o`tloqi qayir-allyuvial tuproqlar va o`tloqi-allyuvial tuproqlarga ajraladi, o`tloqi qayir-allyuvial tuproqlar daryo vodiylarining qayirlarida paydo bo`ladi. O`tloqi-allyuvial tuproqlar daryolarning qayir usti terrasalarida bo`lib, ularning namligi daryo rejimiga bog`liq emas. Bu tuproqlar organik moddalarga ju­da boy, unumdor bo`ladi.
Allyuviy (lotincha allyuvio - yotqiziq) - doimiy yoki vaqtli oqar suvlar keltirib yotqizgan jinslar. Ko`proq mayda tosh, shag`al, qum va gillardan iborat bo`ladi. Ba’zi tekisliklar, daryolarning qayirlari va terrasalari shunday jinslardan tashkil topgan. Allyuvial jinslar ko`pincha saralab yotqiziladi: suvning yuqori oqimida yirik jinslar - tosh, shagal, so`ngra qum va nihoyat gil yotqiziladi.
Almashlab ekish - iqlimi va tuproq sharoitiga qarab qishloq xo`jalik ekinlarini navbat bilan ekish. Bunda ekin maydoni bir xil kattalikdagi bir necha dalaga bu- linadi va har biriga belgilangan ekin navbat bilan ekiladi. O`zbekistonda ko`proq paxta bilan beda almashlab ekiladi.
Alunit (fransuzcha alun - achchiqtosh) - alyuminiy, kaliy va boshqalardan iborat mineral. Alunitdan achchiqtosh, kaliy tuzlari, oltingugurt, sulfat kislota va alyumi­niy olinadi. Alunitning Ozarbayjonda, O`zbekistonda esa Gushsoy, Oqtosh, Oqsoqota va boshqa joylarda konlari topilgan.
Alp burmalanishi — Yer tarixining kaynozoy erasida ro`y bergan tog` burmalanishi. Shu burmalanishda vujudga kelgan Alp tog`lari nomi bilan atalgan. Alp burmalanishi davrida hozirgi mavjud ko`p tog` tizmalari hosil bo`lgan. Bular ikkita tog` mintaqasini tashkil etadi: 1) Alp-Himolay (Pireneya, Andalusiya, Atlas, Apennin, Alp, Bolton, Karpat, Kavkaz, Kichik Osiyo, Eron, Hindikush, Himolay, Birma) va 2) Tinch okean (Koryak, Kamchatka, Saxalin, Yapon, Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya, Antarkti­da, And, Kordilera) tog`lari mintaqalari.
Alp mintaqasi - mo’tadil va subtropik kengliklardagi tog`larning ancha baland qismida, yuqorida doimiy qor va muzliklar, pastda subalp mintaqasi orasida joylashgan balandlik landshaft mintaqasi. Bu mintaqada sovuq baland tog` iqlimi, tog`  toshloq, torfli, nordon tuproqlar, past bo`yli siyrak o`tloqlar va soyalar xarakterlidir. Shimoliy kengliklardagi tog`larda alp mintaqasi o`rnida tog`-tundra va yalang tog` landshaftlari tarqalgan.
Alp va subalp o`tloqlari – o`rmonlar mintaqasidan yuqorida va doimiy qor va muzliklardan pastda bo`lgan baland tog` o`tloqlari: tog`lar joylashgan geografik kenglik, iqlim va yonbag`ir ekspozitsiyasiga qarab alp va subalp o`tloqlari turlicha balandlikda: Alp tog`larida, Kavkazning g`arbiy qismida 1700-3000 metr, Himolay tog`larining janubiy yonbag`rida 3200-5000 metr balandlikda bo`ladi. Iqlimning nihoyatda sovuq bo`lishi, qorning qalin bo`lib, uzoq vaqt (6-10 oy) yotishi oqibatida alp va subalp o`tloqlari o`simliklari xilma-xil ko`p yillik o`tlar va pakana butalardan (rododendron va b.) iborat. Ko`pgina o`simliklar rang-barang yirik gullar ochadi.
  Alp va subalp o`tloqlari mintaqasining tog` o`rmonlari yaqinidagi quyi qismida subalp o`tloqlari uchraydi. Namgarchilik serob va iqlim bir oz    iliq bo`lganidan bu yerlarda bo`yi 1,5-2,5 metr xilma-xil o`tlar qalin o`sadi, subalp o`tloqlaridan yuqorida iqlim o`ta sovuq bo`lganidan o`tlar pakana bo`lib, alp o`tloqlarini hosil qiladi. Hayvonlar kam. Aksari tik qoyalardan yura oladigan hayvonlar (tur, serna, kiyik, tog` qo`yi) yoki uzoq uyquga kiradigan hayvonlar (yumronqoziq, pishchuxa va boshqa kemiruvchilar); qushlardan – tog` kurkasi, kaklik yashaydi. Alp va subalp o`tloqlaridan yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.

Alp tipidagi relyef - muzlik relyefi shakllari keng tarqalgan baland tog` relyefi. Alp tipidagi relyef tog`larning tepasidagi qor-muzlik mintaqasida — nival mintaqada uchraydi. Uning xarakterli shakllari o`tkir chuqqilar, tik qoyalar, chuqur va tor vodiylardir. Alp tipidagi relyef Oltoy, Tyanshan, Pomir va Kavkaz kabi baland tog`li o`lkalarda tarqalgan.
Alyuminiy rudalari (lotincha aluminus— achchiqtosh) - alyumi­niy metali olinadigan tog` jinslari va minerallar. Alyuminiy, asosan, boksitdan, so`ngra alunit, kaolinit va boshqa minerallar hamda tog` jinslaridan olinadi. Boksitdan boshqa alyuminiy rudalari tabiatda tarqalishi va giltuproqni oson ajratishi jihatidan sulfatlar va silikatlar guruhiga bo`linadi. Sulfatlar tabiatda kam; ular­ning tarkibida giltuproq kam bo`lishiga qaramay sanoatda undan kaliy tuzlari, oltingugurt va sulfat kislota ham olinadi.
  Alyuminiy ruda konlari: Ural, Qozog`iston, G`arbiy va Sharqiy Sibir, Qrim yarim oroli; chet ellarda - Gvi­ana (Janubiy Amerika), Yamay­ka oroli, Braziliya, Hindiston, Veng­riya, Xitoy, Fransiya va b. O`zbe­kistonda alyuminiy rudalarining deyarli barcha turlari uchraydi; Angrendagi Kao­linit va Gushsoydagi alunit kon­lari shular jumlasidandir.

Amaliy landshaftshunoslik - amaliy geografiyaning asosiy tarmoqlaridan biri. Amaliy landshaftshunoslik turli amaliy maqsadlar uchun tabiiy-geografik rayonlashtirish, yerlarga xo`jalik nuqtai nazaridan baho berish, rayonni rejalashtirish, tibbiyot landshaftshunosligi kabi masalalarni o`z ichiga oladi.

Amplituda, harorat amplitudasi - sutka (sutkalik amplituda), oy (oylik amplituda) va yil davomida (yillik amplituda) eng baland harorat bilan eng past harorat orasidagi farq.

Angkiz kun - janubdan issiq shamol esgan, garzsel kelgan vaqtdagi jazirama kun, issiq ob-havo. 

Angor - 1) hosili yig`ib-terib olingan ekinzor, masalan, bug`doypoya, arpapoya; 2) qadimiy maydon o`lchovi; turli joylarda turli sathni bildirgan. Odatda atrofi uvat bilan o`ralgan yaxlit ekin maydoni bir angor deyilgan.

Anemometr (yunoncha anemos – shamol, metreo – o`lchov) – shamol tezligini (ba`zan yo`nalishini ham) o`lchovchi asbob. Shamol tezligini shamol ta`sirida aylanuvchi kosachalarning aylanish sonlariga qarab monometrik usulda yoki elektro usulida ham aniqlash mumkin.
Aneroid, metal barometr – atmosfera bosimini o`lchash uchun ishlatiladigan asbob. Aneroidning asosiy ish qismi – ichidan havosi so`rib olingan elastic xususiyati yassi to`garak quticha. Havo bosimi o`zgarganda quticha o`z shaklini o`zgartadi (bosim oshganda quticha siqiladi, kamayganda kengayadi) va bu o`zgarish richaglar sistemasi yordamida shakala bo`ylab harakatlanuvchi strelkaga uzatiladi. 
Antarktika (yunoncha anti – qarshi, arktikos - shimoliy) – janubiy qutb atrofidagi sovuq o`lka. Antarktikaga Antarktida materigi, Atlantika, Hind va Tinch okeanlarining shu materikka tutash qismlari, chunonchi, Uedell, Ross, Amundsen va Bellinsgauzen dengizlari, shuningdek, Antarktida yaqinidagi orollar kiradi. 
Antarktika mintaqasi – janubiy qutb va uning atrofidagi geografik mintaqa. Antarktida materigi va uning atrofidagi orollar hamda dengizlarni o`z ichiga oladi.  Antarktika mintaqasi iqlimining Yer sharida eng sovuq ekanligi, biologic hamda geokimyoviy jarayonlarning juda sustligi hamda muz landshaftlarining ustun turishi (85,5%) bilan xarakterlanadi.
Antekliza (yunoncha anti – qarshi va klisis – og`ish) – platformalarda yer po`stining salgina ko`tarilgan gumbazsimon shakllari, gumbazsimon qirlar. Kengligi bir necha yuz km ga yetishi mumkin. Anteklizalar yer po`stining uzoq vaqt davomida asta-sekin ko`tarilishi natijasida hosil bo`ladi.
Antiklinal – (yunoncha anti – qarshi va klino – og`diraman) – qavariq tomoni yuqoriga qaragan Burma. Antiklinalning qayrilgan qavariq yeri antiklinal markazi, yon tomonlari – qanotlari deb ataladi. Markazida qadimiy jinslar, qanotlarida esa yoshroq jinslar bo`ladi.

Antisiklon (yunoncha anti – qarshi, siklon - aylanadigan) – atmosferada bo`lib turadigan katta girdob. Bosim gradiyenti va Yerning aylanishidan yuzaga keladigan havo oqimlari Shimoliy yarim sharda soat strelkasi yo`nalishida, Janubiy yarim sharda esa unga qarama-qarshi harakatlanishidan paydo bo`ladi. Havo bosimi antisiklon markazida eng yuqori bo`lib, chetlariga tomon pasayib boradi. Antisiklon soatiga o`rtacha 30 km gacha tezlik bilan siljiydi. O`rta Osiyodagi antisiklonlar Yer yuzining boshqa hududlaridagiga qaraganda tezroq: yozda soatiga 49 km, qishda esa 60-65 km siljiydi. Antisiklonning paydo bo`lishi va harakatlanishini o`rganish ob-havoni oldindan aytib berishda muhim rol o`ynaydi.

Antratsit (yunoncha – antraks – ko`mir) – toshko`mirlar qatoriga kiradigan va juda ham kuchli metamorflashgan qazilma ko`mir. Rangi qora, yaltiroq, ba`zan kul rang va sarg`ish tusda tovlanadi. 7800-8350 kaloriya issiqlik beradi. Antratsit o`zidan o`zidan elektr tokini yaxshi o`tkazadi, shuning uchun undan elektrodlar tayyorlanadi. Antratsit asosan yuqori darajali yoqilg`i sifatida metallurgiyada ishlatiladi. 
Antropogen bosqich – geografik qobiqning inson paydo bo`lganidan keying taraqqiyot bosqichi. Inson geografik qobiq va landshaftlarini ongli ravishda o`zgartiruvchi muhim omil ekanligidan antropogen bosqich o`zidan oldingi biogen bosqichdan tubdan farq qiladi. Antropogen bosqichning eng muhim xususiyati – tabiat bilan jamiyat o`rtasidagi aloqaning vujudga kelganligi hamda antropogen landshaftlarning paydo bo`lganligidir. 
Antropogen davr (sistema), to`rtlamchi davr, antropogen – Yer geologic tarixining eng yosh oxirgi davri; hozirgi zamonni ham o`z ichiga oladi. 1,5-2 mln yil davom etgan. Antropogen davrda yer yuzasining katta qismini to`rt marta materik muzliklari bosgan. Bu davrda hozirgi o`simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy landshaftlar, geografik qobiq shakllangan, inson paydo bo`lgan. 
Antropogen landshaft – inson faoliyati ta`sirida vujudga kelgan landshaft. Antropogen landshaftlarga qishloq xo`jaligi landshaftlari (ekin dalalari, o`tloq-yaylov, bog` va tokzorlar), sun`iy o`rmonlar va suv havzalari, kanallar, suv omborlari), texnogen landshaftlar (tog`-kon sanoati yerlari), shahar hamda qishloqlar kiradi. Antropogen landshaftlarni landshaftshunoslikning muhim amaliy ahamiyatga ega tarmoqlaridan biri – antropogen landshaftshunoslik o`rganadi.   
Antropogen landshaftshunoslik – landshaftshunoslikning antropogen landshaftlarning vujudga kelishi, strukturasi, rivojlanishi, tarqalishi va ulardan oqilona foydalanish yo`llarini o`rganuvchi tarmog`i. Antropogen landshaftshunoslikning asosiy vazifalaridan biri yaqin kelajakda inson faoliyati ta`sirida geografik muhitda ro`y beradigan o`zgarishlarni tadqiq qilishdir. Antropogen landshaftshunoslik landshaftlarning vujudga kelishi va rivojlanishida antropogen omilning ijobiy hamda salbiy rolini ham tarixiy jihatdan, ham kelajak nuqtai nazaridan o`rganadi. Bu atamani 1971-yil F.N.Milkov tavsiya etgan. Biroq antropogen landshaftshunoslik atamasi va uning talqini fanda uzil-kesil qaror topgani yo`q.
Ang`iz – g`allasi o`rib olingan dala. Ang`izda organik qoldiqlar bo`ladi. 
Anhor – (arabcha anhor – nahr so`zining ko`pligi) – katta kanal ariq. Xorazm shevasidagi arna so`ziga tog`ri keladi. Anhor atamasi ba`zan mustaqil atoqli ot o`rnida ishlatiladi. Masalan, Toshkentdagi Anhor arig`i.
Aparteid (burlar tilida apartxeid – ayrim-ayrim yashash) – Janubiy Afrika Respublikasi hukumati tomonidan afrikalik tub aholining va Hindistondan ko`chib kelgan kishilarning qattiq ta`qib qilinishi. Afrikaliklar qishloq joylarda rezervatsiyalarda, shaharlarda esa maxsus kvartallarda yashashadi; Aparteid siyosatini BMT qoralagan va unda qarshi butun insoniyat kurashmoqda.
Apatit (yunoncha - aldayman) – mineral. Rangi – yashil, ko`kish-yashil, kul rang. Apatit asosan fosfat o`g`itlar tayyorlash, fosfor va uning birikmalarini olish uchun, qora va rangli metallurgiyada hamda xira oyna ishlab chiqarish uchun qo`llaniladi. O`zbekistondagi fosforitlarning asosiy qismi apatitlardir.
Apogey (yunoncha apo – dan uzoqda, ge - yer) – Oy yoki Yer sun`iy yo`ldoshi orbitasining Yer markazidan eng uzoq nuqtasi.
Aposeleniy (yunoncha selene - oy) – Oy yo`ldoshi orbitasining Oydan eng uzoq nuqtasi.
Arab Sharqi – asosan arablar yashaydigan bir guruh mamlakatlar, Misr, Sudan, Liviya, Tunis, Jazoir, Marokash, Arabiston yarim orolidagi mamlakatlar. Suriya, Iordaniya va Iroq kiradi. 

Arashon (sanskritcha arashan – obi hayot) – issiq suvli mineral buloq. Hozirgi vaqtda, asosan, geografik nomlar tarkibida qolgan arashon arasan, arshan shakllarida Sibirda va O`rta Osiyoda juda ko`p joy nomlari tarkibida uchraydi: Arashon, Arashonbuloq, Arashonsoy, Olmaarasan, Aqarsan va boshqalar.
Areal – 1) biogeografiyadagi asosiy tushunchalardan bo`lib, biror xil hodisa, ko`proq o`simlik va hayvon turlari tarqalgan maydon, hudud; 2) xaritada voqea va hodisalarni tasvirlash usuli. Ularning chegarasi uzluksiz chiziq, rang yoki shrtix bilan ko`rsatiladi, ba`zan areal ichiga belgilar qo`yilishi yoki yozilishi mumkin. Bu usuldan geobotanik, geografik va iqtisodiy xaritalarda va aholi xaritalarini tuzishda foydalaniladi. 
Arid iqlim (lotincha aridus – qurg`oqchil) – namlanish miqdori o`simliklar vegetatsiyasi uchun yetarli bo`lmagan quruq, issiq kontinental iqlim. Arid iqlimda  mumkin bo`lgan (potentsial) bug`lanish yillik yog`in miqdoridan ancha ortiq 10 barobar va undan ham ortiq, yoz jazirama issiq bo`ladi. Arid iqlim sharoitida sug`oriladigan yerlardagina dehqonchilik qilinadi. Cho`l, chalacho`l va quruq dashtlar iqlimi ariq iqlimdir.
Arid morfoskultura – cho`l, chalacho`l va quruq dashtlarda relief hosil qiluvchi tashqi omillar: shamolning ishi, nurash, vaqtinchalik oqar suvlarning ishi va boshqalar ta`sirida vujudga kelgan relief tipi. Misol: barxanlar, dyunalar, gryada qumlari, qo`ng qumlar, taqirlar, quruq o`zanlar, bedlendlar va h.k.
Arid o`lkalar - havoning sutkalik va fasliy haroratlari katta tafovut qiladigan, nisbiy hamda mutlaq namligi kam, yog`in-sochin juda oz (150-200 mm), quruq (cho`l va chala cho`l) iqlimli o`lkalar.
Ariq (ayriq so`zidan) -katta suvlar, daryo va soylardan ayrilgan shoxobcha. Katta ariq anhor deyiladi. Eski kanallarning ba’zilari hozir ham ariq deyiladi. Masalan, Toshkentda Zaxariq, Kaykovus arig`i, Xorazmda Yangiariq, Samarqand atrofida Polvonariq. Dalalarda ekinlarga suv berish uchun tortilgan juyaklar ham ariq deb ataladi.
Arktika (yunoncha arktikos - shimoliy) - Shimoliy qutbiy o`l­ka Arktikaning chegarasini 10 darajali iyul izotermasi bo`ylab o`tkaziladi. Arktikada muz sahrolari va tundra zonalari bor.
Arktik tundra — tundra zonasining eng shimoliy zonachasi. Tun­dra tuproqlarida siyrak holda driadalar, qiyoq, momiqbosh, qutb lolaqizraldog`i, yo`sin va lishayniklar hamda bo`talar o`sadi.
Arktika mintaqasi — Shimo­liy qutb va uning atroflarini o`z ichiga olgan eng shimoliy geogra­fik mintaqa. Janubiy chegarasi eng iliq oyning 5 darajali izotermasiga to`g`ri keladi. Mintaqada Ark­tika sovuq sahrolari landshaftla­ri tarqalgan: ular sovuq iqlim, doimiy muzloqlar yoppasiga tarqalganligi, tuproqlarining yaxshi rivojlanmaganligi, biologik va geokimyoviy jarayonlar juda sust ekanligi bilan xarakterlanadi.
Arna — suv, suv otsimi, suv oquvchi joy. Arna - Xorazmda bosh kanal. Nurota tog`lari etagida quruq o`zan, Qir- rizistonda soy, Qozog`istonda daryo o`zani arna deb atalgan. Joy nomlari tarkibida ko`p uchraydi.
Art, ort - qadimiy geografik termin, dovon demakdir. Art atamasi M. Qoshrariyning «Devonu lug`atit-turk» asarida, turkiy yozuvlardayoq uchraydi. Hozirgi vaqtda asosan geografik nomlar tarkibida qolgan. Art so`zidan tuzilgan joy nomlari Qirg`izistonda ayniqsa ko`p: Ayiqart, Og`achart, Qayinart, Qizilart, va boshqalar.
Artezian suvlari — har xil chuqurlikda suv o`tkazmaydigan qatlamlar oralig`da hosil bo`lgan yer osti suvlari. Artezian suvlari bosim ostida bo`ladi, shuning uchun burg` qudug`i qazilganda suvli qatlamning shipidan yuqori ko`tariladi, bosim yetarli darajada kuchli bo`lganda esa yer yuzasiga ko`tariladi yoki fontan bo`lib chiqadi. Artezian so`zi Fransiyadagi Artua viloyati nomidan olingan. Hozirgi vatqda O`zbekistonning Jizzax, Buxoro viloyatida, Qoraqalpog`iston va Markaziy Farg`onada artesian suvlaridan chorva mollarini, ayrim hollarda kichikroq ekin maydonlarini sug`orishda hamda ba’zi korxonalarda texno­logik maqsadlar uchun foydalanilmoqda.
Arxey (yunoncha arxaios qadimiy)—yerning geologik tarixidagi eng qadimiy era, taxminan 1 mlrd. yilcha davom etgan. Bu eradan dolgan eng qadimiy tog` jinslarining yoshi 3 mlrd. yil deb hisoblanadi.
Arxipelag (yunoncha arxi — dastlabki, pelagos — dengiz) — bir-birlaridan unchalik uzoq bo`lmagan va odatda bir butun deb hisoblanadigan orollar to`dasi. Bir arxipelagga kiradigan orollar pay­do bo`lishi, geologik tuzilishi, o`simliklari, hayvonot dunyosi jihatidan o`xshash bo`ladi. Arxielag paydo bo`lishiga ko`ra materik, marjon, vulkan orollariga bo`linadi.
Archa — sarvdoshlarga mansub doimiy yashil daraxt va bo`talar turkumi. 70 ga yaqin turi bor. Archaning ko`chiligi o`rta mintaqalarda o`sadi. Ba’zi turlari tro­pik hududlardagi tog`larda ham uch­raydi. MDHda 20 ga yaqin yovvoyi turi bor. Shulardan sovur archa, o`rik archa, qizil archa, qora archa va Zarafshon archasi kabi turlari O`rta Osiyo, xususan O`zbekistan tog`larida archazorlar hosil qilgan.
Asad (arabcha - arslon) - 1) 12 burj (zodiak) ning 5-yulduzlar turkumi; 2) Quyosh hisobidagi Shamsiya yilning beshinchi oyi; iyul, avgust oylariga - 21 iyuldan 21 avgustga to`g`ri keladi.

Asbest (yunoncha asbestos – so`nmaydigan), toshpaxta-tolali tuzilishga ega bo`lgan bir qancha minerallarning umumiy nomi. O`tda kuymaslik (erish harorati 1500°), tovush va elektr energiyasini o`zidan o`tkazmaslik xususiyat­lari bilan mashhur. Asbestni juda ham mayda tolalarga ajratish mumkin.
Asbotsement buyumlar, - shifer, kanalizatsiya, suv, neft, gaz quvurlari, asbest kartoni, qog`oz, issiqlik va elektr izolyatsiyalari, o`tga chidamli qurilish materiallari va issiqqa chidamli buyumlar asbotsement O`zbekistonda Sulton Uvays tog`larida ko`proq uchraydi. Asbotsement Kav­kaz, Sibirda, chet ellarda - Kana­da, JAR, AQSh, Yaponiya va Avstra­liya davlatlarida bor.

Asl metallar - tabiatda kam uchraydigan qimmatli hossalari (kimyoviy reaksiyalarga chidamliligi, qiyin erishi, puxtaligi, chiroyliligi) bilan farq qiladigan metallar. Bunday metallardan tanga, kimyoviy idishlar, qimmatli priborlarning detallari, zebu-ziynat buyumlari yasaladi. Ular tabiatda kam qolgan va shuning uchun ham qimmatlidir.
Asr (arabcha asr - davr, vaqt) - 1) yuz yil; 2) geologik davrning bir qismini o`z ichiga olgan vaqt. Asr ichida bir yarusning barcha tog` jinslari paydo bo`ladi. Geoxronologiya jadvalida asr eng kichik qism (vaqt) hisoblanib, bir asr tog` jinslarining bir yarusi hosil bo`ladigan vaqtga to`g`ri keladi.
Astrogeografiya - Yer tipidagi planetalar geografik qobig`ini qiyosiy o`rganuvchi fan. Astrogeografiya atamasini I.M.Zabelin tavsiya etgan.
Astrolyabiya (yunoncha astron - yulduz, labe - tutib olish) - joyning geografik koordinatalarini, vaqtni, ob’yektning azimutini, yulduzlarning chiqishi va botish paytlarini, shuningdek, amaliy astronomiyaning boshqa masalalarini hal qilishda ishlatiladigan ko`ch­ma astronomik asbob. O`rta asrlarda Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan edi. Astrolyabiya graduslarga bo`lingan doira, chizg`ich va vizirlovchi dioptrdan iborat. Yoritkich balandligini aniqlash paytida strolyabiya maxsus halqa yordamida osib qo`yilar edi.
Astronavt — ba’zi mamlakatlarda (masalan, AQShda) kosmonavt atamasi o`rnida ishlatiluvchi so`z.
Astronomiya (yunoncha astron-  yulduz, nomos - qonun) - osmon jismlari va Koinotning tuzilishi hamda taraqqiyoti haqidagi fan. Astronomiya astrofizika, radioastro­nomiya, yulduzlar astronomiyasi, osmon mexanikasi, kosmogoniya, kosmologiya kabi tarmoqlarga bo`linadi. Astronomiya turli joylardagi aniq vaqtni, kenglik va uzunlikni belgilash, osmon sferasidagi yoritkichlar holatini, dengizdagi kema va osmondagi samolyotning o`rnini aniqlashga xizmat qiladigan max­sus asboblarni tasvirlash bilan ham shug`ullanadi. Astronomiyaning yangi sohasi — radioastronomiya katta ahamiyatga ega bo`lib, u osmon jismlarini, ulardan tarqaladigan radioto`lqinlarni, shuningdek, Yerdan jo`natilib, ulardan aks et­gan radiosignallarni kuzatish yo`li bilan o`rganadi.

Asfalt (yunoncha asfaltos – tog` smolasi — qo`ng`ir yoki qora rangdagi smolali mineral. Yaxshi yonadi. Asfaltdan asfalt mastikasi tayyorlanadi. U asfalt-beton olishda bog`lovchi modda sifatida ishlatiladi.

Atlas (Liviyaning afsonaviy podshosi nomidan) - geografik, geologik, tarixiy, astronomik, ta`­limiy va b. xaritalarning sistemali to`plami; umumiy dastur asosida albom shaklida tayyorla­nadi. Qo`l yozma xaritalarning birinchi to`plami milodning ikkinchi asrida qadimiy yunon olimi Klav­diy Ptolemey tomonidan yaratilgan. Geografik atlaslar XVI asrdan keng tarqala boshlagan. Hozirgi geografik atlaslarning o`ziga xos xususiyati shundaki, ulardagi xaritalar bir-biriga muvofiq bo`ladi, bir-birini to`ldiradi. Geografik atlaslar g`oyatda xilma-xil. Ular dunyo atlasla­ri ayrim mamlakat, o`l­ka atlaslari, umumiy geografik atlaslar, maxsus xaritalar atlaslari, kompleks atlaslar, turistik, yo`l, darslik va boshqa atlaslarga bo`linadi.
Atmosfera (yunoncha atmos - bug`, sfera - shar) - Yer bilan bir butundek - birga aylanadigan havo qobig`i. Atmossferaning Yer yuzasidan 100-120 km balandlikkacha bo`lgan qatlami azot (78,08%), kislorod (20,95%), argon (0,93%) va karbon kislota gazi (0,03%) aralashmasidan iborat. Atmosferada bu gazlardan tashqari, suv bug`lari, chang va ju­da kam miqdorda siyrak gazlar (neon va b.) bor. Atmosferada 10 km gacha balandlikda asosan yerda hosil bo`lgan chang (Yerda yondiriladigan yoqilg`i qurumi va kukuni, vulkan otilganda chiqadigan mahsulotlar, shamol bilan ko`tariladigan tuproqning mayda zarrachalari va b.) bo`ladi. Katta balandliklarda esa, meteor jismlar yonishidan paydo bo`lgan kosmik chang bo`ladi. Ayniqsa atmosferaning yerga yaqin qatlamida chang ko`p, bu yerda quruq havoda 1 sm.kub havoda 100 mingtagacha chang zarralari bor.
Balandlik ortgan sari atmosferaning zichligi, bosimi, harorati va boshqa fizik va kimyoviy xossalari o`zgaradi. Atmosfera massasining 50% i 5 km gacha balandlikda, 99%i esa 30 km gacha balandlikda to`plangan. 1 m.kub havo og`irligi dengiz sathida 1290 g ga teng bulsa, 40 km balandlikda -4 g. Balandlik oshgan sayin haroratning o`zgarishiga qarab atmosfera quyidagi 5 ta sferaga bo`linadi: troposfera (Yer yuzida 8-17 km gacha), stratosfera (8-17 dan 40-50 km gacha), mezosfera (50 dan 80-85 km gacha), termosfera yoki ionosfera (85 dan 1000 km gacha), ekzosfera (1000 km dan yuqorida).

Atmesfera bosimi — atmosferaning yer yuzasiga va undagi barcha narsalarga ko`rsatadigan gidrostatik bosimi. Atmosfera bosimi atmo­sfera holatini aniqlovchi asosiy belgi bo`lib, barometrlar bilan o`lchanadi. Atmosfera bosimi dina sm.kv, mb yoki mm simob ustuni bilan ifodalanadi. Bunda 1000 mb 750,08 mm simob ustuniga mos keladi (1 mb= 1000 dina sm.kv). Atmosfera bosimi balandlikka ko`tarilgan sari kamayadi. 5 km balandlikda atmosfera bosimi yer yuzidagi bosimning yarmiga teng.
Atollar (maldivcha atolu - berk) halqasimon marjon orollari. Ochiq dengizlarda uchraydi. Atollar cho`kkan vulkan orollari qirg`og`idagi marjon riflaridan paydo bo`ladi. Ko`pincha atollar halqasi ichidagi suv (chuqurligi 100 m gacha) dengiz bilan tutashib, qo`ltiq hosil qiladi. Ular uncha katta bo`lmaydi. Faqat ayrimlari halqasining diametri 50 km va undan oshadi. Ba’zi atollar qo`ltig`i kemalar to`xtashi uchun qulay.
Afeliy (yunoncha apo - dan uzoqda, gelios - Quyosh) Quyosh atrofida aylanuvchi kosmik jism orbitasining Quyoshdan eng uzoq nuqtasi.
Achchi — achchiq, nordon, taxir, sho`r suvlar; turkmanlarda aji, qozoqlarda ashi, qirg`izlarda achu shakllarida ishlatiladi. Masalan, Achchidaryo, Ajiko`l, Achchisay, Ashi- buloq va h.k.
Aerometodlar — hududlarni aviatsiya va Yerning sun’iy yo`ldoshlari yordamida o`rganish metodlari. Bunda yer yuzasidagi landshaftlar, ayrim predmet, jarayon va hodisalar samolyotdan olingan yoki kosmosdan olingan suratlar asosida tahlil qilinadi.
Aerometodlar atmosfera va gidrosferadagi jarayonlarni (jumladan, atmosfe­ra sirkulyatsiyasi, okean suvlari sirkulyatsiyasi, muzliklar harakati va boshqalarni) kuzatib borishda, tabiiy sharoit hamda resurslarni o`rganishda tobora katta ahamiyat kasb etadi.

Aerosyomka, aerofoto­syomka- samolyotda joyning yuqoridan fotosuratini olish va shu fotosuratlar vositasida joy­ning plani va topografik xaritasini tuzish. Aerosyomka joyning ba’zi tafsilotlarini yoki inshootlarning fotosuratlarini olib, so`ngra tayyor xaritaga tushirish uchun ham qo`llaniladi (aerofotorekog­nossirovka). Ba’zan aerosyomkaning vazifasi faqat joyning tutgan o`rni chegaralarini aniqlash bilan cheklanadi (yozuvsiz aerosyomka); ba’zan topo­grafik o`lchashlar natijasida olingan relyef haqidagi ma’lumotlar aerosyomka yordamida olingan xaritalarga tushiriladi (murakkab - kombinatsiyalangan aerosyomka) Aerosyomka vosita­sida xarita tuzib, fotogrammetrik o`lchashlar natijasida relyefni shu xaritalarga tushirish ham mumkin (fotogrammetriya). Uchish, fotosurat olish va tayyor fotosuratlarni o`lchash natijasida joyning plani - xaritasi tuziladi. Aerosyomka to­pografik xaritalar tuzishda, geo­logiya, tuproqshunoslik tadqiqotlarida, o`rmonchilik va yer tuzish ishlarida, yo`l va gidrotexnik inshootlar qurish, harbiy ish va boshqalarda qo`llaniladi.
Ayamajiz— qishning oxirgi haftasi. Ayamajiz so`zi «ayyom ajuz» (kampir kuni) so`zlarining talaffuzda qisqarib ketishidan hosil bo`lgan. «Ayamajiz olti kun, qahr aylasa qattiq kun» degan naql bor.
Aqba, aqaba (arabcha aqaba - dovon, tog` yo`li, ko`pligi aqabot) -O`rta Osiyoda tarqalgan ge­ografik atama. IX-X asrlardagi arabiynavis geograflarning asarlarida ko`p uchraydi. Aqba so`zi X asrda fors-tojik tilida yozilgan «Hudud ul-olam» va «Tarixi Tabariy» asarlarida ham tilga olinadi. Hozir bu atama, asosan, geografik nomlar tarkibida qol­gan. Turkiston, Zarafshon tizmalarida va Pomir tog`larida aqba so`­zidan tuzilgan o`nlab dovonni uchratish mumkin: Aqbaboshi, Aqbavodimiy, Aqbai Obburdan, Aqbai Gishxun, Choshi aqba va hakazo. Bu atama axba, ag`ba, ovg`a shakllari­da O`zbekistonning bir qancha joylarida turli xil ma’noda ishla­tiladi. Masalan, Samarqand, Jizzax viloyatlarining ba’zi tumanlarida dovonga chiqiladigan tik yo`lni ovg`a deyishadi va h.k.
Aqor (arabcha aqor – ko`chmas mulk, yer-suv, zamin) - ijtimoiy atama; O`rta Osiyoda temuriylar davlatida, shuningdek, Eronda yer-suv, bog`, tegirmon, kanal, do`kon, ustaxona va bozorlar kabi qo`zg`almas mulklar aqor deb atalgan. A.qor vasiyat bilan vaqfga aylantirilishi mumkin bo`lgan. Zarafshon vodiysidagi Aqor, Oqar, Ag`ar kabi joy nomlari aqor atamasidan kelib chiqqan.
Aqrab (arabcha aqrab - chayon) - 1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Quyosh hisobidagi (Shamsiya) yilning sakkizinchi oyi, 22-oktyabrdan 22-noyabrgacha davom etadi. Bu vaqtda Quyosh os­mon sferasida shu yulduzlar turkumidan o`tadi.
Ag`dol – tog` etagidagi jarlik, xalta dara, kirish qiyin bo`l­gan joy, chuqur yer, tog` beli, ov hayvonlari haydab qamaladigan joy.
Aholi — ma’lum hududda, ya’ni Yer shari, uning ayrim qismlari: qit’alar, mamlakatlar, shaharlar va boshqa hududlarda yashayotgan kishilar to`plami. Aholi tabiiy o`sish hisobiga ko`payadi. Aholining tabiiy o`sishi deganda ma’lum bir muddatda (odatda bir yilda) har 1000 kishi hisobida tug`ilganlar sonidan o`lganlar sonini chegirib tashlaganda qolgan qoldiq tushuniladi. 

Aholining zichligi - hududdada aholining joylashuv darajasi. Mamlakat yoki rayon aholisi sonini maydon ko`lamiga. taqsimlash yo`li bilan hisoblab chiqariladi. Aholining o`rtacha zichligini topish uchun barcha aholi so­ni maydonga taqsimlanadi. Qishloq aholisining zichligini topish uchun barcha qishloq aholisi mamlakatning (rayonning) shaharlar hududidan boshqa maydoniga taqsimlanadi. Qishloq xo`jaligi aholisi zichligini topish uchun qishloq xo`jaligi aholisi soni foydalanilayotgan yerlar may­doniga taqsimlanadi.
Aholining tabiiy o`sishi - bir yilda har 1000 kishi hisobida o`lganlar sonidan tug`ilganlar sonining ortiq bo`lishi. Bu ko`rsatkich ayrim mamlakatlarni tabiiy o`sish miqdoriga qarab taqqoslashga imkon beradi. Aholining tabiiy o`sishi butun aholiga nisbatan foiz hisobida ham ko`rsatilishi mumkin. Bu yo`l bilan mamlakat aholisining o`sish sur`ati aniqlanadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash