Xalqaro ekologik hamkorlik 

27 061

  Yer sayyorasi va uning o`ziga xos tabiati insoniyatning umumiy yashash makoni, yagona uyi hamda yashyash vositasi hisoblanadi. Shuning uchun yuz berayotgan ekologik tangliklarni bartaraf etish yer yuzidagi barcha xalqlar va davlatlarning umuminsoniy vazifasidir. Sayyoramizda Xalqaro ekologik hamkorlikning zarurligi quyidagi hollar bilan belgilanadi:
  • Yer sayyorasi va uning o`ziga xos tabiatini insonga ma’lum bo`lgan olamda yagona ekanligi;
  • Yer tabiati va biosfera yaxlit tizim sifatida mavjud bo`lib inson va jamiyat uning tarkibiy qismi ekanligi;
  • Insoniyatning barcha ishlab chiqarish faoliyatini moddiy negizi tabiat ekanligi;
  • Tabiatdagi salbiy o`zgarishlar va atrof-muhitga antropogen ta’sir ko`lami jihatidan butun sayyoraga tazyiq ko`rsatuvchi jarayonlar ekanligi;
  • Hozirda yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni hal etishga ko`p hollarda bir yoki bir nechta davlatlaning imkoniyatlari yetarli emasligi;
  • Barcha insoniyatning birgalikdagi harakati sayyoramizdagi ekologik vaziyatni yaxshilashning eng maqbul yo`li ekanligi. 
  Xalqaro ekologik hamkorlik  (XEH) deyilganda – yer yuzidagi barcha mamlakat xalqlar tomonidan tabiat muhofazasiga doir xalqaro kelishuv-shartnoma, konvensiyalar tuzish, xalqaro ekologik me’yorlani ishlab chiqish va ularga rioya etilishini hamkorlikda nazorat qilish, umumsayyoraviy va hududiy ekologik muammolarni birgalikda hal etish, ilmiy tadqiqotlar va turli xalqaro anjumanlar o`tkazish kabi keng ko`lamli chora-tadbirlar kompleksi tushuniladi. XEH quyidagi tamoyillarga asoslangan bo`lishi lozim:
  • Sayyoramizdagi har bir inson sog`lom ekologik sharoitlarda yashash huquqiga ega ekanligi;
  • Har bir mamlakat atrof-muhit va tabiiy resurslardan o`z fuqarolarri manfaatlari yo`lida foydalanish huquqiga ekan ekanligi;
  • Bir davlatning ekologik muvaffaqiyati boshqa davlatlar hisobiga bo`lmasligi yoki ularning manfaatlariga zid bo`lishiga yo`l qo`ymaslik;
  • Har bir davlat hududidagi ishlab chiqarish faoliyati shu davlatdagi va undan tashqaridagi tabiiy muhitga zarar yetkazmasligini ta’minlash;
  • Ekologik oqibatlarni bashorat qilib bo`lmaydigan har qanday xo`jalik va boshqa turdagi faoliyatlarni amalga oshirilishiga yo`l qo`ymaslik;
  • Tan olingan xalqaro me’yorlar va andozalar asosida atrof-muhit, tabiiy resurslar va ulardagi o`zgarishlar ustidan nazorat o`rnatish;
  • Atrof-muhit muammolari bilan bog`liq barcha kelishmovchiliklarni tinchlik yo`li bilan hal etish.
    Hozirgi paytda XEH asosan ikki xil  shaklda namoyon bo`lmoqda:
 
1. Atrof-muhit muhofasasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan ikki yoki ko`p tomonlama davlatlararo bitim, shartnoma va konvensiyalar tuzish.
2. Turli xalqaro tabiatni muhofaza qiluvchi uyushma, komissiya va tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish. 
  Xalqaro ekologik hamkorlik  umumbashariy qadriyatlarning muhim tarkibiy qismi sifatida so`nggi yuz yildan ko`proq vaqtdan beri shakllanib, takomillashib bormoqda. Uning dastlabki ko`rinishlari  XIX asr oxirlaridan boshlab hayvonotlardan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan davlatlardan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan davlarlararo harakat tarzida namoyon bo`la boshladi.
 1945-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tashkil etilishi munosabati bilan ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlik ushbu xalqaro tashkilot faoliyatining muhim tarkibiy qismi sifatida rivojlana boshlandi. BMT xalqaro ekologik hamkorlikni yanada taraqqiy ettirish yo`lida ko`p ishlarni amalga oshirdi.
Hozirda BMTning mavjud 14 ta ixtisoslashgan tashkilotlardan 6 tasi atrof-muhit muhofazasiga aloqador masalalar bilan shug`ullanadi. Jumladan, YuNESKO-ta’lim, fan va madaniat masalalari bilan shug`ullanuvchi tashkilot faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri  atrof-muhit muhofazasi sohasida maorif va kadrlar tayyorlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo`yicha ijobiy  tajribalarni ommalashtirish, ilmiy tadqiqotlar o`tkazishga qaratilgan. 
  FAO– oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi bo`yicha tashkilot. U yer, suv, o`simlik va hayvonlardan kompleks foydalanish, ularning unumdorligini oshirish muammolari bilan shug`ullanadi. 
  VOZ- xalqaro sog`likni saqlash tashkiloti. Atrof-muhitni muhofazasining sanitary-gigiyenik masalalari bilan shug`ullanadi. 
  VMO- xalqaro meteorologik tashkilot. Iqlimdagi umumsayyoraviy o`zgarishlar bilan shug`ullanadi. 
 IMKO- dengizlar bo`yicha davlarlararo maslahat tashkiloti. Bu tashkilot dunyo dengiz va okeanlaridan foydalanishning ekologik jihatlari bilan shug`ullanadi. Yuqoridagilardan tashqari, BMTning ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bilan shug`ullanuvchi kengashi EKOSOS faoliyatida ham atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e’tibor beriladi.
  1974-yil BMT ning atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan foydalanishga bag`ishlangan  maxsus Bosh sessiya o`tkazildi. Unda «Yangi xalqaro ekologik tartiblarni o`rnatish haqida Deklaratsiya» va bu tartiblarni o`rnatishning harakat dasturidan iborat 2 ta muhim xalqaro hujjat tasdiqlandi. Bu hujjatlarda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`paytirish muammosiga katta e’tibor berildi, jumladan, sahrolashish va yerlarning sho`rlanishini oldini olish, tabiiy va oziq-ovqat resurslariga zararli ta’sirlarni kamaytirish, ifloslanishga qarshi kurash, resurslarni muhofazalash va qayta tiklash bo`yicha zudlik bilan choralar ko`rishga chaqirildi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Xelsinki (Finlyandiya) kengashida ham ekologik masalalarga keng o`rin berildi.
  Xalqaro hamjamiyatning tarkibiy qismi hisoblangan Markaziy Osiyo mintiqasining barkaror rivojlanishini ta’minlovchi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni yechishda O`zbekiston XEH masalalariga katta e’tibor bermoqda. Respublikada tabiatni muhofaza qilish ishlari boshqa davlatlar va Xalqaro tashkilotlar bilar har tomonlama hamkorlik qilish orqali amalga oshirilmoqda. Mustaqillik yillarida atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning turli jihatlarini tartibga soluvchi ko`plab xalqaro shartnomalar va bitimlar tuzildi. Respublikamiz XEHning turli yo`nalishlari bo`yicha amalga oshirilayotgan xalqaro tadbirlarda faol ishtirok eta boshladi. O`zbekiston Respublikasi 1992-yilgi biologik rang-baranglikni saqlash Konvensiyasi, 1992-yilgi iqlim o`zgarishi to`g`risidagi Konvensiyalarga qo`shildi. Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi har qanday davlarlararo hamkorlik ekologik vaziyatni mahalliy, regional va umumbashariy darajada yaxshilashning asosidir.
 O`zbekiston 1992-yilda imzolagan MDH Davlatlararo Ekologiya Kengashining teng huquqli a’zosi hxisoblanadi. Respublikaning Xalqaro ekologik hamkorlik  borasidagi faoliyati, ayniqsa, Orol muammosiga qaratilgan masalalarda yanada yakkolroq namoyon bo`lmoqda. O`zbekistonning faol ishtiroki va sa’y-harakatlari tufayli Orol dengizi muammolari bo`yicha Davlatlararo Kengash va uning ishchi organi Ijroiya qo`mitasi, Orolni qutqarish Xalqaro jamg`armasi tashkil etildi va faoliyat ko`rsatmoqda.
  Insoniyat boshiga ko`lanka solib turgan ekologik falokatlarning oldini olish bo`yicha xalqaro hamkorlik ma’lum darajada shakllangan va muhim tadbirlar amalga oshirilgan bo`lsa-da, hali bu boradagi ishlarni yanada izchil faollashtirish zarur. Chunki hozirgacha atrof-muhit muhofazasi va insoniyatga yetarli, qulay yashash sharoitlarini yaratish masalalarini boshqarib turuvchi tom ma’nodagi keng ko`lamli, ta’sirchan, xolis, yagona xalqaro tizim vujudga kelgani yo`q. Xalqaro ekologik hamkorlik takomillashib borishi insoniyat taraqqiyotining bundan keyingi bosqichlarida ham muhim hayotiy zaruratlardan biri bo`lib qolaveradi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharhlar - 1

  • Polvonov B.O
    Polvonov B.O
    12:44 | dek 06, 2017
    Ushbu saytdan tez-tez foydalanib turaman. Deyarli har doim o'zimga kerakli ma'lumotlarni topaman. Ma'lumotlar bazangizni yanada kengaytirishingizni so'rab qolaman. Bundan tashqaria ekologiyaga oid jahondagi yangiliklarni ham muntazam berib borishingizni so'ragan bo'lar edim. Faoliyatingizga rivoj tilayman. E'tiboringiz uchun rahmat.