Omadga yetaklovchi odatlar 

4 909

Dunyoda har bir narsaning o’z qonuniyati, yozilgan-yozilmagan qoidalari bo’ladi.  Baxt, ruhiy va jismoniy kuch muvaffaqiyatga erishishning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi.  Omadli bo’lish qiyin, deb qo’l qovushtirib o’tirish aqlli kishilarning ishi emas.

Erta uyg’oning! 
Barcha muvaffaqiyatli insonlar – erta uyg’onuvchi "qush”lardir. Erta uyg’onishda hikmat ko’p. Tong uyg’oq kishiga tetiklik va ilhom bag’ishlaydi. Yotog’ida tong ottirmaydigan, tong otib-otmay bugunga mo’ljallagan ishlarini rejalashtiradigan odamlarning ishi unumli bo’ladi. Ertadan boshlab siz ham barvaqt uyg’onishga harakat qiling. Oradan biroz vaqt o’tib har kuni erta uyg’onishga odatlanasiz. Albatta, bu ishlaringizga ham, ruhiy va jismoniy holatingizga ham ijobiy ta'sir etmay qolmaydi.

O’qish-o’rganishdan to’xtamang! 
Kunda hech bo’lmaganda televizor yoki kompyuter oldida o’tkazadigan vaqtingizning bir soatini qiziqarli hamda foydali kitob o’qishga sarflasangiz, siz aqlli insonlar qatorida ekansiz. Bu mashg’ulot sizga ma'naviy ozuqa, miyangizga dam berish bilan birga tafakkuringizni o’tkir qiladi, dunyoqarashingiz kengayadi. Atrofingizda ro’y berayotgan voqealarga teran nigoh  tashlaysiz. Do’st va yaqinlaringiz uchun siz bilan muloqotda bo’lish qiziqarli bo’ladi. Bu esa shubhasiz sizni hurmat qilishlariga sabab bo’ladi.

Ortiqcha narsalardan xalos bo’ling!
Vaqt-vaqti bilan hayotingizda, tuyg’ularingiz va miyangizda "tozalash” ishlarini amalga oshiring. Deylik, qachondir kim bilandir tortishgansiz, ziddiyatga borgansiz. Buni yuragingizda ko’tarib yurishning keragi yo’q. Muvaffaqiyatga erishishingiz uchun xalaqit beradigan nimaiki bo’lsa hammasini miyangizdan va qalbingizdan o’chirib tashlang. O’tmishdagi xatolaringiz bilan yashamang. Hayotda omad va baxtga erishish uchun yoqimsiz xotiralar o’rnini yorqin orzular bilan to’ldiring!

Hayotingiz sokin bo’lsin! 
Muttasil stress va tartibsizlik muvaffaqiyatsizlikka olib boradi. Hayotdan zavqlanib yashash, optimistik qarashlar omadga erishishga yordam beradi. Hayot shovqinlaridan bir zum tin oling. Ichki ovozingizni eshiting, nima xohlaysiz, nima qilsangiz xotirjam tortasiz? Bu savollarga javob topgan oningizdayoq ularni amalda bajaring. Shoshqaloqlik odamga pand beradi, ammo g’aflat ham yaxshilik alomati emas. Hayotda me'yorga amal qilishni unutmang.

Jismoniy faollik 
Muntazam jismoniy faollik sog’lik garovidir. Albatta muvaffaqiyatga erishish uchun salomatlik muhim hisoblanadi. Sport mashg’ulotlariga qatnashish odatingizga aylansin. Xohlang, sport zallariga boring, xohlang, har kuni uyingizda bir soat mobaynida jismoniy mashqlar bilan shug’ullaning yoki raqsga tushing. Harakat – hayot degani. Jismoniy faollik o’z-o’zidan kayfiyatingizni yaxshilaydi. Yaxshi kayfiyatda bajarilgan ishlar esa albatta omad va muvaffaqiyat olib keladi.

Har kuni tajriba to’plang! 
Inson qancha ko’p hayotiy tajribaga ega bo’lsa shuncha ko’p omadli bo’ladi. Har kun, har daqiqadan ibrat oling. Tajribangiz ortgani sari imkoniyatlaringizni baholay olasiz. Bu esa shaxsiy hayot va ishda muvaffaqiyat qozonishingizga yordam beradi.

Yoqimli muhit
Hayotda baxtli inson, muvaffaqiyatli  ishbilarmon bo’lish uchun o’zingizga yoqimli muhit yaratib oling. Asabingizni buzadigan, tinmay noliydigan, pessimist, hayotdan norozi insonlar bilan muloqotda bo’lmaslikka harakat qiling. Atrofingizda o’zingizga nisbatan aqliy salohiyati yuksak, ko’pni ko’rgan, ko’proq muvaffaqiyatlarga erishgan kishilarni to’plang. Ularning hayot tajribalarini o’zlashtiring, maslahatlariga quloq tuting. Unutmang, inson ma'naviy darajasi o’zidan baland bo’lgan kishilar bilan muloqot qilgani sari yuksaladi, ko’proq narsalarni o’rganadi. O’rganish, izlanish esa shubhasiz omad kalitidir.

Unutilmas voqealarni qayd etib boring!
Agar siz o’zingiz bilan bog’liq unutilmas, qiziqarli va yaxshi holatlarni qayd qilib borish uchun daftar tutsangiz, keyinchalik bu sizning odatingizga aylanadi. Bu holat sizga o’zingizdan qoniqish hissini bag’ishlaydi. Sizga berilgan qobiliyat va imkoniyatlar uchun hamisha shukur qiling. O’zingizga yordami tekkan yaqinlaringiz, do’st, hamkasblaringizga tez-tez minnatdorchilik bildiring. Shukur qilganingiz sari holatingiz yaxshilanaveradi. Shukronalik, minnatdorchilik omad rekordlaringizni yangilanishi uchun qulay imkoniyatlar tuhfa etadi. Mo’jizalarni uzoqdan kutmang, o’zingiz yaratib qo’ya qoling! Axir ular shundoq yonginangizda-ku!

Izlanishdan to’xtamang!
Edison o’n mingta omadsiz tajribadan so’ng elektr lampochkani ixtiro qilishga muvaffaq bo’ldi.  Uolt Disneyning loyihasi 303 ta bankdan o’tmagandi. Maqsadi yo’lida shahd bilan harakat qilgan Disney nomini bugun bilmaydigan odamning o’zi deyarli yo’q. Jek Kenfild va Mark Xansenlarning "Qalb uchun tovuq sho’rva” kitobi dunyo miqyosida bestseller asar hisoblanishini bilasizmi? Aynan shu kitob bir paytlar 134 noshir tomonidan rad etilganini-chi? Shunday ekan, muvaffaqiyat qozonishingizga ishoning! Orzularingiz amalga oshishini istasangiz izlanishdan to’xtamang va bir joyda o’tirib qolmang!
 
Aslida, yorug’ dunyoda yashayotganimiz, qo’l-oyog’imiz butun, sog’-salomatligimiz, oilamiz borligi, ota-ona, jigarlarimiz, farzandlarimiz omonligi, kasb-korimiz ortidan rizq-nasibamiz yetib turganining o’zi - katta omad. Ana shu ne'matlarga shukur qilsak, o’zimizda bor narsalarni qadrlasak, omad va muvaffaqiyat bizni hech qachon tark etmaydi!

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.