Omadga yetaklovchi odatlar
Dunyoda har
bir narsaning o’z qonuniyati, yozilgan-yozilmagan qoidalari bo’ladi. Baxt, ruhiy va jismoniy kuch muvaffaqiyatga
erishishning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi.
Omadli bo’lish qiyin, deb qo’l qovushtirib o’tirish aqlli kishilarning
ishi emas.
Erta uyg’oning!
Barcha
muvaffaqiyatli insonlar – erta uyg’onuvchi "qush”lardir. Erta uyg’onishda
hikmat ko’p. Tong uyg’oq kishiga tetiklik va ilhom bag’ishlaydi. Yotog’ida tong
ottirmaydigan, tong otib-otmay bugunga mo’ljallagan ishlarini rejalashtiradigan
odamlarning ishi unumli bo’ladi. Ertadan boshlab siz ham barvaqt uyg’onishga
harakat qiling. Oradan biroz vaqt o’tib har kuni erta uyg’onishga odatlanasiz.
Albatta, bu ishlaringizga ham, ruhiy va jismoniy holatingizga ham ijobiy ta'sir
etmay qolmaydi.
O’qish-o’rganishdan
to’xtamang!
Kunda hech
bo’lmaganda televizor yoki kompyuter oldida o’tkazadigan vaqtingizning bir
soatini qiziqarli hamda foydali kitob o’qishga sarflasangiz, siz aqlli insonlar
qatorida ekansiz. Bu mashg’ulot sizga ma'naviy ozuqa, miyangizga dam berish
bilan birga tafakkuringizni o’tkir qiladi, dunyoqarashingiz kengayadi.
Atrofingizda ro’y berayotgan voqealarga teran nigoh tashlaysiz. Do’st va yaqinlaringiz uchun siz
bilan muloqotda bo’lish qiziqarli bo’ladi. Bu esa shubhasiz sizni hurmat
qilishlariga sabab bo’ladi.
Ortiqcha
narsalardan xalos bo’ling!
Vaqt-vaqti
bilan hayotingizda, tuyg’ularingiz va miyangizda "tozalash” ishlarini amalga
oshiring. Deylik, qachondir kim bilandir tortishgansiz, ziddiyatga borgansiz.
Buni yuragingizda ko’tarib yurishning keragi yo’q. Muvaffaqiyatga erishishingiz
uchun xalaqit beradigan nimaiki bo’lsa hammasini miyangizdan va qalbingizdan
o’chirib tashlang. O’tmishdagi xatolaringiz bilan yashamang. Hayotda omad va
baxtga erishish uchun yoqimsiz xotiralar o’rnini yorqin orzular bilan
to’ldiring!
Hayotingiz
sokin bo’lsin!
Muttasil
stress va tartibsizlik muvaffaqiyatsizlikka olib boradi. Hayotdan zavqlanib
yashash, optimistik qarashlar omadga erishishga yordam beradi. Hayot shovqinlaridan
bir zum tin oling. Ichki ovozingizni eshiting, nima xohlaysiz, nima qilsangiz
xotirjam tortasiz? Bu savollarga javob topgan oningizdayoq ularni amalda
bajaring. Shoshqaloqlik odamga pand beradi, ammo g’aflat ham yaxshilik alomati
emas. Hayotda me'yorga amal qilishni unutmang.
Jismoniy
faollik
Muntazam
jismoniy faollik sog’lik garovidir. Albatta muvaffaqiyatga erishish uchun
salomatlik muhim hisoblanadi. Sport mashg’ulotlariga qatnashish odatingizga
aylansin. Xohlang, sport zallariga boring, xohlang, har kuni uyingizda bir soat
mobaynida jismoniy mashqlar bilan shug’ullaning yoki raqsga tushing. Harakat –
hayot degani. Jismoniy faollik o’z-o’zidan kayfiyatingizni yaxshilaydi. Yaxshi
kayfiyatda bajarilgan ishlar esa albatta omad va muvaffaqiyat olib keladi.
Har kuni
tajriba to’plang!
Inson
qancha ko’p hayotiy tajribaga ega bo’lsa shuncha ko’p omadli bo’ladi. Har kun,
har daqiqadan ibrat oling. Tajribangiz ortgani sari imkoniyatlaringizni baholay
olasiz. Bu esa shaxsiy hayot va ishda muvaffaqiyat qozonishingizga yordam
beradi.
Yoqimli
muhit
Hayotda
baxtli inson, muvaffaqiyatli ishbilarmon
bo’lish uchun o’zingizga yoqimli muhit yaratib oling. Asabingizni buzadigan,
tinmay noliydigan, pessimist, hayotdan norozi insonlar bilan muloqotda
bo’lmaslikka harakat qiling. Atrofingizda o’zingizga nisbatan aqliy salohiyati
yuksak, ko’pni ko’rgan, ko’proq muvaffaqiyatlarga erishgan kishilarni to’plang.
Ularning hayot tajribalarini o’zlashtiring, maslahatlariga quloq tuting.
Unutmang, inson ma'naviy darajasi o’zidan baland bo’lgan kishilar bilan muloqot
qilgani sari yuksaladi, ko’proq narsalarni o’rganadi. O’rganish, izlanish esa
shubhasiz omad kalitidir.
Unutilmas
voqealarni qayd etib boring!
Agar siz
o’zingiz bilan bog’liq unutilmas, qiziqarli va yaxshi holatlarni qayd qilib
borish uchun daftar tutsangiz, keyinchalik bu sizning odatingizga aylanadi. Bu
holat sizga o’zingizdan qoniqish hissini bag’ishlaydi. Sizga berilgan qobiliyat
va imkoniyatlar uchun hamisha shukur qiling. O’zingizga yordami tekkan yaqinlaringiz,
do’st, hamkasblaringizga tez-tez minnatdorchilik bildiring. Shukur qilganingiz
sari holatingiz yaxshilanaveradi. Shukronalik, minnatdorchilik omad
rekordlaringizni yangilanishi uchun qulay imkoniyatlar tuhfa etadi.
Mo’jizalarni uzoqdan kutmang, o’zingiz yaratib qo’ya qoling! Axir ular shundoq
yonginangizda-ku!
Izlanishdan
to’xtamang!
Edison o’n
mingta omadsiz tajribadan so’ng elektr lampochkani ixtiro qilishga muvaffaq
bo’ldi. Uolt Disneyning loyihasi 303 ta
bankdan o’tmagandi. Maqsadi yo’lida shahd bilan harakat qilgan Disney nomini
bugun bilmaydigan odamning o’zi deyarli yo’q. Jek Kenfild va Mark Xansenlarning
"Qalb uchun tovuq sho’rva” kitobi dunyo miqyosida bestseller asar
hisoblanishini bilasizmi? Aynan shu kitob bir paytlar 134 noshir tomonidan rad
etilganini-chi? Shunday ekan, muvaffaqiyat qozonishingizga ishoning!
Orzularingiz amalga oshishini istasangiz izlanishdan to’xtamang va bir joyda
o’tirib qolmang!
Aslida,
yorug’ dunyoda yashayotganimiz, qo’l-oyog’imiz butun, sog’-salomatligimiz, oilamiz
borligi, ota-ona, jigarlarimiz, farzandlarimiz omonligi, kasb-korimiz ortidan
rizq-nasibamiz yetib turganining o’zi - katta omad. Ana shu ne'matlarga shukur
qilsak, o’zimizda bor narsalarni qadrlasak, omad va muvaffaqiyat bizni hech
qachon tark etmaydi!
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.