Ko`z yosh qoyasi (Rivoyat) 

5 156

 Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani Burchmalladan yuqorilab Ko'ksuv daryosi vohasi sari borilsa, Ko'z yoshi qoyasiga duch kelamiz. Qoyadan hamisha suv tomchilab oqib tushib turadi.
 Rivoyatlarga ko`ra, Daqqiyunus zamonida Ko'ksuv tog'alarida bir boy yashagan ekan. U befarzand ekan. Ko'p yillar o'tib, xotinining oy kuni yetib, bir suqsurday o'g'il tug'ibdi. Dunyoga kelgan bolani doya xotinlar qo'lga olib ko'rib barining aqli boshidan uchib, ba'zilarining labiga uchuqlar toshib qolibdi. Chunki haligi chaqaloq odam bo'lib odamga o'xshamas, maxluq bo'lib maxluqqa o'xshamasmish. Uning na boshi, na qo'l-oyog'i bor ekan, bamisoli suv solingan meshga o'xsharmish. Bolaning faqat emishu yig'lashdan bo'lak peshasi yo'q ekan. Er-xotin har kuni tangriga nola qilib, bolasiga rahm qilishini so'rab, iltijo qilisharkan. Ammo bola sira o'zgarmas, o'sha-o'shaligicha qolaveribdi, o'smabdi ham, odam qiyofasiga kirmabdiyam. Bolasining baribir tuzalmasligiga ko'zi yetgan ota va ona bu dardi bedavodan qutulish chorasini izlay boshlashibdi. Bir kuni Ko'ksuv daryosiga tashlab kelishibdi.Ota-ona qishlog'iga qaytar-qaytmas haligi bola toshga aylanib qolibdi. Uyiga qaytib kelgan ona sho'rlik baribir bolasiga ichi achishib o'sha zahotiyoq iziga qaytib borib qarasa, bolasi toshga aylanib qolganmish. Ona faryod solib toshga qarab yugurgan ekan, tosh ichidan judayam chiroyli bir bola chiqibdi. Ona xursandligidan ko'zidan o't chaqnab, bolasi sari talpinibdi. Ammo haligi bola jilmayib, onasiga tomon bir talpinibdi-yu, keyin shartta burilib yon tomondagi g'orga kirib ketibdi. Ona bechora - zora bolam chiqib qolsa, bir nazar ko'rsam deb g'or og'zida mukka tushib, bir necha kun kecha demay, kunduz demay poylab yotibdi. Bolasining dardida faryod chekib, zor-zor yig'labdi. Ammo boladan darak bo'lmabdi. Mushtipar onaizorning ahvolini ko'rgan butun borliq unga achinib, faryodiga sherik bo'libdi, qushlar ham motamsaro sayrab, onaning iztirobiga hamdard bo'lishibdi, qoyatoshlar o'zining metindek bag'ridan suv chiqarib bamisoli shashqator ko'z yoshi to'kibdi. Xullas, bola qaytib g'or og'zidan chiqmabdi, ona yig'lab - yig'lab, ayriliqqa bardosh berolmay, shu g'or oldida jon beribdi. Bu voqealarning shohidi bo'lgan qoya tosh haligacha ko'z yoshini tiyolmas emish. Bu qoyaning Ko'z yoshi deb atalishining boisi ham shunda ekan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.