G`avvos sayyohlar uchun … 

3 015

  Suvosti arxeologiyasi har qancha e’tirofga loyiq. Inchunun, akvalang kashf qilinganidan beri tadqiqotchilar mustaqil ravishda qazishma va razvedka ishlari bilan shug‘ullana boshlashdi.
  Ular salkam yuz yildan buyon suvosti olamini tadqiq etish asnosida ko‘pchilikning nazariga tushishdi. Hatto, dunyoning nufuzli universitetlarida ham suvosti arxeologiyasi fakultetlari ochilgan. Deyarli har kuni suvosti arxeologlari bizni biror-bir yangilik yoki topilmadan boxabar qilishmoqda. Yaqinda Xitoy hududidan topilgan suvosti ehromi ham ularning e’tiboridan chetda qolmadi.
Ehromlar saltanati
 Fusyan ko‘li tubidan topilgan ehrom zinapoya ko‘rinishida bo‘lib, uning balandligi 19, har bir zina asosining uzunligi esa 90 metrni tashkil qiladi. Sirli inshoot tosh plitalardan qurilgan bo‘lib, asosan beshta zinapoyadan iborat. Ehromning eng yuqori qismidagi ikkita zina qumdan yasalgani bois deyarli to‘kilib bo‘lgan. Qolgan zinalarga kelsak, ular ohaktoshning suvga chidamli turlaridan qurilgan. Eng qizig‘i, Fusyan ko‘li tubida bunday ehromlarning soni 9 taga yetadi. Ko‘l tubida shu inshootlarga o‘xshash o‘ttizga yaqin bir nechta mo‘‘jaz ehromlar borligi ham aniqlangan. Mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, bu ehromlar qadimgi tsivilizatsiya vakillariga tegishli ekan. Me’morlik majmuasining umumiy maydoni 2,5 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Ayni damda arxeologlar ko‘l tubidan olib chiqilgan loy idishni eramizga qadar 25-200 yillarda hukmronlik qilgan SHarqiy Xan sulolasi davriga oidligini ta’kidlashmoqda.
Uch ehrom
Bir emas, naqd uchta suvosti ehromi Rok ko‘lidan ham topilgan. Ko‘l Medison (AQSH, Viskonsin sht.) shahridan 40 km. narida joylashgan. Havoning avzoyi buzuq paytda ko‘l suvlari tez-tez loyqalanib turadi. SHu bois, uning tubini ko‘rish hammaga ham nasib etavermaydi. Biroq, 1936 yilning aprelida  F.Morgan ismli kimsa ko‘l ustidan sport samolyotida ucha turib, uning tubini ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, o‘sha kuni havo nihoyatda ochiq bo‘lgan va u ko‘l tubida uchta ulkan suvosti inshootlarini ko‘rgan. Piramidaga o‘xshash inshootlarning uchi cho‘qqisimon ekaniga ishonch hosil qilgach, Morgan bor gapni mutaxassislarga aytadi. SHundan so‘ng Rok ko‘liga juda ko‘plab tadqiqotchilar kela boshlashadi. Ammo, ularning hech biri ko‘ldagi ehromlarni topa olmaydi. Oradan bir necha yillar o‘tgach, bu erga navbatdagi ekspeditsiya uyushtiriladi. Suvosti arxeologlari bu safar ko‘lning har bir kvadrat metrini ko‘zdan kechirib, Morgan tasvirlagan o‘sha piramidaning dastlabkisini topishadi. Inshoot haqiqatdan ham piramida ko‘rinishida bo‘lib, 9×10 metrli to‘g‘riburchakli asosga ega edi. Keyinroq, tadqiqotchilar ko‘lda yana bir inshoot borligini aniqlashadi. Biroq, bunisi hajm jihatidan avvalgisidan ancha farq qilardi.
Yonaguni siri
 Suvosti ehromlarining yana biri YAponiyaning Yonaguni orolida kashf qilingan. 1985 yili dayving bo‘yicha instruktor Kixachiro Aratake nimadir uning suzishiga xalal berayotganini payqaydi. O‘sha kuni kuchli to‘lqinlarning mavj urishi natijasida Aratake ulkan toshlardan yasalgan qurilmalarga ko‘zi tushadi. Ular geometrik bezaklar bilan qoplagan bo‘lib, bir nechta pillapoyalari ham bor edi. Ko‘rinishdan qadimgi shumerlarning piramidasini eslatuvchi bu inshoot mutaxassislarni chuqur o‘yga solib qo‘yadi. Kamiga suvosti arxeologlari toshlardagi bezaklar orasidan hindularga xos patli bosh kiyimi chizilgan rasmlarni topishadi. Aynan mana shu topilma ushbu ehrom Janubiy Amerikalik hindular tomonidan qurilgan, degan taxminni yuzaga keltiradi. Negaki, inshootning Machu-Pikchu ibodatxonasiga o‘xshash jihatlari nihoyatda ko‘p. Masalan, ikkala ehrom qurilishida ham "G” ko‘rinishidagi tosh bloklaridan foydalanilgan. Bu o‘z navbatida bloklarni bir-biriga "choksiz” birlashtirish imkonini beradi. Qolaversa, ushbu inshotlarning ikkovida ham tabiiy ofatlardan himoyalovchi o‘ziga xos texnologiya mavjud. Hozircha bir narsa, ya’ni And tog‘larida paydo bo‘lgan madaniyat boshqa bir qit’aga qanday kirib kelgan va eng asosiysi, suvosti ehromlari kim tomonidan yaralgani jumboqligicha qolmoqda. Ehtimol, shu va shunga o‘xshash jumboqlarning echimi kuni kelib topilar. Albatta, buning uchun vaqt, yangi va yangi tadqiqotlar qilinishi lozimdir.
Darvoqe… 
  O‘tgan asrlarda suvosti ehromlarining yana bir nechtasi aniqlangan. Masalan, 1968 yili uchuvchi R.Brash tadqiqotchilarga Bimi-ni va Andros (Bagam) orollarining suvosti dunyosida ulkan tosh qurilmalar borligini aytadi. Buni eshitgan arxeologlar darrov ishga tushib ketishadi. Ular suv ostida haqiqatdan ham 54×42 metrli ehrom, ko‘chalar, qal’a devorlari va ajabtovur doirasimon toshlar borligini qayd etishgan.
  1973 yili "Akademik Petrovskiy” kemasi bortida ketayotgan yo’lovchilar Portugaliya janubi-g‘arbidan 240 milь uzoqlikdagi okean tubida ulkan tosh bloklaridan qurilgan inshootlarni suratga olishga muvaffaq bo‘lishadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.