Antarktika muzlari ostidagi ulkan yoriqlar 

2 690

Olimlar G'arbiy Antarktika muzlari ostida bir necha o'n yoriqlar yashiringanini aniqlashdi, ularning chuqurligi deyarli bir kilometrga yetadi. Geophysical Research Letters jurnalida shu mavzuda maqola taqdim etildi. 

"Endi biz G'arbiy Antarktikadagi bu ulkan muzliklar tagida nima yashiringanini yaxshiroq tushuna boshlayapmiz. Bu tuzilmalar biz taxmin qilganimizdan-da bir necha yuz va hatto ming metr chuqur bo'lib chiqdi. Ular bizga muzliklarga bog'liq hodisalarni oldindan taxmin qilish va okeanlarning iliq suvi muzliklarni pastdan qanday yemirishi haqida ma`lumot olishga yordam beradi", - dedi Irvindagi Kaliforniya universiteti olimi Romeyn Millan. 

Antarktikaning muz qatlami yiliga 2,8 ming kub kilometr muzni yo'qotadi, so'nggi o'n yillikda muz qatlami borgan sari tezroq qisqarmoqda. Uzoq vaqt davomida bu aysberglarning jadal shakllanishi tufayli ro'y berayapti, deb hisoblanayotgan edi, biroq amerikalik iqlimshunoslar 2013-yilning iyunida "yo'qolgan" muzlar hajmining yarmidan ko'prog'i Antarktika muz qatlamining suv osti qismini o'ziga xos daryo-kanallari orqali yuvib o'tuvchi iliq oqimlar tufayli eriganini aniqlashdi.

Millan va uning hamkasblari bu kanallarning qayerdan paydo bo'lgani va ularning real o'lchamlarini aniqlashdi. Ular NASA IceBridge loyihasi doirasida to'plagan suratlarni o'rganib chiqishdi, 2009-2016-yillar mobaynida Antarktika muz qatlamini geodezik samolyotlar yordamida kuzatishdi. 

Ushbu suratlar va radar ma`lumotlarni taqqoslab, olimlar muzlikning bir qismi qayergadir izsiz yo'qolayotganini aniqlashdi. Bu ularni eski ma`lumotlarni qayta tekshirish va gravmetrik ma`lumotlarni qo'llab, yangi xarita tuzishga majbur qildi.

Bu xarita olimlar kutganidek bo'lib chiqmadi - ma`lum bo'lishicha, Antarktika muzliklari ostida 500-1200 metr chuqurlikdagi ulkan yoriqlar tarmog'i yashiringan ekan. Amudsen dengizi qirg'oqlaridagi Kross va Dotson kabi muzliklar tagida Janubiy okeanning nisbatan iliq suvlari bilan to'lgan butun bir "vodiy" va g'orlar yashiringan bo'lib chiqdi. 

Yoriqlar orasidan o'tuvchi suv ularning erishini tezlashtiradi, bu muzliklarning nima uchun kutilganidan tez qisqarayotganiga sabab bo'ladi. 

Olimlar kelajakda nimalar ro'y berishi mumkinligi borasida aniq fikr bildirishga shoshilishmayapti, biroq ular bunday tuzilmalar G'arbiy Antarktika muzliklari qulashi ehtimolini sezilarli darajada oshirishi va dengiz sathi yuz yillik oxiriga borib, biryo'la 1,2 metrga ko'tarilishini taxmin qilishmoqda. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.