Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi 

612

Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-apreldagi 107-son qarori bilan Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda "Norma.uz” xabar bermoqda.
Belgilanishicha, quyidagilar attestatsiyadan o‘tkazilishi shart:
— maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli;
— umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining oliy ma’lumotli;
— o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining umumta’lim, chuqurlashtirilgan va kasbiy ta’lim fanlari bo‘yicha oliy ma’lumotli;
— o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli pedagog kadrlari.
Hujjatga ko‘ra, attestatsiya maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog kadrlari uchun har 5 yilda, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari pedagog kadrlari uchun har 3 yilda bir marta o‘tkaziladi.
Ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlar bir yildan so‘ng, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini bitirib birinchi bor ishga kirganlar 3 yildan so‘ng attestatsiyaga jalb etiladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan holda uzoq muddat (3 oydan ortiq) davolanayotgan, homiladorlik va tug‘ish, bolani parvarishlash ta’tilidagi pedagog kadrlar ishga qaytganlariga bir yil to‘lgandan so‘ng attestatsiyadan o‘tadi.
Pedagog kadrlar o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ma’lumotli, ilmiy daraja olganligi yoki qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplomda ko‘rsatilgan tayyorlov, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassislik yoki ixtisosliklariga mos keladigan fanlar bo‘yicha attestatsiyadan o‘tadi.
Pedagog kadrlarning diplomida bittadan ortiq tayyorlov yoki ta’lim yo‘nalishi, mutaxassislik yoki ixtisoslik ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular dars berayotgan har bir o‘quv fani bo‘yicha alohida attestatsiyadan o‘tadi.
Ta’lim muassasalari rahbarlari attestatsiya muddatini bir oy oldin e’lon qiladi va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi bilan tanishtiradi.
Attestatsiya 2 bosqichda o‘tkaziladi:
— birinchi bosqichda – attestatsiyadan o‘tuvchilarning o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovi natijalari, dars o‘tish mahorati, mehnati samaradorligi ekspert guruhi tomonidan o‘rganiladi va tegishli tavsiyalar tayyorlanadi;
— ikkinchi bosqichda – attestatsiya komissiyasi tomonidan pedagog kadrlarning xorijiy tillar, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bilishi, ijtimoiy-siyosiy bilimlarini aniqlash yuzasidan suhbat o‘tkaziladi. Suhbat jarayoni videotasvirga olinadi.
Attestatsiya komissiyasi attestatsiyadan o‘tuvchining ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, "attestatsiyadan o‘tdi/o‘tmadi”, "tegishli malaka toifasi (lavozim) berilsin/saqlansin/tushirilsin” degan qarorlardan birini qabul qiladi.
Attestatsiya komissiyasi "Attestatsiyadan o‘tmadi, mutaxassis (o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas” degan qarorni qabul qilsa, pedagog kadrlar navbatdan tashqari malaka oshirish kurslariga yuboriladi va keyingi yilda qayta attestatsiyaga jalb etiladi.
Pedagog kadrlar qayta attestatsiyadan o‘tmasa, ish beruvchi tomonidan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Attestatsiya komissiyasining qaroriga ko‘ra oliy, birinchi, ikkinchi malaka toifasiga yoki bosh, yetakchi, katta o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga belgilangan shakldagi attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat attestatsiya o‘tkazilgandan so‘ng bir oy ichida topshiriladi.
Pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi. Sertifikatning amal qilish muddati tugagan pedagog kadrlarga mutaxassis, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli o‘qituvchi lavozimi bo‘yicha haq to‘lanadi.
Attestatsiya komissiyasi qaroridan norozi bo‘lgan pedagog kadrlar attestatsiya natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun mobaynida apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda shikoyat berishi mumkin. Shikoyat ro‘yxatga olingan kundan boshlab 15 kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Bekzod Yusupov  
Jizzax shahar 29-umumiy o`rta ta`lim maktabi
geografiya fani o`qituvchisi 
 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash