Yuklanmoqda...

Geografik va meteorologik asboblar 

2562

Anemometr 

  Anemometr (Yunoncha anemos – shamol, metre-o`lchov) – shamol tezligini (ba`zan yo`nalishini ham) o`lchovchi asbob. Shamol tezligini shamol ta`sirida aylanuvchi kosachalarning aylanish sonlariga qarab monometrik usulda yoki elektr usulida ham aniqlash mumkin. 

Aneroid, metal barometr  

  Aneroid, metal barometr – atmosfera bosimini o`lchash uchun ishlatiladigan asbob. Aneroidning asosiy ish qismi – ichidan havosi so`rib olingan elastik xususiyati yassi to`garak quticha. Havo bosimi o`zgarganda quticha o`z shaklini o`zgartiradi (bosim oshganda quticha siqiladi, kamayganda kengayadi) va bu o`zgarish ruchaglar sistemasi yordamida shkala bo`ylab harakatlanuvchi strelkaga uzatiladi. 
 
Barograf  
  Barograf  (yunoncha baros – og`irlik, grafo – yozaman) – atmosfera bosimi o`zgarishini uzluksiz qayd qilish uchun o`zi yozgich asbob. Aneroid bvarograf keng tarqalgan. 
 
Barometr 
  Barometr (baros – og`irlik, metreo – o`lchayman) – atmosfera bosimini o`lchaydigan asbob.  Meteorologik stansiyalarda keng tarqalgan simobli barometr uzunligi 1 metrga yaqin keladigan bir uchi berk shisha naydan iborat. Nayga simob to`ldirib, simobli metal kosaga to`ntarilsa, shisha naydagi simob ustunning bosimi tashqi atmosfera bosimi bilan muvozanatlashguncha naydagi simobning ma`lum qismi metal kosaga to`kiladi. Shisha naydagi simob ustida bo`shliq (Torichelli bo`shlig`i) hosil bo`ladi.  

Batometr 

  Batometr (yunoncha batos – chuqurlik, meteo – o`lchayman) – suvning kimyoviy tarkibini va haroratini aniqlash maqsadida dengiz, ko`l va daryolarning turli chuqurligidan namuna oladigan asbob. 

Gigrometr 

  Gigrometr – havodagi suv bug`ining miqdorini aniqlaydigan asbob.  Tuzilishi va ishlash prinsipi jihatdan absolyut, kondensatsion, qilli, psixometrik elektr gigrometrlarga bo`linadi. Eng ko`p ishlatiladigan qilli gigrometr yog`sizlangan qil havo namligining o`zgarishi natijasida uzayadi yoki qisqaradi. Uning shkalasi darajalarga bo`linadi.  

Gnomon 

  Gnomon – qadimiy astronomik asbob. Tekis maydonga o`rnatilgan tik ustuncha. Gnomon soyasining uzunligi va yo`nalishiga qarab Quyoshning gorizontdan balandligini va azimutini aniqlash mumkin. Hozir Quyosh soati sifatida qo`llaniladi.  

Yog`in o`lchagich 

  Yog`in o`lchagich – Meteorologik stansiyalarda yog`in miqdoriini o`lchash uchun qo`llaniladigan asbob. Suv yig`iladigan chelakdan (yuzasi 200 sm.kv) va yog`in o`lchagich stakan (chelak) dan iborat. Yog`in suvi chelakdan miqdor bo`linmalari belgilangan stakanga quyiladi. Bu bo`linmalarga qarab yog`in miqdori mm hisobida aniqlanadi. Chelak tik ustunga o`rnatilib, atrofi atrofi qor uchib kirmasligi uchun to`silgan.

Nivelir 

  Nivelir – (fransuzcha - tekislamoq) – joining nisbiy balandligi, ya`ni bir nuqtaning ikkinchi nuqtadan qancha balandligini aniqlash uchun ishlatiladigan asbob. Oddiy nivelir uchiga ko`ndalang taxtacha o`rnatilgan yog`ich tayoqdan iborat. Taxtacha o`rtasida mix bo`lib, nivelirni tik (vertikal) o`rnatish uchun unga shoqul bo`g`langan. Nivelirlashda ancha murakkab nivelirlar ishlatiladi. 
Psixrometr 
  Psixrometr (yunoncha psixros – sovuq, metreo – o`lchayman) – havo namligini o`lchashda ishlatiladigan asbob. Ikki termometrdan iborat – biri quruq, ikkinchining uchiga latta o`ralib, suvli idishga tiqib qo`yilgan. Ho`l termometr harorati quruq termometr haroratiga nisbatan pastroq bo`ladi. Ana shu ikki termometr ko`rsatgan harorat farqiga qarab maxsus jadvallar yordamida havo namligi aniqlanadi. 
Radiozond 
  Radiozond – havo bosimi, harorati, namligini o`lchashga xizmat qiladigan meteorologik asboblarni havoga ko`tarib chiqish uchun ichiga yengil gaz to`ldirilgan rezina shar. O`lchash natijalari radioto`lqinlar orqali Yerdagi radiopriyomnikka xabar qilib turiladi. Radiozong 30-35 km gacha ko`tariladi.
Seysmograf  
  Seysmograf (yunoncha seysmos – zilzila, grafo - yozaman) – zilzila bo`lganda yoki moddalar portlatilganda yer po`stida ro`y beradigan tebranishlarni qayd qiladigan asbob. Hozirgi zamon seysmografini rus olimi B.B.Glitsin ixtiro qilgan, biroq birinchi seysmografni aslida xitoylik munajjim Chjan Xen ixtiro etgan. Bu seymograf yordamida 600 km.gacha masofadagi Yer silkinishlari ham qayd etilgan.  

Sun`iy yo`ldosh, Yerning sun`iy yo`ldoshi 

  Sun`iy yo`ldosh, Yerning sun`iy yo`ldoshi – ko`p bosqichli eltuvchi raketalar yordamida Yer atrofi orbitasiga chiqarilgan va xilma-xil ilmiy hamda texnik priborlar bilan jihozlangan. Birinchi sun`iy yo`ldosh 1957-yil 4-oktyabrda uchirilgan. Endilikda sun`iy yo`ldoshlardan yer atmosferasining yuqori qismi va kosmik fazoni o`rganish bilan birgalikda radio masalalari va telealoqalar o`rnatish, Yerning tabiiy boyliklarini o`rganishda foydalanilmoqda. 

Exolot

  Exolot – suvning chuqurligini o`lchaydigan asbob. 
Flyuger 
  Flyuger – shamol yo`nalishini aniqlaydigan asbob. Flyuger strelkasi doim shamol kelayotgan tomonga qarab turadi. Strelkadan pastroqda ufqning 8 tomoni (4 ta asosiy tomon va 4 oraliq tomon) ko`rsatkichi qo`yiladi. Strelka va ko`rsatkichlarga qarab, shamol kelayotgan tomon aniqlanadi. 
  Shamol kuchi flyuger kuchi flyuger strelkasidan yuqoriroqda o`rnatilgan metal plastinka yordamida aniqlanadi. Shamol qancha kuchli bo`lsa, plastinka shuncha baland ko`tariladi. 
 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash