XXI asrda paydo bo‘lgan davlatlar 

2 825

Urushlarga yakun yasalib, diplomatiya ishga tushishi kutilgan yigirma birinchi asrga kelib ham davlatlar va millatlar orasida hududiy ziddiyatlar davom etmoqda hamda yangi-yangi davlatlar paydo bo‘lishi hamon kuzatilmoqda. Garchi, ularning ko‘pchiligi BMT va yetakchi davlatlar tomonidan tan olinmagan bo‘lsa-da, tan olinib, davlatlar ro‘yxatiga yangi qo‘shilganlari ham talaygina.

Sharqiy Timor (2002)
Portugaliyaning sobiq koloniyasi bo‘lgan Sharqiy Timor (rasmiy nomi Timor-Leshti) 1975-yilga kelibgina mustaqillikka erishdi. Ammo ozodlik nashidasini surish ko‘pga bormadi. Oradan 9 kun o‘tib, 1975-yilning 7-dekabrida bu hudud AQSh va Avstraliya qo‘llab-quvvatlagan Indoneziya tomonidan okkupatsiya qilindi va bu davlatning 27-muzofotiga aylantirildi. Qarshiliklar shafqatsiz bostirildi, kurashlar natijasida Sharqiy Timorning 600 ming aholisidan 200 mingdan ortig‘i qirg‘in qilindi.

1999-yilga kelibgina BMT bosimi ostida Sharqiy Timorda mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazilishi belgilandi va hudud aholisining 78,5 foizi Sharqiy Timor mustaqilligi uchun ovoz berdi. Lekin shunga qaramay hududda siyosiy bo‘hronlar davom etdi va 2002 yilning 20 mayiga kelibgina Sharqiy Timor mustaqil davlat maqomini oldi

Qizig‘i, Sharqiy Timor gerbidagi ramzlardan biri Kalashnikov avtomatidir.

Chernogoriya (2006)
Bu sotsialistik Yugoslaviya hududidan kelib chiqqan oxirgi mustaqil davlat bo‘lib, 2006-yilning 3-iyuniga qadar Serbiya bilan konfederatsiya ittifoqida bo‘lgan. Chernogoriyaning ajralib chiqishiga serblar tabiiyki qarshi bo‘lishgan. Chunki bunday bo‘linish natijasida Serbiya Adriatika dengiziga erkin chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lardi. Shunga qaramay, Yevroittifoq 2006 yilning 21 mayida referendum o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Faqat bir shart bilan – hudud aholisining 55 foizi referendumda qatnashishi lozim. Lekin ko‘rsatkichlar ancha oshib ketdi: aholining 86 foizi ovoz berdi va ularning 55,4 foizi mustaqillikni yoqlab chiqdi. Aslida bungacha ham Chernogoriya o‘z valutasi va Serbiya bilan bojxona chegarasiga ega bo‘lib ulgurgan, mustaqillik referendumi faqat rasmiyatchilikka aylanib qolgandi.

Kosovo Respublikasi (2008)
Kosovo davlatchiligi ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘lgan va hamon bo‘lmoqda. Shunga qaramay, Kosovoni mustaqil davlat sifatida BMTning ko‘plab a'zolari tan olgan. Serbiya konstitutsiyasiga ko‘ra, Kosovo Serbiyaning muxtoriyati deb ko‘rsatilgan, ammo amalda mustaqillikka qadar ham Kosovo rasmiy Belgrad tomonidan nazorat qilinmasdi.

Aholisining 90 foizidan ortig‘i etnik albanlar bo‘lgan Kosovo 2008-yilning fevralida o‘lkaning mustaqilligi tashabbusi bilan chiqdi va bu tabiiyki hududdagi serblarning noroziligiga sabab bo‘ldi. 2010-yilning 22-iyulida Haaga xalqaro sudi Kosovoning ajralib chiqishini qonunga muvofiq deb topdi. Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSh kabi yirik davlatlar Kosovo mustaqilligini tan olgan bo‘lsa, Rossiya, Ispaniya, Argentina va Xitoy kabi davlatlar aks yo‘l tutishdi.

Qizig‘i, mutlaq ko‘pchilik davlatlar tomonidan tan olinmagan Abxaziya Kosovo mustaqilligini tan olishga tayyorligini bildirgan. Faqat buning uchun bir shart bajarilishi – Kosovo tomonidan ham Abxaziya mustaqilligi tan olinishi lozim.

Kyurasao va Sint-Marten (2010)
Kyurasao va Sint-Marten 2010-yilning 10-oktabriga qadar Niderlandiya Antil orollariga tegishli bo‘lgan. Lekin maxsus kelishuvlarga ko‘ra, Niderlandiya tasarrufida keng muxtoriyat ostidagi o‘z-o‘zini boshqaruvchi davlatlarga aylanishdi. Bu faqat tashqi siyosat va mudofaa masalalarigagina  Niderlandiya aralashuvini anglatadi.

Kyurasao Antil orollarining eng yirigi bo‘lib, 155 ming nafar aholiga ega va liberal qonunlari hamda offshor hududlari bilan nom qozongan. Asosan, neft sanoati va turizmdan daromad qiladi. Sint-Marten esa 40 ming aholiga ega va Karib dengizining eng ommabop kurortlaridan biri hisoblanadi. Uning hududi juda kichikligidan (34 km²) mahalliy aeroportga qo‘nuvchi samolyotlar plyajlardagi dam oluvchilar ustidan uchib o‘tadi.

Janubiy Sudan mustaqillik uchun 20 yildan ortiq kurashdi. Bu shafqatsiz urushlar natijasida 2 milliondan ortiq kishi nobud bo‘ldi, 4 million nafari ijtimoiy inqirozlar natijasida hududni tark etdi.

AQSh va Buyuk Britaniya Janubiy Sudanning mustaqilligi uchun ko‘p sa'y-harakatlar qilishdi va nihoyat referendum o‘tkazilishi belgilandi. Sudan prezidenti nafaqat referendumga qarshi chiqmadi, balki saylovlar natijasi ijobiy bo‘lsa, Janubiy Sudanni tan olish bilan birga rivojlanishi uchun ko‘maklashishini ham bildirdi.

2011-yilning 9-15-yanvar kunlarida bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 98,83 foizi mustaqillik uchun ovoz berdi va shu yilning 9-iyulida jahon xaritasida yana bir yangi davlat paydo bo‘ldi.

Ammo ozodlik va mustaqillik kutilgan baxtni keltirmadi. Qashshoqlik, notenglik, siyosiy va diniy kelishmovchiliklar natijasida Janubiy Sudanning o‘zi ziddiyatlar girdobiga tushib qoldi.

2018-yilga kelib, dunyoda 195 ta mustaqil davlat (Vatikan va BMT a'zolari) mavjud. BMT Vatikan mustaqilligini tan olgan bo‘lsa-da, bu davlat tashkilot tarkibiga kirmagan. Dunyodagi mamlakatlar soni davlatlar sonidan ancha ko‘p va 252tani tashkil qiladi. Chunki, mamlakat tushunchasi davlat tushunchasiga nisbatan ancha keng.  
 
Janubiy Sudan (2011)
Janubiy Sudan mustaqillik uchun 20 yildan ortiq kurashdi. Bu shafqatsiz urushlar natijasida 2 milliondan ortiq kishi nobud bo‘ldi, 4 million nafari ijtimoiy inqirozlar natijasida hududni tark etdi.

AQSh va Buyuk Britaniya Janubiy Sudanning mustaqilligi uchun ko‘p sa'y-harakatlar qilishdi va nihoyat referendum o‘tkazilishi belgilandi. Sudan prezidenti nafaqat referendumga qarshi chiqmadi, balki saylovlar natijasi ijobiy bo‘lsa, Janubiy Sudanni tan olish bilan birga rivojlanishi uchun ko‘maklashishini ham bildirdi.

2011-yilning 9-15-yanvar kunlarida bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 98,83 foizi mustaqillik uchun ovoz berdi va shu yilning 9-iyulida jahon xaritasida yana bir yangi davlat paydo bo‘ldi.

Ammo ozodlik va mustaqillik kutilgan baxtni keltirmadi. Qashshoqlik, notenglik, siyosiy va diniy kelishmovchiliklar natijasida Janubiy Sudanning o‘zi ziddiyatlar girdobiga tushib qoldi.

2018-yilga kelib, dunyoda 195 ta mustaqil davlat (Vatikan va BMT a'zolari) mavjud. BMT Vatikan mustaqilligini tan olgan bo‘lsa-da, bu davlat tashkilot tarkibiga kirmagan. Dunyodagi mamlakatlar soni davlatlar sonidan ancha ko‘p va 252 tani tashkil qiladi. Chunki, mamlakat tushunchasi davlat tushunchasiga nisbatan ancha keng.   

Bular quyidagilardir:
195 ta mustaqil davlat:
— 193 davlat – BMT a'zosi;
— 2 kuzatuvchi:
  • Vatikan;
  • Falastin;
Noaniq maqomga ega davlatlar:
— 7 davlat BMTga kirgan, lekin BMT tarkibiga kiruvchi bir yoki bir necha davlatlar tomonidan tan olingan:
  • Abxaziya Respublikasi;
  • Ozod Kashmir
  • Xitoy Respublikasi;
  • Kosovo Respublikasi;
  • Saxara Arab Demokratik Respublikasi;
  • Shimoliy Kipr Turk respublikasi;
  • Janubiy Osetiya Respublikasi;
— BMT tarkibiga kirmagan, BMT tarkibiga kirgan biror davlat tomonidan tan olinmagan, lekin qisman tan olingan davlatlar tomonidan tan olingan 4 davlat:
  • Donetsk Xalq Respublikasi;
  • Lugansk Xalq Respublikasi;
  • Tog‘li-Qorabog‘ Respublikasi;
  • Pridnestrove Moldaviya Respublikasi;
Abror Zohidov tayyorlagan.
Manba: kun.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.