Abadiy bahor oroli 

4 338

  Sayyoramizda shunday joylar borki, ularni haqiqiy ma’noda yerdagi jannatga qiyoslash mumkin. Quyoshining sirli botishidan tortib, go‘zal va betakror tabiat manzaralarini o‘zida jamuljam aylagan ana shunday go‘shalardan biri Atlantika okeanida joylashgan. Bu Ispaniyaning bir bo‘lagi bo‘lmish Tenerife orolidir. 
  Tenerifeni bejizga abadiy bahor oroli, deb atashmaydi. Iqlimi ham shunga yarasha. Havosi na soviydi va na isib ketadi.
  Allaqachonlar so‘nib bo‘lgan Teyde vulqoni esa orolga ajib bir go‘zallikni hadya etgan. Qulay ob-havo sharoiti tufayli bu yerda 1200 turdagi nabotot va 109 xildan ziyod hayvonot olami yashab keladi. Shunday bo‘lsa-da, Tenerifeda zaharli ilon va hashoratlar deyarli uchramaydi. Bu esa sayyohlarga orol bo‘ylab bamaylixotir sayr qilish, tabit manzaralaridan istagancha bahra olish imkonini beradi. Orolni dunyoga mashhur qilgan yana bir narsa: uning bag‘rida joylashgan Loro parkdir. Yashillikka burkangan ushbu oazis bir yo‘la uchta — ajabtovur hayvonot bog‘i, delfinariy va ulkan akvariumni o‘zida birlashtirgan.
  Loro parkka 1972-yili Volfgang Kissling tomonidan asos solingan bo‘lib, majmua har yili 1.500.000 tomoshabinga xizmat ko‘rsatadi. Parkka olib boruvchi asosiy yo‘l tailandcha uslubda qurilgan qishloqdan o‘tgan. Oltita uyning har biri yog‘ochdan, tomi esa haqiqiy tillodan ishlangan. Aytishlaricha, ushbu uylar yaqindagina orolga tashrif buyurgan Tailand qirolichasini ham hayratga solibdi.
  "Loro” degan nomga park o‘zining antiqa to‘tiqushlar kolleksiyasi tufayli sazovor bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ispan tilidan tarjima qilganda "loro” – "to‘tiqush” degan ma’noni bildiradi. 3500 dan ziyod to‘tiqushning hammasi ham qafasga mahkum etilmagan. Ularning anchagina qismi ochiq havoda, ayrimlari aktyor sifatida turli ko‘ngilochar tomoshalarda qatnashib turadi. Ana shunday tomoshalardan biri "Baby station” bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda to‘tiqushlar qoshiq yordamida mitti qushlarni bol bilan siylaydi.
  Bundan tashqari, park hududidan dunyodagi eng katta pingvinariy joy olgan. "Pingvinlar sayyorasi”da 180 ta shu turdagi qush yashaydi. Har kuni ular yashaydigan maydonga maxsus zambarakdan 12 tonna sun’iy qor otiladi. Bu pingvinlarga oz bo‘lsa-da Antarktida havosini tuyish, ularning yashashi va ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratadi. Pingvinlar yashaydigan hudud oyna bilan o‘ralgan bo‘lib, tomoshabinlar harakatlanuvchi yo‘lak orqali qushlarning epchil va quvnoq xatti-harakatini kuzatishlari mumkin.
 Parkning ulkan akvariumida esa butun dunyodan keltirilgan 15 000 dan ziyod suv jonivorlari yashaydi. Shuningdek, oynavand suv olamida 40 turdagi tirik korall va tropik baliqlarni uchratasiz. Akvariumdagi ajabtovur tunnel esa sayyohlarni ohanrabo misol o‘ziga tortadi. Aynan shu yerdan turib yirtqich akulalarni yaqindan ko‘rish imkoniyati mavjud. Jonivorlar shundoqqina boshingiz ustidan suzib o‘tayotgan bir paytda ularning ko‘z ilg‘amas mikroskopik tishlarini ham ko‘rsa bo‘ladi. Dengiz sherlari hamda delfinlar shousi parkning eng ommabop ko‘ngilochar dasturi bo‘lib, tomosha 1 200 000 litr suv sig‘imiga ega basseynda o‘tkaziladi.
  Bir necha yil avval Loro parkning hayvonot bog‘iga dunyoning turli burchaklaridan 6 ta gorilla olib kelindi. Shu bahona bog‘ hududi kengayib, shimpanze, yo‘lbars, yaguar, turna, flamingo, timsoh va ulkan toshbaqalar ham uning bag‘ridan joy oldi. Dunyoda tengi yo‘q botanika bog‘i Loro parkning 135 000 kvadrat metr maydonni egallagan. Bog‘da turli xil ekzotik o‘simliklar, kaktus va 7000 dan ziyod palma daraxti parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, bog‘dagi orxideya gullaridan iborat noyob kolleksiya, ajdarho daraxti xiyoboni va parkning eski qismidagi changalzor hech kimni befarq qoldirmaydi.
  Tenerifeda sarguzasht ishqibozlarining zerikib qolmasligi aniq. Chunki orolda ular uchun yetarli shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan. Masalan, dunyoga mashhur Guanchi piramidalarini olaylik. Ushbu piramidalar haligacha insoniyatni hayratga solishda davom etmoqda. Inshootni qurishda faqat toshlardan foydalanilgan. Sababi, o‘sha paytda mehnat qurollari asosan toshdan yasalardi. Guanchilar o‘shanda temir nimaligini bilishmagan. Shunga qaramay, ular qurgan inshootlar o‘zining pishiqligi va mustahkamligi bilan ajralib turgan.
  Abadiy bahor orolida bir-biriga ulanib ketgan tor ko‘cha, gavjum maydon va bozorlar, yog‘ochdan qurilgan an’anaviy uy va cherkovlar, diqqatga sazovor joylar ko‘p. Aytishlaricha, birgina Loro parkni aylanish uchun bir kun kamlik qilarkan. Buni bilgan sarguzasht ishqibozlarining orolga bir emas, bir necha bor tashrif buyurishlarining asl sababi ham shu.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.