Chet el maktablariqa qaysi fanlar o'qitiladi? 

3 448

O'quvchilar mamlakatning kelajagi bo'lsa, ular o'rganadigan fan davlat taraqqiyoti, kelajagi uchun shunchalik ahamiyatlidir. Maktab o'quv dasturi mamlakatning geografiyasi, iqtisodiyoti, madaniyati, etnik mansubligi, boringki, tashqi siyosatiga bog'liq, desak, ishonavering. Quyida dunyoning turli chekkalaridagi maktablarda qanday fanlar o'qitilishini hikoya qilamiz.

Yaponiyada: "Tabiatdan zavqlanish”
Kunchiqar yurtning maktab o'quvchilari "Tabiatdan zavqlanish” darsida boqqa sayrga chiqadilar, tabiat go'zalligidan bahra oladilar, uning mo'jizalari bilan tanishadilar. Darvoqe, tabiatdan zavq olish uchun ham bolada kuzatuvchanlik hissi bo'lishi kerak, shunday emasmi? Nima ham derdik, elektron texnologiyalar qo'ynida yashaydigan yapon bolakaylar uchun g'oyat qiziqarli va foydali fan.
 
Isroilda: "Kiberxavfsizlik”
Atrofini dushman kayfiyatdagi davlatlar o'rab olgan yahudiylar davlati bolalarini go'dakligidanoq hushyorlikka o'rgatadi. "Kiberurush nazariyasi va amaliyoti” darsida yuqori sinflar kompyuter viruslariga qarshi kurashishni o'rganishadi. O'qituvchilarni esa Isroilning razvedka xizmati tayyorgarlikdan o'tkazadi. Aksar mamlakatlarning o'quvchilari ijtimoiy tarmoqda chaqchaqlashishdan bo'shamayotganda, yahudiy bolalari nima bilan mashg'ulligini ko'ryapsizmi?
 
Armanistonda: "Xalq raqsi”
Xalqona raqslar armanlarning faxr-iftixoridir. Armanistonda xalq raqslarining bir yarim mingdan ortiq turi bor. Armanistonliklar raqs san'atini bolaga maktabdanoq o'rgatishga qaror qilishdi va 2013 yildan boshlab majburiy fan sifatida o'quv dasturiga kiritildi. Oyoqlarni tapillatib, miriqib raqs tushishga nima etsin? Qolaversa, bu jismoniy tarbiya fanidan ko'ra qiziqarliroq.
 
Ukrainada: "Yevropa chempionati futbolchilarini qabul qilishga tayyorgarlik”
Bu fan Yevro-2012 chempionati o'tkazilishidan oldin 2010-yilda Ukraina maktablariga kiritilgan. Darsda xorijlik mehmonlarga mahalliy diqqatga sazovor joylar haqida hikoya qilish hamda teatr va muzeylar to'g'risida gapirib berish o'quvchilarga o'qitilgan. Qisqacha aytganda, bu o'quvchilar zarurat tug'ilganda gidlik qila olar edi, agar dars qoldirmagan bo'lsa.
 
AQShda: "Ilmiy kashfiyotlar”
Darsda o'quvchilarga nimadir ixtiro qilib kelish uy vazifasi etib tayinlanadi. So'ng u o'z ixtirosini sinfda namoyish etadi, loyihaning dolzarbligi va foydaliligi muhokama qilinadi. Shunga asosan o'quvchiga tegishli baho qo'yiladi. AQSh ilm-fan va texnologiyalar sohasida o'zib ketganligining sababi mana shu emasmi?
 
Boshqirdistonda: "Asalarichilik”
Ko'pgina maktablarda sichqon, quyon, toshbaqa saqlanadigan joyli burchakni uchratgansiz. Asalari saqlanadigan jonli burchakni esa faqat Boshqirdistonda uchratishingiz mumkin. Asli o'quvchilar uni "jonli burchak” emas, "chaqadigan burchak” deb atashsa kerak, axir to'zigan asalari galasiga yaqinlashishga kattalarning yuragi dov bermaydi-ku. Shunga qaramasdan boshqird o'quvchilari qahramonlarcha asalarichilikni o'rganishadi. Darsda asalari parvarishi, asal yig'ib olish va saralash o'qitiladi. Boshqirdistonda asalari quti saqlaydigan yuzlab maktablarni uchratasiz. Bu fan maktab dasturiga kiritilgani bejiz emas, chunki kelajakda bolaga asqotishi shubhasiz. Boshqirdlarning asali esa Rossiyadagi eng sifatli asal sanaladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.