Yuklanmoqda...

Bilasizmi?


1-savol. Javoblar varaqasi nima?
Javob. Javoblar varaqasi bu test topshiriqlari kitobidagi har bir topshiriqning bajarilishi natijasida tanlagan javobning bittasini belgilashga mo‘ljallangan va abituriyentning bilimini baholash uchun asos hisoblanadigan yagona hujjat.

2-savol. Test topshiriqlari kitobi nima?
Javob. Test topshiriqlari kitobi belgilangan fanlar majmuasi bo‘yicha test topshiriqlarini o‘z ichiga olgan savollar to‘plami.

3-savol. Test sinovlari necha kun, necha smenada va boshlanish vaqti to‘g‘risida ma'lumot bering?
Javob. Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta'lim shakli uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.

4-savol. Abituriyent test sinovlariga qatnashish kuni va vaqtini qanday bilib oladi?
Javob. Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Abituriyent uchun mazkur sana va vaqt qat'iy hisoblanib, unga boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi. Abituriyent test sinoviga qatnashish vaqti va kunini Davlat test markazining rasmiy veb-sayti (dtm.uz) orqali ham bilib olishi mumkin.

5-savol. Abituriyent agar test sinovlariga kechikib qolsa, boshqa biror kun va vaqt ajratilishi mumkinmi?
Javob. Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Abituriyent uchun mazkur sana va vaqt qat'iy hisoblanib, unga boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.

6-savol. Abituriyentlarga beriladigan savollar nimaga asoslanib tuziladi?
Javob. Test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining umumta'lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.

7-savol. Abituriyentlarga beriladigan test topshiriqlari kitobida nechta fandan test topshiriqlari bo‘ladi?
Abituriyentlar tanlagan ta'lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.

8-savol. Test topshiriqlari kitobidagi har bir fan nechta savoldan iborat bo‘ladi?
Javob. Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi.

9-savol. Abituriyentga test topshiriqlarini bajarish uchun qancha vaqt ajratiladi?
Javob. Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt belgilanadi.

10-savol. Abituriyentlarning test natijalari qachon va qanday tartibda e'lon qilinadi?
Javob. Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani to‘g‘risida belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi hamda oliy ta'lim muassasalariga yetkaziladi.

11-savol. Abituriyentlarning test topshiriqlari qayerlarda o‘tkaziladi?
Javob. Test sinovlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o‘rnatiladigan qo‘shimcha yig‘ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa – olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkaziladi.

12-savol. Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan chet tilini bilish darajasi (B1 va undan yuqori bo‘lgan) to‘g‘risidagi sertifikatga ega abiturientlar qanday imtiyozlar beriladimi?
Javob. Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi B1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatni qabul jarayonida taqdim etganda oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kirish test sinovlari fanlar majmuasiga chet tili fani (ingliz, fransuz, nemis) kiritilgan yo‘nalishlarda mos chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan test sinovi topshirmaydi.

13-savol. Qanday holda hollarda abiturient test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi?
Javob. Test sinovlari o‘tkaziladigan xududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilganda, olib kirganda yoki ulardan test sinovlari davomida foydalanganda; test materiallarini boshqa abiturientga uzatganda yoki ularga yordam berganda; test materiallarini binodan tashqariga olib chiqqanda, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtganda; test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortganda; test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abiturientning tartib va qoidalarga amal qilmagan holatlar abiturient test sinovlari jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.

14-savol. Abiturient test sinovlari natijasidan norozi bo‘lsa, apellyasiya shikoyatini berish tartibi qanday amalga oshiriladi?
Javob. Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abiturientlar 20 avgustdan 30 avgustgacha (belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni ichida) bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyasiya komissiyasiga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qarorining 1-ilovasidagi Nizomga muvofiq yozma yoki elektron shaklda apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega. Abiturientga apellyasiya shikoyati qabul qilinganligi to‘g‘risida uch ish kuni ichida xabarnoma beriladi. Apellyasiya shikoyati Davlat test markazida hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlarida qabul qilinadi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash


To Top