Buyuk geografik kashfiyotlar va toponimika 

10 976

Geografiya eng qadimiy fanlardan hisoblanadi. Ma'lumki, fanga miloddan avvalgi III asrda Eratosfen tomonidan asos solingan. Eratosfen davridan to hozirgi vaqtgacha geografiya turli rivojlanish bosqichlarini bosib o'tdi. Eratosfen davri geografiyasini tasviriy geografiya deb ataladi. Geografiya fani paydo bo'lganidan boshlab, hozirgi kungacha rivojlanish tarixi turli bosqichlarga bo'linadi. Ana shu bosqichlardan biri-buyuk geografik kashfiyotlar davri deb ataladi. Bu davr XV asr oxiridan XVII asr boshlarigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi.

Ma'lumki, har qanday kashfiyot, yangilik yangi nomni keltirib chiqaradi. Buyuk geografik kashfiyotlar davrida ulkan materiklar, qit'alar, orollar, dengizlar, ko'llar, daryolar va boshqa ko'plab geografik ob'yektlar kashf etilgan. "Kashfiyot” tushunchasi ayrim hududlarga nisbatan nisbiy tushuncha hisoblanadi yoki kashfiyotchi sayyohlar qadim zamonlardan buyon mahalliy aholi yashab kelayotgan yerlarni o'zlari uchun kashf etishadi.

Ma'lumki, buyuk geografik kashfiyotlar davrida kemasozlik rivojlangan "qudratli dengiz mamlakatlari”–Angliya, Ispaniya, Portugaliya, Gollandiya, Fransiya ko'plab yerlarni kashf etishgan. Bu davr avvalo yevropaliklarning Hindistonga dengiz yo'lini ochishga urunishlari bilan boshlangan. Bundan tashqari yevropaliklarga Afrikaning shimoliy qismi haqida ma'lumotlar bo'lgani holda, materik  ichkarisi, janubiy va sharqiy qirg'oqlari haqida hech qanday ma'lumotlar bo'lmagan. Afrikaning janubidan aylanib o'tishni portugallar boshlab berdi.

Yangi geografik nomlarning paydo bo'lishi bilan bog'liq ayrim kashfiyotlar, sayohatlar xususida to'xtalamiz:
Xristofor Kolumb 1492-yili Hindistonga borish yo'lini kashf etish maqsadida sayohatga chiqib, hozirgi Bagama orollariga borib qolgan va u Hindistonga keldik, deb o'ylab bu orollarni Vest Indiya (G'arbiy Hindiston) deb atalgan. Hozir bu orollar Katta va Kichik Antil orollari va Bagama orollari deb ataladi.

1493-yilgi ikkinchi sayohat paytida X.Kolumb kashf etgan orollardan biri Dоminika («Yakshanba») deb atagan. Shuningdek, San-Kristofer, Santa-Krus (Avliyo krest) San-Xuan, 1498-yilda esa Trinidad («uch orol») ni kashf etgan. Yuqorida sanab o'tilgan orollar nomidagi «San»-«Avliyo» ma'nosini beradi.

Ma'lumotlarga ko'ra, bu orollar diniy marosimlar va bayramlar nishonlanadigan kunlari kashf etilganidan shunday nomlangan.

XV asrdan boshlab portugallar Afrikaning g'arbiy sohillarini o'rganishni boshlab berishdi. 1445-yili ular Afrikaning Sahroi Kabir sohillaridan o'tib, Yashil burun deb nom olgan joygacha yetib kelishdi. Bu yerni Yashil burun deb atalishiga sabab, Sahroi Kabir qumlari va o'simliksiz qoyalaridan so'ng doimiy yashil, tropik o'rmonlar bilan qoplangan qirg'oqqa shunday nom berilgan. Bu davirga kelib Gvineya ko'rfazida Fil suyagi qirg'og'i, Oltin qirg'oq nomlari ham paydo bo'ldi.

1487-1488-yillari portugaliyalik Bartolomeu Diash ekspedisiyasi Afrikaning eng janubiy nuqtasigacha yetib keladi va kuchli dovullarga duch kelib, ortga qaytishga majbur bo'ladi. Bu yerni u Dovullar o'lkasi deb ataydi. Lekin qirol buyrug'i bilan bu yerdan o'tishga umid bog'lab Yaxshi Umid burni deb nomlagan. 1497-yili portugaliyalik Vasko da Gama Yaxshi Umid burni orqali o'tib, natijada yevropaliklarda Afrikaning janubiy va sharqiy sohillari haqida aniq tasavvur paydo bo'ladi.

1502-yili Amerigo Vespuchchi Janubiy Amerikaga qilgan sayohati paytida daryolardan birining quyi qismida to'xtab o'tadi. Bu 1 yanvarga to'g'ri kelgan va daryoni «yanvar daryosi», ya'ni Rio-de-Janeyro deb nomlagan. Keyinchalik bu yerda shu nom bilan atalgan yirik shahar barpo bo'lgan.

1513-yil 25-sentabrda ispan konkistadori Vasko Nunes de Bilboa Panama bo'ynini quruqlik orqali kesib o'tib, hozirgi Tinch okeanga chiqadi va uni Janubiy okean deb nomlagan.

1520-yili Fernan Magellan dunyo bo'ylab aylanma sayohat qilish chog'ida dengizchilardan biri Janubiy Amerika qirg'oqlarida uzoqdan «tepalikni ko'ryapman» (portugalcha-«Monte vidi») degan. Keyinchalik 1726-yilda  barpo etilgan shahar xuddi shunday-Montevideo deb nomlangan. Hozir bu shahar Urugvay davlati poytaxti.

Fernan Magellan xuddi shu yili hozir uning nomi bilan ataluvchi bo'g'oz orqali suzib o'tayotgan paytda uzoqdan orolda har yer-har yerda gulxanlarni ko'rgan. Iqlimi sovuq bo'lgan ushbu orolda mahalliy aholi gulhan yoqib isinishayotgan ekan, shu-shu orol nomi «Olovli Yer» deb ataladigan bo'lgan.

F.Magellan ekspedisiyasi 1520-1521-yillari Olovli Yer orolidan Janubiy-Sharqiy Osiyodagi orollargacha 17 ming km. masofani uch oydan ortiqroq vaqt mobaynida juda katta qiyinchiliklar bilan suzib o'tdi. Ekspedisiya tarixchisi Antonio Pifagettaning yozishicha, «...biz suzib o'tgan okeanni Tinch okean deb atadik, chunki shuncha vaqt mobaynida birorta ham dovulga duch kelmadik».

F.Magellan Tinch okean deb nom bergan ushbu okean fransuz tadqiqotchisi Byuash taklif etgan Ulug' okean nomi bilan ham ma'lum vaqt atab kelingan. Haqiqatdan ham ushbu okean yer sharidagi eng katta okean hisoblanadi.

Ispan konkistadorlari Janubiy Amerikaning And tog'lari etaklarida kezib yurgan paytlarida mahalliy aholidan «yuqorida nima bor?» deb so'rashsa, ular «chili» (sovuq) deb javob berishibdi. Hozir Janubiy Amerikaning Tinch okean sohillari bo'ylab cho'zilib joylashgan davlat nomi Chili deb ataladi.

«Yangi dunyo» deb nomlangan Amerika qit'asi kashf etilgandan so'ng, ko'plab yangicha hayot izlash niyatida ko'chib kelgan yevropaliklar bilan birga Yevropadagi ayrim nomlar ham «ko'chib» kelgan, yangi nomlar paydo bo'lgan. XVII asr oxiri va XVIII asrning 70-yillarigacha Amerika qit'asida Angliya, Fransiya, Ispaniya, Gollandiya qo'l ostiga o'tgan yerlar bor edi. Shimoliy Amerikaning janubiy-g'arbida-Tinch okean sohili va Meksika ko'rfazi atroflarida ispancha nomlar, hozirgi Kanadaning AQSH bilan chegara rayonlari hamda Luiziana shtatida fransuzcha nomlar, Atlantika sohillarida-Gollandiya qo'l ostidagi yerlarda shu mamlakatdan «ko'chib» kelgan nomlar paydo bo'la boshladi. Gollandlar 1613-yilda asos solgan Yangi Amsterdam shahri 1674-yildan Nyu-York («yangi shahar») deb o'zgartirilgan. Yevropadan «ko'chirib» keltirilgan nomlar ko'p: Vuster, Gloster, Kembrij, Manchester, Nortvud, Portlend, Portsmut va hakazo.

Ispaniyalik Sebastyan Kabot La-Plata pasttekisligida–Paragvay daryosining Paranaga qo'shilish qismida mahalliy indeyeslarga duch keladi. Indeyeslarning kumush taqinchoqlari va kumushdan yasalgan buyumlarini ko'rgan S.Kabot daryoning yuqori oqimi bo'ylab kumush izlaydi. Shuning uchun ular daryoni «Kumush daryo» deb nomlagan. Keyinchalik La-Plata tekisligida paydo bo'lgan davlatni ham ispanlar Argentina («kumush») deb atashgan. La-Plata tekisligida 1535-yilda asos solingan shaharni ular Buenos-Ayres («yoqimli shamollar»), to'liq nomi bilan «Trinidad muqaddas shahri, Bibi Maryam yoqimli shamollari porti» deb atagan. Hozir shahar Buenos-Ayres yoki Bayres deb ataladi.

Dunyo xaritasida ayrim sayyoh-dengizchilar nomi bilan birga dengiz qaroqchilari nomini ham uchratamiz. Ulardan eng mashhuri «Temir qaroqchi» nomini olgan ingliz Fransis Dreyk hisoblanadi. U 1577-1580-yillari oralig'ida hozirgi Plimut shahridan chiqib, dunyo bo'ylab aylanma sayohat uyushtirgan, shu bilan Janubiy Amerikaning g'arbiy qirg'oqlarida bosqinchilik, qaroqchilik ham qilgan. Hozir dunyodagi eng keng bo'g'oz (Dreyk bo'g'ozi) uning nomi  bilan ataladi. 

XVII asrda Avstraliya materigi kashf etilganidan so'ng, bu yerda dastlab gollandcha nomlar paydo bo'la boshladi. Derk Xartog va Piter Nayt orollari–shu yerlarni kashf etgan golland dengizchilari nomi bilan, Luven burni va Arnemlend yarim oroli Gollandiya kemalari–«Luven» hamda «Arnem» sharafiga qo'yilgan.

Avstraliyaning Janubiy qismini va eng yirik orolini kashf etgan Abel Tasman sharafiga Tasmaniya oroli deb atalgan. Mashhur dengizchi Flinders sharafiga Avstraliyadagi orol, daryo, tog' nomlari atalgan.

Ingliz sayyohi Jon Eyr Avstraliya materigini g'arbdan sharqqa kesib o'tib, atroflicha o'rgangan. Uning sharafiga Maunt–Eyr tog'i, Eyr yarim oroli, Eyr-Nort ko'li, Eyr daryosi deb nomlangan.

Avstraliyaning janubida -  Katta Avstraliya ko'rfazi qirg'oqlari bo'ylab Nallarbor cho'li cho'zilib  yotadi.

Nallarbor (lotincha Nullarbor)–«daraxtsiz, o'simliksiz yer» degan ma'noni beradi, bu cho'lga J.Eyr shunday nom bergan. 

Avstraliya kashfiyotchilaridan biri Jeyms Kuk materikning sharqiy sohillarida to'xtab o'tgan bir joyni Botani-bey (Botanika buxtasi) deb nomlagan. Chunki u shu yerlardan yevropaliklarga umuman noma'lum bo'lgan ko'pgina o'simliklardan namuna to'plagan. Keyinchalik bu joy o'rnida Sidney shahri qad  ko'targan.

Yevropaliklar Avstraliyaga ilk qadam qo'yganlarida o'zlariga noma'lum bo'lgan xaltali hayvonni ko'rib, aborigenlardan «bu nima?» deb so'rashsa, mahalliy aholi yelka qisib, «kenguru»-ya'ni «tushunmadim» deb javob berishgan ekan. Shu-shu hayvon nomi kenguru bo'lib qolgan. Avstraliya janubida Kenguru oroli ham bor.

Hozirgi Avstraliyada Bayron burni, York burni, Bass bo'g'ozi, Myorchison, De-Grey, Mitchell, Gregori daryolari, Uels ko'li, Sentral-Maunt-Styuart va Ogastes tog'lari, Viktoriya daryosi (qirolicha Viktoriya sharafiga) Makdonell (gubernator) tog'i mashhur kishilar, materikni tadqiq etgan va o'rgangan sayyohlar nomiga qo'yilgan.

Avstraliiya poytaxti–Kanberra aborigenlar tilida «ikkita o'xshash balandlik» degan ma'noni beradi. Haqiqatdan ham shahar ikki balandlik (qir)da joylashgan.

Avstraliyada ayrim aborigencha nomlar ham saqlanib qolgan.

Eng so'nggi materik–Antarktida rus sayyohlari F.F.Bellinsgauzen va M.Lazerevlar tomonidan «Mirniy» va «Vostok» kemalarida 1820-yilda kashf etilgan. «Mirniy» va «Vostok» kemalari nomi bilan Antarktidadagi ilmiy stansiyalar atalgan. Umuman, dengiz sayyohatiga chiqilgan ayrim kemalar nomi joy nomiga o'tgan. «Arnem» kemasi haqida yuqorida aytib o'tildi. Tinch okeandagi chuqur cho'kmalardan biriga «Vityaz» kemasi nomi, Arktikani o'rgangan «Vega», «Gerkules», «Janetta», «Mod», «Foka» kemalarining nomi ham ayrim joy nomlariga o'tgan. Yapon dengizining Primore qirg'oqlarida Amerika ko'rfazi bor, bu ko'rfazni tekshirgan ruslarning «Amerika» nomli poroxodi nomiga ko'yilgan.

Antarktida materigida turli sayyohlar va boshqa shaxslar ism-familiyasiga qo'yilgan nomlar ko'p: Viktoriya Yeri, Uilks Yeri, Adeli Yeri, Elsuert Yeri, qirolicha Mod Yeri, Jekson tog'i, Uedell dengizi, Bellinsgauzen, Amundsen, Ross dengizlari, Pyotr I, Skott orollari va hokazo.

Novosibirsk orollaridan eng kattasi Kotelniy deb ataladi. Bu nom biror relef shakli ham, biror shaxsning ism-familiyasi ham emas. Ivan Lyaxov ekspedisiyasi a'zolari shu orolda 1773-yilda bo'lishgan, dengizchilar o'zlaridan so'ng eski qozonni unutib  qoldirishgan. Keyinchalik orolning topografik xaritasini chizayotgan topograflar qozonni topib oladilar va orolga Kotelniy (kotyol–qozon) deb nom berishgan.

Xullas, dunyo xaritasidagi millionlab joy nomlari va ularning kelib chiqishi bevosita buyuk geografik kashfiyotlar, sayyohatlar tarixi bilan bog'liq.
Mirali MIRAKMALOV
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.