Buyuk geografik kashfiyotlar va toponimika
Geografiya eng qadimiy fanlardan
hisoblanadi. Ma'lumki, fanga miloddan avvalgi III asrda Eratosfen tomonidan asos solingan.
Eratosfen davridan to hozirgi vaqtgacha geografiya turli rivojlanish
bosqichlarini bosib o'tdi. Eratosfen davri geografiyasini tasviriy geografiya
deb ataladi. Geografiya fani paydo bo'lganidan boshlab, hozirgi kungacha
rivojlanish tarixi turli bosqichlarga bo'linadi. Ana shu bosqichlardan biri-buyuk
geografik kashfiyotlar davri deb ataladi. Bu davr XV asr oxiridan XVII asr
boshlarigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi.
Ma'lumki, har qanday kashfiyot,
yangilik yangi nomni keltirib chiqaradi. Buyuk geografik kashfiyotlar davrida
ulkan materiklar, qit'alar, orollar, dengizlar, ko'llar, daryolar va boshqa
ko'plab geografik ob'yektlar kashf etilgan. "Kashfiyot” tushunchasi ayrim
hududlarga nisbatan nisbiy tushuncha hisoblanadi yoki kashfiyotchi sayyohlar
qadim zamonlardan buyon mahalliy aholi yashab kelayotgan yerlarni o'zlari uchun
kashf etishadi.
Ma'lumki, buyuk geografik
kashfiyotlar davrida kemasozlik rivojlangan "qudratli dengiz
mamlakatlari”–Angliya, Ispaniya, Portugaliya, Gollandiya, Fransiya ko'plab
yerlarni kashf etishgan. Bu davr avvalo yevropaliklarning Hindistonga dengiz
yo'lini ochishga urunishlari bilan boshlangan. Bundan tashqari yevropaliklarga
Afrikaning shimoliy qismi haqida ma'lumotlar bo'lgani holda, materik ichkarisi, janubiy va sharqiy qirg'oqlari
haqida hech qanday ma'lumotlar bo'lmagan. Afrikaning janubidan aylanib o'tishni
portugallar boshlab berdi.
Yangi geografik nomlarning paydo
bo'lishi bilan bog'liq ayrim kashfiyotlar, sayohatlar xususida to'xtalamiz:
Xristofor Kolumb 1492-yili
Hindistonga borish yo'lini kashf etish maqsadida sayohatga chiqib, hozirgi
Bagama orollariga borib qolgan va u Hindistonga keldik, deb o'ylab bu orollarni
Vest Indiya (G'arbiy Hindiston) deb atalgan. Hozir bu orollar Katta va Kichik Antil orollari
va Bagama orollari deb ataladi.
1493-yilgi ikkinchi sayohat
paytida X.Kolumb kashf etgan orollardan biri Dоminika («Yakshanba») deb atagan. Shuningdek, San-Kristofer,
Santa-Krus (Avliyo krest) San-Xuan, 1498-yilda esa Trinidad («uch orol») ni
kashf etgan. Yuqorida sanab o'tilgan orollar nomidagi «San»-«Avliyo» ma'nosini
beradi.
Ma'lumotlarga ko'ra, bu orollar
diniy marosimlar va bayramlar nishonlanadigan kunlari kashf etilganidan shunday
nomlangan.
XV asrdan boshlab portugallar
Afrikaning g'arbiy sohillarini o'rganishni boshlab berishdi. 1445-yili ular
Afrikaning Sahroi Kabir sohillaridan o'tib, Yashil burun deb nom olgan
joygacha yetib kelishdi. Bu yerni Yashil burun deb atalishiga sabab, Sahroi Kabir qumlari va
o'simliksiz qoyalaridan so'ng doimiy yashil, tropik o'rmonlar bilan qoplangan
qirg'oqqa shunday nom berilgan. Bu davirga kelib Gvineya ko'rfazida Fil
suyagi qirg'og'i, Oltin qirg'oq nomlari ham paydo bo'ldi.
1487-1488-yillari portugaliyalik
Bartolomeu Diash ekspedisiyasi Afrikaning eng janubiy nuqtasigacha yetib keladi
va kuchli dovullarga duch kelib, ortga qaytishga majbur bo'ladi. Bu yerni u Dovullar
o'lkasi deb ataydi. Lekin qirol buyrug'i bilan bu yerdan o'tishga umid
bog'lab Yaxshi Umid burni deb nomlagan. 1497-yili portugaliyalik Vasko
da Gama Yaxshi Umid burni orqali o'tib, natijada yevropaliklarda Afrikaning
janubiy va sharqiy sohillari haqida aniq tasavvur paydo bo'ladi.
1502-yili Amerigo Vespuchchi
Janubiy Amerikaga qilgan sayohati paytida daryolardan birining quyi qismida
to'xtab o'tadi. Bu 1
yanvarga to'g'ri kelgan va daryoni «yanvar daryosi», ya'ni Rio-de-Janeyro
deb nomlagan. Keyinchalik bu yerda shu nom bilan atalgan yirik shahar barpo
bo'lgan.
1513-yil 25-sentabrda ispan
konkistadori Vasko Nunes de Bilboa Panama bo'ynini quruqlik orqali kesib o'tib,
hozirgi Tinch okeanga chiqadi va uni Janubiy okean deb nomlagan.
1520-yili Fernan Magellan dunyo
bo'ylab aylanma sayohat qilish chog'ida dengizchilardan biri Janubiy Amerika
qirg'oqlarida uzoqdan «tepalikni ko'ryapman» (portugalcha-«Monte vidi») degan.
Keyinchalik 1726-yilda barpo etilgan
shahar xuddi shunday-Montevideo deb nomlangan. Hozir bu shahar Urugvay
davlati poytaxti.
Fernan Magellan xuddi shu yili hozir
uning nomi bilan ataluvchi bo'g'oz orqali suzib o'tayotgan paytda uzoqdan
orolda har yer-har yerda gulxanlarni ko'rgan. Iqlimi sovuq bo'lgan ushbu orolda
mahalliy aholi gulhan yoqib isinishayotgan ekan, shu-shu orol nomi «Olovli
Yer» deb ataladigan bo'lgan.
F.Magellan ekspedisiyasi 1520-1521-yillari Olovli Yer orolidan Janubiy-Sharqiy Osiyodagi orollargacha 17 ming km.
masofani uch oydan ortiqroq vaqt mobaynida juda katta qiyinchiliklar bilan
suzib o'tdi. Ekspedisiya tarixchisi Antonio Pifagettaning yozishicha, «...biz
suzib o'tgan okeanni Tinch okean deb atadik, chunki shuncha vaqt
mobaynida birorta ham dovulga duch kelmadik».
F.Magellan Tinch okean deb nom
bergan ushbu okean fransuz tadqiqotchisi Byuash taklif etgan Ulug' okean nomi
bilan ham ma'lum vaqt atab kelingan. Haqiqatdan ham ushbu okean yer sharidagi
eng katta okean hisoblanadi.
Ispan konkistadorlari Janubiy
Amerikaning And tog'lari etaklarida kezib yurgan paytlarida mahalliy aholidan
«yuqorida nima bor?» deb so'rashsa, ular «chili» (sovuq) deb javob berishibdi.
Hozir Janubiy Amerikaning Tinch okean sohillari bo'ylab cho'zilib joylashgan
davlat nomi Chili deb ataladi.
«Yangi dunyo» deb nomlangan Amerika
qit'asi kashf etilgandan so'ng, ko'plab yangicha hayot izlash niyatida ko'chib
kelgan yevropaliklar bilan birga Yevropadagi ayrim nomlar ham «ko'chib» kelgan,
yangi nomlar paydo bo'lgan. XVII asr oxiri va XVIII asrning 70-yillarigacha
Amerika qit'asida Angliya, Fransiya, Ispaniya, Gollandiya qo'l ostiga o'tgan
yerlar bor edi. Shimoliy Amerikaning janubiy-g'arbida-Tinch okean sohili va
Meksika ko'rfazi atroflarida ispancha nomlar, hozirgi Kanadaning AQSH bilan chegara rayonlari hamda Luiziana shtatida
fransuzcha nomlar, Atlantika sohillarida-Gollandiya qo'l ostidagi yerlarda shu
mamlakatdan «ko'chib» kelgan nomlar paydo bo'la boshladi. Gollandlar 1613-yilda
asos solgan Yangi Amsterdam shahri 1674-yildan Nyu-York («yangi shahar»)
deb o'zgartirilgan. Yevropadan «ko'chirib» keltirilgan nomlar ko'p: Vuster,
Gloster, Kembrij, Manchester, Nortvud, Portlend, Portsmut va hakazo.
Ispaniyalik Sebastyan Kabot La-Plata
pasttekisligida–Paragvay daryosining Paranaga
qo'shilish qismida mahalliy indeyeslarga duch keladi. Indeyeslarning kumush taqinchoqlari va
kumushdan yasalgan buyumlarini ko'rgan S.Kabot daryoning yuqori oqimi bo'ylab
kumush izlaydi. Shuning uchun ular daryoni «Kumush
daryo» deb nomlagan. Keyinchalik La-Plata tekisligida paydo bo'lgan davlatni
ham ispanlar Argentina («kumush») deb atashgan. La-Plata tekisligida
1535-yilda asos solingan shaharni ular Buenos-Ayres («yoqimli
shamollar»), to'liq nomi bilan «Trinidad muqaddas shahri, Bibi Maryam yoqimli
shamollari porti» deb atagan. Hozir shahar Buenos-Ayres yoki Bayres deb
ataladi.
Dunyo xaritasida ayrim
sayyoh-dengizchilar nomi bilan birga dengiz qaroqchilari nomini ham uchratamiz.
Ulardan eng mashhuri «Temir qaroqchi» nomini olgan ingliz Fransis Dreyk
hisoblanadi. U 1577-1580-yillari oralig'ida hozirgi Plimut shahridan chiqib,
dunyo bo'ylab aylanma sayohat uyushtirgan, shu bilan Janubiy Amerikaning
g'arbiy qirg'oqlarida bosqinchilik, qaroqchilik ham qilgan. Hozir dunyodagi eng
keng bo'g'oz (Dreyk bo'g'ozi) uning nomi
bilan ataladi.
XVII asrda Avstraliya materigi kashf
etilganidan so'ng, bu yerda dastlab gollandcha nomlar paydo bo'la boshladi.
Derk Xartog va Piter Nayt orollari–shu yerlarni
kashf etgan golland dengizchilari nomi bilan, Luven burni va Arnemlend yarim
oroli Gollandiya kemalari–«Luven» hamda
«Arnem» sharafiga qo'yilgan.
Avstraliyaning Janubiy qismini va
eng yirik orolini kashf etgan Abel Tasman sharafiga Tasmaniya oroli deb
atalgan. Mashhur dengizchi Flinders sharafiga Avstraliyadagi orol,
daryo, tog' nomlari atalgan.
Ingliz sayyohi Jon Eyr Avstraliya
materigini g'arbdan sharqqa kesib o'tib, atroflicha o'rgangan. Uning sharafiga
Maunt–Eyr tog'i, Eyr yarim oroli, Eyr-Nort
ko'li, Eyr daryosi deb nomlangan.
Avstraliyaning janubida - Katta Avstraliya ko'rfazi qirg'oqlari bo'ylab
Nallarbor cho'li cho'zilib
yotadi.
Nallarbor (lotincha Nullarbor)–«daraxtsiz,
o'simliksiz yer» degan ma'noni beradi, bu cho'lga J.Eyr shunday nom bergan.
Avstraliya kashfiyotchilaridan biri
Jeyms Kuk materikning sharqiy sohillarida to'xtab o'tgan bir joyni Botani-bey
(Botanika buxtasi) deb nomlagan. Chunki u shu yerlardan yevropaliklarga umuman
noma'lum bo'lgan ko'pgina o'simliklardan namuna to'plagan. Keyinchalik bu joy
o'rnida Sidney shahri qad
ko'targan.
Yevropaliklar Avstraliyaga ilk qadam
qo'yganlarida o'zlariga noma'lum bo'lgan xaltali hayvonni ko'rib, aborigenlardan
«bu nima?» deb so'rashsa, mahalliy aholi yelka qisib, «kenguru»-ya'ni
«tushunmadim» deb javob berishgan ekan. Shu-shu hayvon nomi kenguru bo'lib
qolgan. Avstraliya janubida Kenguru oroli ham bor.
Hozirgi Avstraliyada Bayron burni,
York burni, Bass bo'g'ozi, Myorchison, De-Grey, Mitchell, Gregori daryolari,
Uels ko'li, Sentral-Maunt-Styuart va Ogastes tog'lari, Viktoriya daryosi
(qirolicha Viktoriya sharafiga) Makdonell (gubernator) tog'i mashhur kishilar,
materikni tadqiq etgan va o'rgangan sayyohlar nomiga qo'yilgan.
Avstraliiya poytaxti–Kanberra aborigenlar tilida «ikkita o'xshash balandlik»
degan ma'noni beradi. Haqiqatdan ham shahar ikki balandlik (qir)da joylashgan.
Avstraliyada ayrim aborigencha
nomlar ham saqlanib qolgan.
Eng
so'nggi materik–Antarktida rus sayyohlari F.F.Bellinsgauzen va M.Lazerevlar
tomonidan «Mirniy» va «Vostok» kemalarida 1820-yilda kashf etilgan. «Mirniy» va
«Vostok» kemalari nomi bilan Antarktidadagi ilmiy stansiyalar atalgan. Umuman,
dengiz sayyohatiga chiqilgan ayrim kemalar nomi joy nomiga o'tgan. «Arnem»
kemasi haqida yuqorida aytib o'tildi. Tinch okeandagi chuqur cho'kmalardan
biriga «Vityaz» kemasi nomi, Arktikani o'rgangan «Vega», «Gerkules», «Janetta»,
«Mod», «Foka» kemalarining nomi ham ayrim joy nomlariga o'tgan. Yapon
dengizining Primore qirg'oqlarida Amerika ko'rfazi bor, bu ko'rfazni tekshirgan
ruslarning «Amerika» nomli poroxodi nomiga ko'yilgan.
Antarktida materigida turli
sayyohlar va boshqa shaxslar ism-familiyasiga qo'yilgan nomlar ko'p: Viktoriya
Yeri, Uilks Yeri, Adeli Yeri, Elsuert Yeri, qirolicha Mod Yeri, Jekson tog'i,
Uedell dengizi, Bellinsgauzen, Amundsen, Ross dengizlari, Pyotr I, Skott
orollari va hokazo.
Novosibirsk orollaridan eng kattasi
Kotelniy deb ataladi. Bu nom biror relef shakli ham, biror shaxsning
ism-familiyasi ham emas. Ivan Lyaxov ekspedisiyasi a'zolari shu orolda 1773-yilda
bo'lishgan, dengizchilar o'zlaridan so'ng eski qozonni unutib qoldirishgan. Keyinchalik orolning topografik
xaritasini chizayotgan topograflar qozonni topib oladilar va orolga Kotelniy
(kotyol–qozon) deb nom berishgan.
Xullas, dunyo xaritasidagi millionlab
joy nomlari va ularning kelib chiqishi bevosita buyuk geografik kashfiyotlar,
sayyohatlar tarixi bilan bog'liq.
Mirali MIRAKMALOV
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.