Toponimikaning rivojlanish tarixi
Geografik joy nomlarining ma'nosi,
uning kelib chiqishi bilan kishilar qadim zamonlardan qiziqib kelishgan.
Insoniyat tarixi qanchalik qadimiy bo'lsa, geografik joy nomlari ham shunchalik
qadimiy bo'ladi.
Kishilar dastlab har qanday
geografik ob'yektlarni oddiygina turdosh otlar–terminlar bilan atagan, ya'ni
suv, tog', ko'l va hokazo. Bunday terminlar bora-bora atoqli otga–nomga
aylangan. Masalan, qadimgi turkiy xalqlar katta daryoni o'kuz, edil, jayhun deb
ataganlar. Amudaryoning qadimgi nomi Jayhun, O'kuz; Volga daryosining qadimgi nomi
esa Edil bo'lgan. Demak ularning ma'nosi "katta daryo”.
Shimoliy Amerika indeyeslari
"katta daryo”ni missisipi deyishadi, bu yerdagi eng katta daryo nomi Missisipi
shundan olingan. Don, Amur, Ganga daryolari nomlarining ma'nosi "katta suv,
daryo” demakdir.
"Ko'l qurisa ham, nomi qurimaydi”
deyiladi xalq orasida. Haqiqatdan ham joy nomlari minglab yillar davomida
saqlanib qoladi va turli tarixiy voqealar "guvohi” sifatida yashab keladi.
Toshkent, Buxoro, Samarqand, Afrosiyob, Misr, Bog'dod, Makka, Hirot, Xuroson,
Xitoy kabi ko'plab nomlar minglab yillik tarixga ega.
Muayyan hududda qadim zamonlarda
qanday urug'-qabila, xalqlar yashaganligini shu yerdagi joy nomlaridan bilib
olsa bo'ladi. Chunki ilmiy tilda etnonimlar deb ataluvchi toponimlar shu joyda
qanday xalq yoki urug'-qabila yashagan bo'lsa, ularning nomi bilan atalgan
bo'ladi.
Mamlakatimiz hududida bunday joy
nomlari ko'plab uchraydi, chunki 92 bovli o'zbek urug'larining ko'plari
unutilib ketayotgan bo'lsada, ularning aksariyati joy nomlari sifatida saqlanib
qolgan.
Tabiiy ob'yektlar–daryolar,
ko'llar nomlari shahar yoki qishloq nomlariga nisbatan qadimiyroq bo'ladi.
Chunki aholi punktlari paydo bo'lmasdan avval ibtidoiy kishilar ko'pincha suv
ob'yektlari bo'ylarida jamoa bo'lib yashashgan, hamda daryo, ko'l, soy, jilg'a,
quduq kabi ob'yektlarga nom berishgan.
Toponimikaga oid dastlabki
ma'lumotlar Gerodotning "Tarix”, Strabonning "Geografiya”, Pomioniya Melaning
"Xorografiya” kabi asarlarida, O'rta Osiyo va O'zbekistondagi joy nomlariga oid
ilk yozma ma'lumotlarni Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilig”, Beruniyning
"Qonuni Mas'udiy”, "Hindiston”, "Saydana”, Narshaxiyning "Buxoro tarixi”,
Mahmud Koshg'ariyning "Devonu lug'atit turk”, Ibn Sinoning "Dengiz
qirg'oqlari”, muallifi noma'lum "Hudud al-olam”, keyinchalik Mirzo Ulug'bekning
"To'rt usul tarixi”, Boburning "Boburnoma” asarlarida uchratish mumkin.
O'zbekistonda toponimikaning
rivojlanishiga katta hissa qo'shgan geograf olimlardan biri bu Hamidulla
Hasanovdir (1919-1985). "O'zbek Magellani” deb nom olgan H. H. Hasanov
dunyoning ko'plab mamlakatlariga sayohat qilgan. U geografiya tarixi, geografik
terminshunoslik, tabiiy geografiya, geografiya o'qitish metodikasi kabi fan
sohalari bilan toponimikaning rivojlanishiga ham katta hissa qo'shgan. H.Hasanovning
toponimikaga oid "O'rta Osiyo joy nomlari tarixidan” (1965), "Geografik nomlar
imlosi” (1962), "Yer tili” (1977), "Geografik nomlar siri” (1985), "Sayyoh
olimlar” (1981) nomli asarlari va o'nlab ilmiy maqolalari bor.
O'zbekiston toponimlarini tadqiq
etgan yana bir olim Suyun Qorayevdir. Bu tadqiqotchi joy nomlarining
etimologiyasiga oid ancha ishlar qilgan. S.Qorayevning "Joy nomlari ma'nosini
bilasizmi?” (1970), "Toponimika” (1970), "Geografik nomlar ma'nosi” (1978),
"Etnonimika” (1979), "Toshkent toponimlari” (1991) kabi kitoblari geografik joy
nomlarining ma'nosi, etimologiyasiga bag'ishlangan.
O'zbekistondagi joy nomlarini
o'rganishda filologlardan H.Egamov, Z.Do'simov va T.Nafasovlarning
xizmatlari diqqatga sazovor.
Mirali MIRAKMALOV
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.