Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasidagi joyning geografik o’rniga bog`liq toponimlar
Joy nomlari (toponimlar) ni o’rganish zaruriy masala hisoblanadi. Sababi, toponimlar
shu hududning tabiati, tarixi va etnografiyasini o’zida aks ettiradi. Yurtimizda
so’ngi yillarda geografik joy nomlari (toponimlar)ni o’rganish va
tartibga solishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Buni 2011-yil 12-oktyabrda qabul qilingan "Geografik ob’ektlarning
nomlari to’g`risida” gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni va unga muvofiq holda
2012-yil 16-oktyabrda tasdiqlangan geografik ob’ektlarning
nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqidagi O’zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 295-sonli qarori misolida ham ko’rib turibmiz.
Mamlakatimizning bir necha ming yillik tarixga ega bo’lgan, o’zining sharif shahri
va ilm-fan, madaniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo’shgan yetti piri bilan mashhur
bo’lgan Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasi joy nomlariga ham ancha boy. Mamlakatimizning
ko’pgina hududlarida bo’lgani singari, o’lka toponimlari orasida ham etnonimlar
va antroponimlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Shu bilan birgalikda o’lkada joyning
geografik o’rni bilan bog`liq toponimlar ham serob. Biz ushbu maqolada Quyi Zarafshondagi
joyning geografik o’rni bilan bog`liq ayrim toponimlar va ularning izohiga kengroq
to’xtalib o’tmoqchimiz.
Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasi O’zbekistonning janubi-g`arbiy qismida,
ma’muriy jihatdan Buxoro viloyati, qisman Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hududida
joylashgan. O’lka Zarafshon daryosi vodiysining Xazar yo’lagida toraygan qismidan
boshlanib, Buxoro va Qorako’l deltalarini, Qizilqumning janubiy va janubi-sharqiy
qismlarini, Kemirakqum cho’lini, Sandiqli qumligini o’z ichiga oladi.
O’lka hududi arid iqlimli mintaqada joylashgan bo’lib, tabiiy geografik jihatdan
bir-biridan keskin farq qiluvchi ikkita yirik tabiiy kompleks – Janubiy Qizilqum
cho’llari va Zarafshon daryosi hosil qilgan Buxoro va Qorako’l vohalaridan iborat.
Bu vohalar ilm-fan, madaniyatning qadimgi o’choqlaridan bo’lib, o’lkadagi joy nomlarining kelib chiqishi
ham uzoq tarixga borib taqaladi. Toponimlar joyning turli xususiyatlarini o’zida aks ettiradi.
Jumladan o’lkadagi joyning geografik o’rnini o’zida aks ettiruvchi toponimlarga
quyidagilarni misol qilib keltirish mumkin:
Peshku – tuman nomi. Toponim
tarkibidagi pesh – "old”, "oldi”, "oldingi
tomon”, ko’y – "ko’cha”, "guzar” degan
ma’noni bildiradi. Professor S. Qorayev toponim tarkibidagi ko’y so’zi ko’h – tog` bo’lishi ham mumkin deb hisoblaydi.
Agar shunday bo’lsa Peshku toponimi "tog` oldi” degan ma’noni bildiradi.
Labirut – G`ijduvon tumanidagi
qishloq. Aslida Labiro’d – daryo labi, suv yoqasi demakdir. Qishloq ariq, suv yoqasida
joylashganligi sababli shunday atalgan bo’lsa kerak.
Qoraqir – Quyi Zarafshon
tabiiy geografik o’lkasidagi qir nomi (Peshku tumani janubiy chegarasiga yaqin joyda
cho’zilgan). Toponim tarkibidagi "qora”
so’zi faqat rangni bildirmasligi va uning "shimol”
ma’nosi ham borligini hisobga oladigan bo’lsak, toponim "shimoldagi balandlik”, "shimoldagi
tepalik (qir)” demakdir. Haqiqatdan ham Qoraqir qirlari aholi manzillari – vohalar
(Buxoro va Qorako’l vohalari) ga nisbatan shimolroqda joylashgan. O’lkada xuddi
shu nom bilan ataluvchi ko’l, urochishe, tepalik, quduq ham mavjud.
Quyimozor – o’lkadagi kanal
nomi. Gidronim tarkibidagi "quyi” so’zi
"janub”, "janubiy”, "mozor” so’zi (arabcha ma+zara) esa "ziyorat qilinadigan
joy” degan ma’noni anglatadi. Kanal Jondor, Buxoro va Kogon tumanlarining janubiy
qismidan oqib o’tadi. Hoyna hoy kanal yaqinida birorta ziyoratgoh (muqaddas joy yoki qabriston)
bo’lgan va kanalga shunday nom berilgan bo’lsa kerak.
O’rtaquduq – o’lkadagi quduq
nomi. Gidronim Qorako’l va Jondor tumanlari chegarasiga yaqin yerlarda
joylashganligi sababli shunday nomlangan bo’lsa kerak. Aslida Qorako’l tumani hududida
joylashgan.
Yakkachakka – Qorako’l tumanidagi
qumlik, Qizilqum cho’lidan janubga cho’zilgan. Toponim tarkibidagi "yak” fors-tojik tilida "bir”, "chakka” – "bir cheti”, "yoni”, "burchagi” degan ma’nolarni bildiradi (mahalliy aholi bu so’zni "chekka” deb talaffuz qiladi va yuqoridagicha
ma’nolarda tushunadi). Agar cho’lning joylashgan o’rnidan kelib chiqadigan bo’lsak,
Yakkachakka – "bir chetdagi qumlik” demakdir.
Bu cho’l (qumlik) aholi manzillaridan ancha olisda joylashgan. Shu sababli ham shunday
nom olgan bo’lishi mumkin. Yana bir talqin: Qorako’l vohasida mahalliy aholi qumni "chaga” deb ataydi. Chakka – chaganing fonetik
o’zgargan shakli bo’lishi ham mumkin.
Shimoliy – Quyi Zarafshon tabiiy geografik
o’lkasidagi kollektor nomi. Zarafshon daryosidan suv oladi va o’lkaning shimoliy
qismidan oqib o’tib, Qoraqir ko’liga quyiladi. Kollektor o’lkaning, shu jumladan
aholi manzilgohlarining shimolidan oqib o’tganligi uchun
ham shunday atalgan bo’lishi mumkin.
Nomozgartepa –
Buxoro tumanidagi tepalik. Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasining janubi-sharqida,
Qorovulbozor tumanining g`arbiy qismida joylashgan. Mahalliy aholi tilida "nomozgar” – "kun botadigan tomon” (g`arb), "tepa”
– "tepalik”, "balandlik”, "qir” ma’nolarini
bildiradi. Toponimga shu nuqtai nazardan izoh beradigan bo’lsak, "g`arbdagi tepalik” degan ma’noni bildiradi.
Ko’rinib turibdiki, Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasi toponimlari orasida
joyning geografik o’rniga bog`liq nomlar ham talaygina. Hududiy toponimik tadqiqotlar
shu kabi nomlarning o’ziga xos xususiyatlari, haqiqatga yaqin izohi bilan bir qatorda
nomlarning xalqona va ilmiy talqini haqida ko’plab ma’lumotlar to’planishiga asos
bo’ladi.
Muxriddin AVEZOV,
Olmazor tumanidagi 278-maktabning
geografiya fani o‘qituvchisi.
Foydalalanilgan adabiyotlar:
1. Qorayev S. O’zbekiston
toponimlarini hosil qiladigan asosiy terminlar va boshqa so’zlar lug`ati. –T.: "O’zgeodezkadastr”, 2004. – 150 b.
2. Hasanov I., G`ulomov
P. O’zbekiston tabiiy geografiyasi. II qism. –T.: "Universitet”, 2010.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.