Toponimika va terminologiya 

6 683

Toponimlarni o'rganish avvalo teminlarni o'rganishdan boshlanishi lozim, chunki har bir joy nomi asosida geografik terminlar yotadi. Geografik terminlar toponimlar (joy nomlari) tarkibida ishtirok etadi va uning (ob'yektning) turini belgilab beradi. Bunday terminlar toponimik terminlar (topoterminlar) deb yuritiladi.

Dunyodagi ko'p joy nomlari tarkibida ma'nosi jihatdan bir xil bo'lgan terminlar ishlatiladi, faqat turli tillarda turlicha jaranglaydi.

Masalan, reka, missi, rio, river, yoki, xe-hammasi "daryo” degan ma'noni beradi. Shuning uchun H. Hasanov "... bordi-yu 10 tacha asosiy tilni biladigan kishi  kartadagi nomlarni shu tillarga tarjima qilib o'qisa, aksari shahar, tog', daryo va ko'llarning nomlari deyarli bir ma'noda ekanligini ko'rib, hafsalasi pir bo'lar edi”, deb aytgan edi. 

Joy nomlari tarkibida qo'llaniladigan terminlar aksariyat hollarda xalq (mahalliy) terminlari hisoblanadi.

Toponimlar tarkibida ishlatiladigan geografik terminlarni ifodalayotgan ob'yekt turlariga ko'ra geografik o'rinni bildiruvchi, landshaftni, relefni, suv ob'yektlarini, tog' jinslarini (litologiyani), o'simlik va hayvonot dunyosini, iqlimni, tuproqning turini bildiruvchi terminlarga bo'lish mumkin.

Quyida turli tillarda joy nomlari tarkibida ko'p qo'llaniladigan geografik terminlar keltirildi.
Relefni bildiruvchi geografik ob'yektlar nomida tog', tepa, qir, dovon, bel, chuqur, jar, yozi, kungay, tarskay, ort, oshuv, qopchig'ay (dara), qoratov, qurum, ayrim boshqa tillarda maunt, shan, lin, serra, monte, jabal, ko'h va boshqa terminlar ko'p qo'llaniladi.
Suv ob'yektlari nomlari tarkibida arashon (arason–issiq buloq), arna, ariq, buloq, guzar, daryo, duob, yop, idil, kom, qo'l (irmoq), ko'l, pul (ko'prik), qayir, qorasuv, quduq, hovuz va boshqa terminlar ko'p ishlatiladi.

Arpa, bodom, patta (tol navi), tol, terak, tut, jiyda, qayrag'och, olma, o'rik, g'azol (g'izol–ohu, kiyik), tuya va boshqa terminlar o'simlik va hayvonot dunyosi bilan bog'liq joy nomlari tarkibida uchraydi.

Qishloq, kent, ovul, kat, mahalla, guzar, qo'rg'oncha, ko'cha va boshqa terminlar aholi punktlari (oykonimlar) nomlari tarkibida ishlatiladi.

Turli xalqlar, urug'-qabilalar nomlari–o'zbek, qipchoq, qangli, ming, nayman, qirg'iz, do'rmon, yuz, saroy, mang'it, arab, uyg'ur va boshqalar ko'pincha aholi punktlari nomi tarkibida uchraydi hamda shu yerda yashovchi xalq, urug'-aymoq, qabilalar haqida ma'lumot beradi.

Ob'yektning belgi–xususiyati, tomon, o'rin-joy, hajm va boshqa xususiyatlarni ifodalovchi terminlar ham ko'p: obod, katta, kichik, o'rta, yuqori, quyi, yangi, ko'hna, eski, oq, qizil, achchiq, chuchuk, sho'r, shirin va boshqalar.

Xullas, aksariyat joy nomlari asosida geografik terminlar yotadi, shuning uchun geograf-terminolog va toponimist olim E.M.Murzayev "har qanday toponimik tadqiqot geografik terminlarni o'rganishdan boshlanishi kerak”, deb to'g'ri ta'kidlab o'tgan.
Mirali MIRAKMALOV
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.