O`zbekiston
Temiryo`llarining umumiy uzunligi - 7000 km dan oshiq, avtomobil yo`llari - 80 000 km.
Tarixi. Hozirigi O`zbekiston hududida miloddan avvalgi (m.a.) I ming yillikdayoq dastlabki quldorlik davlatlar - Xorazm, Baqtriya, Sug`d, Parfiya vujudga keladi. M.a. VI asrda ahamoniylar O`rta Osiyoning ko`pchilik yerlarida mahalliy aholining qarshiligiga qaramay (Shiroq, To`maris) o`z hokimiyatini o`rnatdi. M.a. 329-327-yillarda makedoniyalik Iskandar bu hududlarni o`z imperiyasi tarkibiga qo`shib oladi. Mahaliy aholining bosqinchilarga qarshi eng yirik qo`zg`oloniga sug`d lashkarboshisi Spitamen bohchilik qiladi. Iskandarning vafotidan so`ng hozirgi O`zbekiston hududlari Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi. M. a. 250-yilda Grek- Baqtriya podsholigi tashkil topadi. M.a.II asrda Qang`, Parfiya, Farg`ona davlatlari vujudga keladi. Grek-Baqtriya podsholigi toharlar tomonidan tor-mor etilgandan so`ng Toharlar davlati tashkil topadi. II-IV asrlarda O`rta Osiyo, Afg`oniston, Shimoliy Hindiston hududlarida Kushon podsholigi mavjud bo`lgan. V asrda Eftalitlar davlati, VI asrning o`rtalarida Turk xoqonligi tashkil topadi. VIII asrda O`rta Osiyo Arab xalifaligi tomonidan zabt etiladi. O`rta Osiyo xalqlari arab hukmronligiga qarshi muttasil kurash olib boradi (G`urak, Divashti, Sharik, Muqanna, Rofe` ibn Lays qo`zg`olonlari). Qo`zg`olonlarni bostirishda katta xizmat ko`rsatgan tohiriylar, so`ngra somoniylarga hokimiyat topshirib qo`yiladi. Natijada IX asrning oxirlarida Somoniylar davlati O`rta Osiyo hududlarini mustaqil boshqara boshlaydi. X asr oxiri XI asrlarda O`rta Osiyoda Qoraxoniylar, G`aznaviylar, Saljuqiylar davlatlari mavjud bo`lgan. XII asrda Xorazmshohlar davlati yuksaladi. IX-XII asrlarda O`rta Osiyoda ilm-fan taraqqiyoti yuksak darajaga ko`tariladi. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Ahmad Farg`oniy, Abu Nasr Forobiy kabi qomusiy olimlar, Najmiddin Kubro, Abduxoliq G`ijduvoniy, Imom al-Buxoriy, Ahmad Yassaviy kabi tasavvuf namoyandalari yetishib chiqdi. 1218-1221-yillarda mo`g`ullar mahalliy aholining qattiq qarshiligiga qaramay (Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik) O`rta Osiyoni bosib oladi. 1238-yili Buxoroda mo`g`ullar istibdodiga qarshi Mahmud Torobiy boshchiligidagi yirik xalq qo`zg`oloni bo`lib o`tatii. 1370-yilda Amir Temur Samarqandda hokimiyatni qo`lga kiritib, yirik markazlashgan davlatga asos soldi. O`ttiz besh yillik hukmronligi davrida Temur katta hududlarni zabt etib, ulkan imperiya tashkil etdi. Temur vafotidan so`ng (1405) Movarounnahrda temuriylar o`rtasida taxt uchun kurash kechadi. 1409-yili Samarqand taxtiga Mirzo Ulug`bek o`tiradi. Temuriylar Movarounnahrda XVI asrgacha hukmronlik qilishadi. Temur va temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahrda hunarmandchilik, me`morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. 1500-yili Dashti Qipchoqdan ko`chmanchi o`zbeklar xoni Muhammad Shayboniyxon Samarqandga hujum qiladi. Unga qarshi Samarqand taxti uchun Zahiriddin Bobur kurash olib boradi. Bir necha samarasiz urinishlardan so`ng Bobur Afg`onistonga ketishga majbur bo`ladi va 1525-yili Hindistonga yurish uyushtirib, u yerda Boburiylar imperiyasiga asos soladi. XVI asrda O`rta Osiyoda ikkita xonlik - Buxoro xonligi va Xiva xonligi vujudga keladi. Shayboniylardan Abdullaxon II (1534-1598) uzoq urushlardan so`ng parchalanib ketgan Movarounnahrni birlashtiradi. 1599-yili Movavarounnahrda hokimiyat ashtarxoniylar (1599-1753) sulolasiga o`tadi. 1740-yili Eron shohi Nodirshoh Buxoroni egallaydi va Buxoro 7 yil Eronga tobe bo`ladi. 1753-yili Buxoroda hokimiyat mang`itlar sulolasining birinchi amiri Muhammad Rahim qo`liga o`tadi. XVII asr boshlarida Qo`qon xonligi tashkil topadi. XIX asrning ikkinchi yarmidan Rossiya O`rta Osiyoga bostirib kira boshlaydi. 1873-yilga kelib O`rta Osiyodagi uchta davlat ham Rossiyaga qaram bo`ladi. 1917-yilgi oktabr to`ntarishidan so`ng Qo`qon muxtoriyati tashkil topadi, lekin bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan tugatiladi. O`tgan asrning 20-yillari yarmigacha bolsheВviklar va milliy ozodlik harakati o`rtasida keskin kurash kechadi. 1924-yilda SSSR tarkibidagi O`zbekiston SSR tashkil topadi. 1991-yil 31-avgustda O`zbekiston o`z mustaqilligini e`lon qiladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.