Turkmaniston 

28 364

Rasmiy nomi — Turkmaniston Respublikasi. Poytaxti — Ashxobod. Hududi 488100 km.kv. Aholisi – 5,1 mln.dan ortiq (2012). Davlat tili — turkman. Dini — islom. Pul birligi — manat.

Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Osiyodagi davlat. Shimolda va sharqda 0‘zbekiston (chegaraning uzunligi — 1621 km), shimolda Qozog‘iston (379 km), sharqda va janubda Afg‘oniston (744 km), janubda Eron (922 km) bilan chegaradosh. G‘arbda mamlakat Kaspiy dengizining suvlari bilan tutashgan. Chegarasining umumiy uzunligi — 3736 km. Sohilining uzunligi — 1768 km. Mamlakat hududining katta qismi pasttepalik bo’lib, unda Qoraqum sahrosi joylashgan. Sahroning maydoni — 375 ming kv.km. Mamlakatning shimoli g‘arbida Kaspiy dengizi bo‘yida Qora Bo’g’oz — Koi ko’rfazi joylashgan. Ko‘rfaz dengiz sathidan 35 m past. Janub va janubi g‘arbda Kopetdog’ tog’lari bor. Yirik ko’l — Sariqamish sho‘r ko‘li. Asosiy daryo — Amudaryo. Turkmaniston neft, gaz, kaliy va osh tuzlari, rangli va noyob metallarga boy. Haydaladigan yerlar mamlakat hududining 2% ini, yaylovlar 69% ini tashkil etadi.

Iqlimi — keskin kontinental. O‘simlik dunyosini cho‘l va adir o‘simliklari tashkil etadi. Sahroda jayron, shoqol, tulki, echkilar, kapcha ilon, agama, tekislik va togiarda tog’ echkisi, gurza, toshbaqa, turli kemiruvchilar yashaydi.

Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — prezident respublikasi. 1991-yilning 27-oktyabrida Turkmaniston mustaqil bo`ldi. Mustaqillik kuni (27-oktabr) — Milliy bayram hisoblanadi. Davlat boshlig’i — prezident. Prezident Bosh vazir (Vazirlar Kengashi raisi)ni tayinlaydi. Qonun chiqaruvchi oliy organ — Majlis (bir palatali parlament). Ro’yxatdan o’tgan yagona siyosiy partiya — Turkmaniston demokratik partiyasi.

Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Sanoatining asosini neft va gaz qazib chiqarish va neftni qayta ishlash tashkil etadi. Qishloq xo’jaligida paxta, mevalar, sabzavotlar yetishtiriladi. Eksport qilinadigan asosiy mahsulotlari — paxta tolasi, dizel yoqilg‘isi, mazut, qo’lda to’qilgan gilamlar. Asosiy savdo sheriklari — Rossiya, Ukraina, 0‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 2120 km, avtomobil yo’llari — 13000 km. Asosiy porti — Turkmanboshi.

Tarixi. М. a. I ming yillikda hozirgi Turkmaniston hududida Marg‘iyona, Parfiya, Midiya davlatlari mavjud edi. М.a.VI asrlarda bu hududlar forslar davlati, m. a. IV asrda makedoniyalik Iskandar davlati tarkibiga kiradi. VIII asrda bu hududga arablar bostirib kiradi va mahalliy aholi orasida islom dinini targ‘ib etadi. IX-X asrlarda bu hududlar Tohiriylar va Somoniylar davlatlari, XI-XIII asrlarda Saljuqiylar davlati tarkibiga kiradi. XIII asrda mo’g’ullar bostirib kiradi va hozirgi Turkmaniston yerlarini o’z imperiyasiga qo‘shib olishadi. XIV asrning ikkinchisi yarmidan XV asrning oxirlarigacha Turkmaniston hududlari Temur va temuriylar davlatiga kiradi. XVII-XIX asrlarda hozirgi Turkmaniston hududlari Eron shohlari, Xiva va Buxoro xonlari o’rtasida talash bo‘lgan. XIX asrning 80-yillarida bu hududlar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinadi. 1917-yilgi davlat to’ntarilishidan so’ng Sovet hokimiyati o’rnatiladi. 1991-yilda Turkmaniston mustaqillikni qo‘lga kiritadi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.