Yevropa davlatlarining poytaxt shaharlari 

36 472

Reja:
1. Shimoliy Yevropa davlatlarining poytaxt shaharlari.
2. G’arbiy Yevropa davlatlarining poytaxt shaharlari.
3. Sharqiy Yevropa davlatlarining poytaxt shaharlari.
4. Janubiy Yevropa davlatlarining poytaxt shaharlari.
 
Toponimiya yunoncha "topos” – joy, "onoma” – nom so’zlaridan hosil bo’lgan. Bu fan geografik nomlarning kelib chiqishi, rivojlanishi o’zgarishi talaffuzi ularning ma’nosi shakli to’g’ri yozilishi va geografik tarqalishini o’rganadi. Har bir geografik obyekt(tog’, daryo, shahar, qishloq, materik vahakazo)ning nomi muayyan ma’noga ega. Kishilik jamiyatining dastlabki taraqqiyot davridan boshlab har bir obyekt o’z nomi bilan oddiy turdosh ot bilan atalgan, keyinchalik toponimlarga aylangan. 

Polisonimlar – "Polis” yunoncha shahar, shaharlarning nomlari, shahar ichidagi obyektlarning nomlari urbonimlar. Biz esa Yevropa polisonimlari ya’ni Yevropa poytaxt shaharlari ma’nosini o’rganib chiqamiz.

Hozir polisonimlarning quyidagilarini o’rganib chiqamiz.
Shimoliy Yevropa davlatlarining poytaxtlari: Dublin, Kopengagen, London, Oslo, Reyk’yavik, Riga, Stokgolm, Tallin va Xelsinki.

G’arbiy Yevropa davlatlarining poytaxtlari: Amsterdam, Berlin, Bern, Bryussel, Kiyev, Monako, Parij va Vena

Sharqiy Yevropa davlatlarining poytaxtlari:Budapesht, Buxarest, Bratislava,  Minsk, Moskva, Praga, Sofiya va Varshava.

Janubiy Yevropa davlatlarining poytaxtlari: Afina, Belgrad, Lissabon, Lyublyana, Rim, Madrid, Vatikan, San-Marino, Sarayevo, Zagreb va Tirana.
 
Dublin– Irlandiyaning poytaxti. Shaharga dastlab 140-yilda asos solingan. Dublin – "qora moy” degani, shahar Liffi daryosi bo’yida joylashgan bo’lib, daryo suvi torf zonasi ta’sirida qoramtir tusga ega. Shahar boshqacha Bale – Axa – Kliaxbeil – "shahar”, ath –"kechuv”, cliath – "tol”) – "tolli kechuvdagi shahar” deb ham ataladi.

Kopengagen– Daniyaning poytaxti. 1043-yilda xozirgi shahar o’rnida Xavn nomli qishloq bo’lgan. Qishloq yonida 1167-yilda qal’a bunyod etilgan. Mana shu qishloq va qal’a atrofida vujudga kelgan shahar Kjobmannshavn - savdogarlik bandargohi nomini olgan. Zamonaviy shakli Kobenhavn; rus tilida Копенгаген shakli nemis reformasi (Kopenhagen) ta’sirida paydo bo’lgan. 

London – Buyuk Britaniyaning poytaxti. Tatsita tomonidan eramizdan avvalgi 115-yilda lotinchada Londinium shaklida eslab o’tiladi va shuning asnosida kelt tilida qayta tiklangan Londin nomi kelib chiqadi.

Oslo– Norvegiyaning poytaxti. Shaharga 1048-yili asos solingan. Lo daryosi mansabida joylashgani uchun (os – "daryo quyarjoyi, mansabi”, Lo – daryo nomi) Oslo deyilgan.

Reyk’yavik– Islandiyaning poytaxti. Shaharga 875-yilda vikinglar asos solishgan. Reyk’yavik islandcha reyk’ya – "bug’”, "tutun” va vik – "qo’ltiqcha”, "qishloq” so’zlaridan yasalib, geyzerlar – issiq buloqlar ko’pligidan "bug’ otilib turadigan joy” degan ma’noni beradi.

Riga– Latviyaning poytaxti. Mahalliy tilda riga – "tirsak”, "daryoning burilgan joyi” degan ma’noni beradi.

Stokgolm – Shvesiyaning poytaxti. XIII asrda Melarni ko’li va Baltika dengizi sohillarida bunyod etilgan. Shved tilida xolm – "orol”, stok – "tor ko’rfaz(qo’ltiq)”, demak "tor ko’rfazdagi orol” degan ma’noni beradi.

Tallin– Estoniyaning poytaxti. Dastlab yozma manbalarda 1154-yili tilga olingan, lekin IX-X asrlarda shahar o’rnida estonlarning qishlog’i mavjud bo’lganligini arxeologik manbalar ko’rsatadi. Dastlab shahar Kovolen, keyinchalik Revel deb nomlangan. XIII asrda shaharni daniyaliklar bosib olgan va ular shahar o’rnida qal’a qurishgan. Shuning uchun estonlar uni Tallin (estoncha taani linn – "Dan shahri” ya’ni "daniyaliklar shahri”) deb nomlashgan.

Xelsinki  – Finlandiyaning poytaxti. Shaharga 1550-yilda asos solingan. Xelsing xalqi nomidan olingan. 

Amsterdam– Niderlandiyaning poytaxti va yirik port shahar. Gollandcha "Amstel daryosidagi damba” degan ma’noni beradi.

Berlin– Germaniyaning poytaxti. XIII asrdan boshlab Berlin shaklida eslab kelinadi. Ishonarli aniq farazlarga qaraganda shahar nomi "Birl/Berl” – botqoqlik, botqoq qadimgi slavyan tilidan kelib chiqqan. Shuningdek shahar nomi Berla ismidan yoki boshqa qadimgi kelt, slavyan tillaridan kelib chiqqanligi haqida mulohazalar bor.

Bern– Shveysariyaning poytaxti. Bern shahri 1191-yildan ma’lum. Shahar nomi kelt tilidan "Bren” – tog’ kelib chiqqan. Shuningdek shahar nomi italyancha Verona nomining Bern sifatida qayta ishlangan, o’zgartirilgan degan qarashlar ham mavjud. Xalq etimologiyasi esa  shahar ayiq o’ldirilgan joyda bunyod etilgan degan va shuning uchun "ayiq” ya’ni shahar nomi Bern. Bu afsona shahar bayrog’ida ayiqning tasvirlanganligida o’z aksini topadi.

Bryussel – Belgiyaning poytaxti. Shahar nomi dastlab VII asrga oid yozma manbalarda tilga olingan. Bryussel – "botqoqlik yaqinidagi shahar” degan ma’noni beradi.

Kiyev– Ukrainaning poytaxti. Kiyev nomi birinchi bo’lib, 860-yildagi qo’lyozmalarda eslab o’tiladi. Kiyev so’zi ikki qismga bo’linadi. Kiy so’zi cho’p tayoq, ev so’zi esa qo’shimcha ma’nosini bildiradi. Demak tayoqlar shahri degan ma’noni bildiradi. 

Monako– Fransiya sarxadlari bilan o’ralgan O’rta dengiz qirg’og’ida joylashgan Janubiy Yevropadagi davlat. Rim mualliflari tomonidan eramiz oraliqlarida Gerkukles ibodat qilinadigan joy sifatida eslanadi. Portus Monoecus yakka tanxo yashovchi degan ma’noni bildiradi. Bu esa Gerkulesning ismlaridan biri.

Parij– Fransiyaning poytaxti. Miloddan avvalgi I asrdan Lyutiseya nomi bilan ma’lum.  Parij –   parizi  qabilasi nomidan olingan.

Vena– Avstriyaning poytaxti. Miloddan avvalgi IV asrda kelt qabilalari hozirgi shahar o’rnida qishloq barpo etib, Vindobara – "Oq dala” deb atagan. Vena nomini boshqacha talqin etuvchilar ham bor.

Budapesht– Vengriyaning poytaxti. Zamonaviy shaharga 1872-yilda asos solingan. Shahar Dunay darypsining qarama-qarshi qirg’og’larida joylashgan. Buda va Pesht shaharlarining ma’muriy jihatdan qo’shilishidan kelib chiqqan.

Buxarest– Ruminiyaning poytaxti. 1459-yillarda qishloq sifatida tilga olingan. Buxarest nomi Bukur ismi va qishloqqa tegishlilik ma’nosini beruvchi qo’shimcha "eshti”ning qo’shilishidan birikmasidan paydo bo’lgan.

Bratislava– Slovakiyaning poytaxti. Xozirgi shahar o’rnida eramiz boshlariga qadar rimliklarning Posonium nomli lageri joylashgan. Keyinchalik uning o’rnida Preslav Slovakiya shahri vujudga keldi. O’rta asrlarda Avstriya tarkibida shahar nomi Pressburgga aylandi. 1867-yilda Avstro-Vengriyaning tuzilishi bilan Pozsony nomini oladi. 1918-yilda Chexoslavakiyaning shahar Bratislava nomini oladi.

Minsk– Belorrusiyaning poytaxti. Birinchilardan bo’lib 1067-yillarda Menesk, Mensk shaklida tilga olingan.
    
Moskva – Rossiya Federatsiyasining poytaxti. Daryo nomidan kelib chiqqan bo’lib, Moskva gidronimini tushuntirish uchun fin-ugor tillari etimologiyasi asosida ko’plab misollar keltirilgan. Masalan, коровья река sut daryosi "boquvchi”, "to’yg’azuvchi daryo” ma’nosida, приток река или река с притоком "daryoning ko’p quyiladigan joyi” ma’nosini bildiradi.

Praga– Chexiyaning poytaxti. Uning nomi X asrdan buyon ma’lum. Uning nomi praziti (kuydirish, pishirish) so’zidan kelib chiqqan bo’lib, shudgor qilingan o’rmonlarning yonib ketishi bilan yoki prahnouti (qurmoq) so’zidan kelib chiqqan bo’lib shaharning quruq baland yerda paydo bo’lganligi bilan bog’lanadi. 1908-yildan Praga nomi bilan yuritiladi.

Sofiya– Bolgariyaning poytaxti. Shaharga eramizdan avvalgi I asrda qadimgi rimliklar asos solishgan. Ular Bibi Sofiya ibodatxonasini qurdirganlar va shaharni Sofiya deb atashgan. Grekcha sofis – "oqil”, "dono” degan so’zlardir.
 
Varshava– Polshaning poytaxti. XIV-XV asrdan boshlab tilga olinadi. Shahar nomi Varsh shahsiy ismdan kelib chiqqan. XV asrdan boshlab mazovetskiy bitimiga ko’ra Varshava – Varshava qishlog’i deb atala boshlandi. Shuningdek xalq etimologiyasida shahar nomi bilan bog’liq afsonalar ham mavjud.

Afina – Gretsiyaning poytaxti, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri. Shaharga dastlab aholi eramizdan avvalgi XVI – XIII asrlarda o’troqlasha boshlagan. Nomi esa afsonaviy Afina(qadimgi yunonlarning xudosi) ismidan olingan. Lekin qadimgi yunon tilida tepalik yerni bildiruvchi atinai so’zi ham bo’lgan. Shahar shunday tepalikda joylashganligi uchun unga atina, afina – "tepa” nomi berilgan bo’lishi mumkin, deb hisoblaydi H.Hasanov.

Belgrad– Serbiyaning poytaxti. Keltlar tomonidan eramizdan oldingi IV-III asrlarda asos solingan. Eramizdan avvalgi 33-yilda rimliklar tomonidan bosib olingan va qal’aga aylantirilgan va shu bilan bir qatorda Singudunum nomi ham berilgan. IX asrda slovyanlar tomonidan bosib olingandan so’ng Belgrad nomi bilan atala boshlangan.

Lissabon– Portugaliyaning poytaxti. Shahar o’rnida eramizdan avvalgi I asrda Yuliy Sezar tomonidan asoss solingan rimliklar lageri joylashgan bo’lgan. Shahar Yuliy Sezar sharafiga Baxtli Yuliy – Felisitas-Yuliya deb nomlangan. Eramiz boshlarida Ulisea nomi bilan keyinchalik esa Olisippo, Olisippona, Lisabon shakllari uchraydi.

Lyublyana– Sloveniyaning poytaxti. Shahar eramizdan avvalgi I asrda Emona Rim koloniyasi sifatida shakllangan. IX asrda franklar tomonidan qayta tiklangan, X asrdan boshlab Lyublyana (Ljubljana) deb nomlana boshlangan. Shahar nomining kelib chiqishi Lyuvigan daryosi atrofida joylashganligi bilan izohlanadi.

Madrid– Ispaniyaning poytaxti. Shaharga 927-yilda mavritanlar qarorgohi sifatida asos solingan. Magerit arab tilidan Madarat shahar ma’nosini bildiradi. Magarat shaklida tilga olinadi. Boshqa bir faraz bo’yicha arablargacha ya’ni arabcha nomga qadar shahar nomi eski ispan tilidan olingan bo’lib, maderita – o’rmon novdasi degan ma’noni anglatadi.

Rim– Italiyaning poytaxti. Asl nomi Rumo – hozirgi Tibr daryosi nomidan olingan. Daryo nomi esa uning qirg’oqlari bo’yida yashagan qadimgi rumo qabilasi nomidan olingan, deb hisoblanadi. Rim – "abadiy shahar” degan ibora yasama nomdir. Uni "bo’ri emizib katta qilgan bolalar – Ramul bilan Rem – miloddan avvalgi 750-yil ilgari bunyod etgan” degan afsona ham to’qilgan. Arxeologlarning aniqlashicha, Rim shahri qurilishidan 500 yilcha avval uning o’rni ko’cha, yo’l va kanallar bo’lgan.

Sarayevo– Bosniya va Gersegovinaning poytaxti. XIII asrdan Vrxbosna (gora nad bosnoy) nomi bilan mashxur. Vrx – tog’, balandlik, Bosna – daryo nomi. Vrxbosna – Bosna daryosi ustidagi tog’ ma’nosini anglatadi. Bosna daryosi nomidan butun tarixiy joy Bosniya nomi kelib chiqqan. Ottomanlar hukmronligi imperiyasi davrida shahar Bosna-Saray (Saray turkchadan Saroy, qal’a) deb atalgan. Bu esa Bosnadagi saroy ma’nosini beradi. Bosnadagi saroyni XVI asrda Xusrav-Bek qurdirgan. Turklar imperiyasidan ozod bo’lgandan keyin shahar nomi slavyan tilida Sarayeva tarzida nomlangan. Sarayeva – qal’ali, saroyli degan ma’nolarni anglatadi.

San-Marino– Appenin yarim orolidagi kichik davlat. Hozirgi davlat o’rnida milodning IV asrida Marino ismli kishi dindorlar jamiyati qurish maqsadida bunyod etgan. Shuning uchun uning nomiga Santo-Marino – "Muqaddas Marino” deb atalgan.

Tirana– Albaniyaning poytaxti. Ushbu nom XVI asrda paydo bo’lgan. Tirana eramizdan avvalgi I ming yillikda Apennin yarim orolida yashagan tirren qabilasi nomidan olingan.

Vatikan– shahar – davlat. Rim shahri ichida joylashgan bo’lib, dunyodagi eng kichik davlat hisoblanadi. Rim shahri yetti tepalikda joylashgan bo’lib, tepaliklardan biri Monte-Vatikano tepaligida qadim zamonlarda kohinlar (latincha "vatikinatio”) yashagan. Shahar – davlat nomi shundan olingan.

Zagreb– Xorvatiyaning poytaxti. XIII asrda Zagrabia hozirda esa Zagreb shaklida qo’llaniladi. Shahar nomi slavyan tilidan Zagreb tepalik ma’nosini bildiradi ya’ni tepalikdagi shahar ma’nosini anglatadi.
 
Adhamjon MAMADIYOROV 
O’zbekiston Milliy Universiteti
"Geografiya” yo’nalishi 2-bosqich talabasi

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.