1943-yil 10-fevral – umumxalq hashari yo‘li bilan Farhod GES qurilishi boshlangan. 

3 083

Farhod GES – Sirdaryoning o‘rta oqimida, Farhod gidrouzelida joylashgan gidroelektr stansiya. "O‘zbekenergiya” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi sho‘’ba korxona. GES qurilishi 1943-yil 10-fevralda umumxalq qurilishi sifatida – hashar yo‘li bilan boshlangan. 1948-yil 1-gidroagregati ishga tushirilgan, 1949-yil iyun oyidan o‘rnatilgan umumiy quvvati 126 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregatli stansiya to‘la quvvat bilan ishlay boshladi, 1951-yilda sanoat foydalanishiga qabul qilindi. Sirdaryo viloyati shahar va tumanlarini, shuningdek, "Bekabodsement”, "O‘zbekiston metallurgiya kombinati” kabi yirik korxonalarni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Quvvatlar 110, 35,6 kV kuchlanishda uzatiladi. O‘rta Osiyo Birlashgan energetika tizimi ("Energiya” birlashgan dispetcherlik markazi)ga ulangan. 2003-yilda 562 mln. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.

10-fevral Dang‘ara tumani tashkil etilgan kun
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani. Viloyatning shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan. 1939-yil 10-fevralda tashkil etilgan (1962-yil 24-dekabrda Pop tumani bilan birlashtirilgan. 1970-yil 7-dekabrda qayta tuzilgan). Maydoni 0,45 km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tumanda bir shaharcha (Dang‘ara), 8 qishloq fuqarolar yig‘ini bor. Markazi – Dang‘ara shaharchasi.

Tumanda 6 sanoat korxonasi, 10 qurilish-ta’mirlash tashkiloti, 2 avtokorxona, 9 savdo va tayyorlov shohobchasi, bo‘rdoqichilik bazalari, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari mavjud. Soyshildir tikuvchilik fabrikasi, Dang‘ara konserva zavodi faoliyat ko‘rsatadi. 330 dan ortiq kichik korxona turli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

Qishloq xo‘jaligi, asosan, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan. Pillachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik ham rivojlangan. Qishloq xo‘jaligida foydalanadigan yerlarga paxta, don, poliz mahsulotlari ekiladi. Dehqon, fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatadi. Tumandagi jamoa va xususiy xo‘jaliklarda qoramol, qo‘y-echki, parranda, сho‘chqa boqiladi. Shuningdek, meva, asal, jun, baliq yetishtiriladi. Tuman "Oqqo‘l” qirqma qovuni bilan mashhur.

1939-yil 10-fevral – Sirdaryo tumani tashkil etilgan kun
Sirdaryo tumani. Viloyatning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan. 1939-yil 10-fevralda tashkil etilgan. Maydoni 0,55 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tumanda 2 shahar (Baxt, Sirdaryo), 9 qishloq fuqarolar yig‘ini bor. Markazi – Sirdaryo shahri.
 
 
Yer yuzasi past-baland tekisliklardan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Tuman hududining shimoliy, shimoliy-sharq tomonidan Sirdaryo o‘tadi.

160 kichik va xususiy, qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatadi. Sanoat korxonalaridan Toshkent mashinasozlik zavodining filiali, qurilish tashkilotlari, 5 avtokorxona, maktab va sport jihozlari, sut, guruch, 2 paxta tozalash va non zavodlari, Yangiyo‘l poyabzal fabrikasining filiali, qandolatchilik kvas va limonad ishlab chiqarish korxonalari, Sirdaryo shahar bozori bor.

10-fevral - Avstraliyada Qirollik regatasi sport bayrami
(2014 yil uchun sana)
Qirollik regatasi Avstraliyaning Xobart xududida (Tasmaniya shtati) 1838-yilda birinchi marta o‘tkazilgan. Shundan so‘ng Avstraliyaning eng mashhur tadbirlaridan biri va Tasmaniyaning qadimiy sport bellashuvi bo‘lib qoldi. Regata uch kun davomida o‘tkazilib, fevralning ikkinchi seshanba kunida tugaydi. Bellashuv paytida Dervent daryosida kemalar qatnovi to‘xtatiladi. Bu tadbirning boshlanishiga 200 yil avval Tasmaniya gubernatori Ser Jon Franklin sababchi bo‘lgan. Franklin barcha tomoshabinlarni tekin oziq-ovqatlar bilan ta’minlagan va bu marosim hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Shunda gubernator fevralning ikkinchi dushanba kunini rasmiy bayram kuni deb e’lon qilgan va hozirgi kungacha bu qadimiy, ommaviy Avstraliya bayrami hisoblanadi. Regata mashhur Regatta Cround hududida o‘tkazilib, hozirda bu yerda halok bo‘lgan tasmaniyliklarga bag‘ishlangan harbiy memorial joylashgan.

Qirollik regatasini tomosha qilishga juda ko‘p tomoshabinlar yig‘ilishadi. Tadbir Avstraliya Qirollik floti tasarrufida bo‘lib, unda har yili harbiy kema ishtirok etadi. Qirollik harbiy-havo kuchlari ham hamkorlikda rang-barang avia-shoular tashkil qiladilar. Avstraliyaning maxsus harbiy qismlari - qizil beretlar - skaydarving mo‘’jizalarini namoyish qiladilar.

Regata bellashuvida: Yelkanli suzish, qayiqda bellashuvi,eshkak eshish, suv chang‘isi  hamda suzish bo‘yicha - ishtirokchilar Dervent daryosi ni suzib o‘tishlari kerak, uni eni 1,6 km. Bundan tashqari, "Regata go‘zali” eng chiroyli qizni tanlash tadbiri asosiy marosim hisoblanadi. Oxirgi yillarda yaxtachilar bellashuviga ko‘plab ko‘ngil ochar shoular - yugurish va suzish shoulari  mahalliy va sayohatchilar uchun tashkil qilinmoqda.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.