1938-yil 15-yanvar – Toshkent, Samarqand va Farg`ona viloyatlari tashkil qilingan kun. 

2 599

Toshken viloyati – respublikaning shimoliy-sharqida joylashgan. 1938-yil 15-yanvarda tashkil qilingan. Maydoni 15,26 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklar, shuningdek, rus, qozoq, tatar, tojik, koreys va boshqa millat vakillari yashaydi. Tarkibida 17 shahar (Toshkent, Olmaliq, Angren, Ohangaron, Bekabod, Chirchiq, Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, G‘azalkent, Bo‘ka, Do‘stobod, Parkent, Piskent, Keles, To‘ytepa, Chinoz), 15 tuman, 18 shaharcha va 146 qishloq fuqarolari yig‘ini bor. Markazi – Toshkent shahri.

Viloyatning shimol va shimoliy-sharqiy qismlari G‘arbiy Tyanshan tog‘lari va uning tarmoqlari bilan band. Chotqol va Qurama tog‘lari orasida Ohangaron platosi joylashgan. Viloyat hududining katta qismi Sirdaryo tomon qiyalanib boradigan tog‘oldi tekisligidan iborat. Foydali qazilmalardan mis, polimetall rudalar, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin, alyuminiy xom ashyosi, qo‘ng‘ir ko‘mir, molibden konlari, plavikli shpat va dala shpati, turli xil qurilish materiallari bor. Termal va mineral suv zahiralari ko‘p. Viloyat kuchli seysmik zonada joylashgan. Iqlimi keskin kontinental. Qishi nam, nisbatan iliq, yozi uzoq, issiq va quriq.

Toshkent viloyati mamlakatning sanoati yuqori darajada rivojlangan viloyatlaridan. Viloyatda 92 ta yirik sanoat, 318 qo‘shma, 26 mingga yaqin kichik va o‘rta biznes subyektlari faoliyat ko‘rsatadi. Eng muhimlari:  "G‘ishtchi” (Angren), "Agat va Farhod” (Bo‘stonliq tumani), "Metallurgremont” (Bekobod), "Orion” (Qibray tumani).

Sanoatining yetakchi tarmoqlari – energetika, mashinasozlik, metallurgiya, ko‘mir, kon metallurgiyasi, kimyo sanoati, poyabzal, paxta tozalash,  oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash.

Me’moriy yodgorliklardan Zangiota majmuasi Toshkent viloyatidagi eng mashhur, Markaziy Osiyodagi noyob me’moriy yodgorlikdir. Bekabod tumanida Qizilmozor obidasi joylashgan. Toshkent viloyatidagi tuman markazlarida 2-jahon urishida halok bo‘lganlar xotirasiga, jumladan, Chirchiq shahriga kiraverishda, Bo‘zsuv kanali sohilida, Yangiyo‘l, Parkent shaharlarida yodgorliklar o‘rnatilgan.

1938-yil 15-yanvar Samarqand viloyati tashkil etilgan kun.
 Samarqand viloyati – O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938-yil 15-yanvarda tashkil etilgan. Shimol va g‘arbdan Navoiy viloyati, janubdan Qashqadaryo, janubiy-sharqdan Jizzax viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 16,8 ming km.kv. Tarkibida 14 tuman (Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Nurobod, Oqdaryo, Payariq, Pasdarg‘om, Paxtachi, Samarqand, Toyloq, Urgut, Qo‘shrabot) 11 shahar (Bulung‘ur, Jomboy, Juma, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Oqtosh, Payariq, Samarqand, Urgut, Chelak), 12 shaharcha (Dahbed, Ziyovuddin, Ingichka, Kimyogarlar, Loyish, Mitan, Mirbozor, Xishrov, Charxin), va 125 ta qishloq fuqorolari yig‘ini bor. (2004). Markazi – Samarqand shahri.

1938-yil 15-yanvar -  Farg‘ona viloyati tashkil etilgan kun
Respublikaning sharqida, Farg‘ona vodiysining janubida joylashgan. 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 6,7 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklar, shuningdek, rus, tojik, qirg‘iz, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tarkibida 9 shahar, 10 shaharcha, 15 qishloq tumani, 164 qishloq fuqarolar yig‘ini bor. Markazi – Farg‘ona shahri.

Farg‘ona viloyatining shimoliy qismini Qoraqalpoq va Yozyovon dashtlari egallagan. Janubdan Olay tizmasidan oqib tushadigan daryolarning yoyilmalari bilan o‘ralgan. Viloyat hududi yuqori seysmik zona. Iqlimi kontinental, qishi birmuncha yumshoq, ba’zan, havo juda sovib ketadi. Vodiyning g‘arbida esadigan kuchli "Qo‘qon shamoli” iqlimga salbiy ta’sir etadi. Janubiy-sharqida yozda garmsel esadi. Yiliga g‘arbida 100 mm dan (Qo‘qon atrofi) sharqiy qismida 170 mm gacha, tog‘ yon bag‘irlarida 270 mm gacha yog‘in tushadi, asosan, bahorda yog‘adi.

Farg‘ona viloyati O‘zbekistonning qadimiy madaniyat o‘choqlaridan biri. Viloyat hududida topilgan tosh davri manzilgohlari va qoyatoshlariga solingan suratlar, tosh qurollar vodiyda odamlar eng qadimgi davrlardan beri yashab kelganliklaridan darak beradi. O‘troq dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘illangan Chust madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Farg‘ona vodiysini o‘rganishda muhimdir. Arxeologik tekshirishlar natijasi Farg‘ona viloyatida qadimdan odamlar yashab, ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanganligidan, kishilik jamiyatining keyingi bosqichlarida esa madaniyat rivojlana boshlaganligidan dalolat beradi.

Farg‘ona viloyati respublikaning sanoati rivojlangan viloyatlaridan. Viloyatda 90 ga yaqin yirik sanoat korxonasi mavjud. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: yoqilg‘i-energetika, kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari, paxtani tozalash va qayta ishlash, yengil va oziq-ovqat sanoati va boshqalar.

Viloyatda oliy o‘quv yurtlari, 910 umumiy ta’lim maktabi, gimnaziya, 47 litsey, musiqa va sport maktablari, 77 kasb-hunar kolleji, 3 akademik litsey faoliyat ko‘rsatadi. 4 teatr, madaniyat uylari, 3 muzey, 193 klub muassasasi, 609 ommaviy kutubxona aholiga xizmat ko‘rsatadi. 97 kasalxona, 413 ambulatoriya poliklinikasi, 214 qishloq vrachlik punkti, 61 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 28 dispanser, dam olish uylari va "Chimyon”, "O‘zbekiston”, "Qiziltepa”, "Nurafshon”, "Temir yo‘lchi” sanatoriylari, shoshilinch tibbiy yordam viloyat bo‘limi bor.

15-yanvar Dubayda savdo festivali kuni
Dubayda bo‘lib o‘tadigan savdo-sotiq anjumani o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu festival xalqaro maqomga ega bo‘lib har yili 15-yanvardan 15-fevralgacha bo‘lib o‘tadi. Tijorat anjumani 1996-yilda Dubay hukumatining knyazlik xususiy sektorining hamkorliklari sharofati bilan tashkil etilgan edi. Har yili bu festivalga butun dunyodan  uch million atrofida mehmonlar tashrif buyuradi. Anjuman oldingi tadbirlariga o‘xshab tantanali ravishda ochiladi. Shaharning barcha ko‘chalari turli ranglardagi chiroqlar bilan bayramona bezatiladi va tuni bilan davom etadi. Dubayga savdo-sotiq uchun kelgan mehmonlarning hafsalalari pir bo‘lib qolmaydi. Chunki Festival shopingi kunu tun davom etadi.  Endilikda sovdo-sotiq ishlari yangicha konsepsiya asosida ish olib boryapti. Bu yangi g‘oya "Tungi Bozor” deb atalyapti. Mazkur tijorat ajoyibotlarida uch mingta do‘kon qatnashyapti. Ular yetakchi jahon ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini arzon narxlarda kunu tun uzluksiz tarzda xaridorlarga taklif qilishmoqda. Festival davomida lotoreya o‘yinlari o‘tkazilib, lotoreyalarda hashamdor mashinalar, pul mukofotlari, oltin va boshqa buyumlar har kuni umumiy narxda 200 million dollarlik yutuqlar qo‘yiladi.  Dam olish kunlariga borib esa 500 million dollarlik yutuqlar o‘z omadli egalariga topshiriladi.

15-yanvar Shvetsariyaning tog‘li hududi Grindelvaldda butunjahon Qor festival kuni
Grindelvald- Shvetsariyaning eng mashhur tog‘chang‘i dam olish maskani. Lekin qish kunlarida  nafaqat chang‘ida, chana va snoubordda uchadilar. Qish mavsumining eng muhim voqealaridan biri bu yerga dunyoning ko‘p mamlakatlardan haykaltaroshlar   qor festivalida ishtirok uchun tashrif buyuradilar.  Grindelvaldda yanvar oyini bu festivalsiz tasavvur qilish qiyin. Ilk bora bu festival 1983 yilda o‘tkazilgan, unda yapon rassomi  muzdan Shvetsariya milliy ertak qahramoni - Xaydi ismli qiz shaklini yaratgan. Har yili yanvar oyining o‘rtalarida haykaltaroshlar o‘zlarining mashaqqatli mehnatlari  bilan   ishga kirishadilar, ular oddiy oppoq qor va suvdan ajoyib, noyob fantastik ijod asarlarini yaratadilar. Haykaltoroshlarga bunday mas'uliyatli va mahoratli vazifani bajarishlari uchun olti kun beriladi. Bu vaqt mobaynida ularning atrofida tomoshabinlar yaratilayotgan ijod asarini kuzatib boradilar. Festival yakunida musiqiy va folklor konsert dasturi uyushtiriladi, hay'at a'zolari esa yaratilgan san'at asarilarini tekshiradilar va baholarini berib, g‘oliblarni e'lon qiladilar. Bu festival jarayonida insonlar yangidan yangi do‘stlar orttirib, eski qadrdonlar bilan yuz ko‘rishadilar.

15-yanvar Fransiyada Jeod festival kuni
Fransiya - karnaval, festival va bayramlarni juda ham sevadigan mamlakat. Shuning uchun jo‘shqin Yangi yil bayramidan so‘ng, yanvar oyining ikkinchi yarmida har yilgi Jeod festivali o‘z ishini boshlaydi.  Bu festival  Fransiyaning poytaxtida bo'lib o‘tadi va u xalqaro maqomiga ega. Festival kinomatоgrafiya san'atiga bag‘ishlangan bo‘lib, "Omnimaks” texnologiyasidan foydalaniladi. Shu kunlari katta ekranlarda kinorejisyorlarning turli хil ishlarini ko‘rish mumkin. Ular kinomatоgrafiya san'atining turli хil janr va yo‘nalishlarda ish olib borishadi. Jeod festival kunlarida Parijga butun dunyodan aktyor va rejissyorlar tashrif buyuradilar.  Festival atoqli san'at arboblarini yangi ishlari, noyob asarlaridan barhamand bo‘lishga nafaqat tomoshabinlar, balki mehmonlarga ham imkon yaratadi.  Bu festival doirasida keng qamrovli seminar va ochiq muloqat, yangi tasvirga olish  jarayonlari, xujjatli va badiiy filmlarning suratga olish jarayonlari  haqida bahs  - munozaralar o‘tkaziladi. Jeod festivali  - har bir inson uchun sehrli kinomatografiya olamiga sayohat qilish imkonini yaratadi. Shuningdek, Fransiya, Yevropa, Gollivud rejisyorlarining yangi filmlari uchun aktyorlar tanlovi va kastingi ham aynan shu festivalda o‘tkaziladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.