23-sentabr Mehrjon bayrami (kuz bayrami) 

11 739

23-sentabr – Mehrjon bayrami (kuz bayrami). Bu bayramlar Xorazmda "Chiri-ruj”, So’g’d-Samarqandda "Nim-sarda” kabi nomlarda yuritiladi. U kuzgi kun va tun tengligini, hosil yig’ish yakunini, qishga tayyorgarlik ko’rish kabi hodisalarni aks ettiruvchi bayram. Tarixda 10-15 asr mobaynida Navro’zdan so’nggi ikkinchi katta bayram hisoblangan, yil yarmi vazifasini ham o’tagan. O’rta asrlarda turli bayramlarga bo’linib ketgan. Hozirgi kunda kuz bayrami, kuzgi kun va tun tengligi, an’anaviy (eski) "yil yarmi” mehr-shafqat tadbirlari sifatida tabiiy saylgohlarda, madaniy bog’, o’yingohlarda, maydonlarda turli ko’rgazmalar, ko’rik-tomoshalar, musobaqalar kabi shakllardan foydalanib o’tkazilmoqda. Bu bayram- barcha qishloq xo’jalik xodimlarining - bog`bonu sabzavotkor, g`allakoru paxtakor, sohibkoru pillakorlarning yil davomida erishgan g’alabalarini, mehnat mavsumining yakunlanishini tantana qiladigan yirik anjuman hisoblanadi. Avvaliga bog’bonu-sabzavotkorlar, yetishtirgan mahsulotlarning ko’rigi sifatida, so’ngra ularni g’oyaviy-badiiy elementlar va badiiy dasturlar bilan boyitilishi natijasida o’ziga xos yangi mehnat va tabiat bayramlari vujudga kela boshladi. Sabzavotkor va bog’bonlarning o’ziga xos hosil bayrami vazifasini ham bajaradigan bayramlar odatda avgust oyining oxiri va ko’proq sentyabr oyining boshlarida, tabiatning eng go’zal bo’lgan vaqti baxmal mavsumida mevalar, sabzavotlar va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlarini yig’ib-terib olish tugallanayotgan bir paytda uyushtiriladi. Respublikamizda mazkur bayramlarni o’tkazish borasida o’ziga xos tizim vujudga kelmoqda. Ular avvaliga ko’pgina yirik tuman markazlarida tashkil qilinib, unda tumandagi barcha jamoa xo’jaliklari o’zlarining yetishtirgan maxsulotlari bilan qatnashadi. So’ngra shu tartibda viloyat markazlarida, barcha tumanlarda olingan hosillarning eng yaxshi natijalari targ’ibot etiladi. So’ng maxsus joyda xalq sayllari boshlanadi. Kechki payt tuman madaniyat uyida pilla yetishtirish bo’yicha majburiyatlarni bajargan ilg’orlarni taqdirlashga bag’ishlangan tantanali kecha va konsert uyushtiriladi.

23-sentabr Yaponiya va Meksikada kuzgi tengkunlik bayrami kuni
Kuzgi tengkunlik kuni – bu kuzning astronomik hisobdan boshlangan kuni hisoblanadi. Quyoshning shimoliy yarimshardan janubiy yarimsharga o’tish nuqtasi bahoriy hamda kuzgi tengkunlikka mos tushadi. "Tengkunlik so’zi yerning barcha nuqtasida kun va tun davomiyligi ushbu kunda bir xil bo’lishini anglatadi. Yaponiyada "Kuzgi tengkunlik” rasmiy bayram hisoblanib, 1878-yildan boshlab nishonlanadi. Bu kunda yaponlar qadimiy buddaviylar xigon bayramining rasm-rusumlarini amalga oshirishadi. Ajdodlarini ziyorat qilib, kerakli marosimlarni o’tkazishadi. Meksikada esa kuzgi tengkunlik kunida qadimiy Chichen-Itsa shahridagi mashhur Kukulokan piramidasini ziyorat qilishga harakat qilishadi. Bu piramida Quyosh tomonga shunday yo’naltirilganki, aynan bahoriy va kuzgi tengkunlik kunlarida Quyosh nurlari bosh zina qirrasi (chetiga ilon shaklini eslatuvchi) platforma soyasini tushiradi.

23-sentabr Saudiya Arabistoni mustaqillikka erishgan kun
Saudiya Arabistoni Qirolligi. Poytaxti-Ar-Riyod. Hududi - 2 250 000 kishi (2012). Davlat tili – arab. Davlat dini islom. Pul birligi- saudiya riyoli. Geografik joylashuvi va tabiati. Bu davlat Janubi-G’arbiy Osiyoda joylashgan. Arabiston yarimorolining taxminan 2/3 qismini va Qizil dengiz hamda Fors qo’ltig’idagi qator qirg’oqbo’yi orollarini egallaydi. Janubda – Yaman (chegara uzunligi – 1458 km), shimolda- Iroq (814 km), Iordaniya (744 km) va Quvayt (222 km), janubi sharqda- Ummon (676 km) va Birlashgan Arab Amirliklari (457 km), sharqda- Qatar bilan (60 km) chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi-4431 km. G’arbda mamlakat Qizil dengiz va Akaba qo’ltig’i hamda sharqda Fors qo’ltig’i bilan tutashib ketgan. Sohil bo’ylab chegara uzunligi-640 km. Mamlakat hududi asosan sahrodan iborat. Qirg’oq bo’ylab torgina vodiylar joylashgan. Janubi-g’arbida uncha katta bo’lmagan tog’ tizmalari bor. Mamlakatning eng baland nuqtasi – Daka cho’qqisi (3353 m). Shimolda Suriya cho’lining bir qismi joylashgan. Mamlakatning janubi-sharqiy qismini katta sahro (Rub-el-Xali) egallagan. Mamlakatning suv resurslari juda kam. Hududining markaziy qismidagi bir necha daryolar yozga borib qurib qoladi. Mamlakat hududida boy neft, tabiiy gaz konlari mavjud, shuningdek, temir rudasi, mis, oltin ham bor. Ishlov beriladigan yerlar hududining faqatgina 1% ini egallaydi, o’tloq va yaylovlar 39% qismida joylashgan. Iqlimi kontinental, subtropik. O’simliklari asosan yarim sahro xarakteriga ega. Qishki, bahorgi yomg’irlar davrida yovvoyi achchiq tarvuz, astragal, saksovullar o’sadi. Tal va surd deb ataluvchi yolg’iz daraxtlar onda-sonda uchraydi. Mamlakatning hayvonot dunyosi ancha xilma-xil. Bo’ri, chiyabo’ri, fenek tulkisi, qum kiyigi, nubiya tog’ echkisi uchraydi. Kemiruvchi va sudraluvchilar – kichik bo’g’ma ilonlar, efa, agama va kaltakesaklar ko’p. Qushlar olami ham boy: burgut, kalxat, graf, sapsan. Qirg’oq pasttekisliklari chigirtkalarning ko’payish makonidir. Qizil dengiz va Fors qo’ltig’ida marjonlarning 2000 dan ziyod turi bor, ayniqsa qora marjonlar qimmat baholanadi. Saudiya Arabistoni 1932 yining 23 sentyabrida mustaqillikka erishgan (milliy bayrami – Qirollik e’lon qilingan kun).

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.