Yuklanmoqda...

Dunyoning uchinchi qutbida...


Everest, Jomolungma, Sagarmatxa… Bu nomlarning ma`nosi har xil bo`lgani bilan bir narsani – yer yuzasidagi eng baland cho`qqini, ramziy ma`nodagi "dunyoning uchinchi qutbi”ni anglatadi. Bu cho`qqi Yevrosiyo materigining Himolay tog` tizmasida joylashgan. Balandligi 8848 metr. Mazkur cho`qqi Xitoy va Nepal davlatlari hududida joylashgan.

Yer yuzasida balandligi 8000 m dan oshadigan 14 ta cho`qqi bor bo`lib, ulardan 10 tasi Himolayda, qolgani qo`shni Qoraqurum tog`larida joylashgan. Himolaydagi cho`qqilarning qaysi biri yuksak degan savol uzoq  vaqt ko`plab baxslarga sabab bo`lgan va ularning balandligini aniqlash tarixi ham qiziqdir.

Osiyoning baland tog`li o`lkalarida uzoq vaqt sayohat qilgan nemis tabiatshunosi G.Shlagintveyt 1855-yili Sharqiy Himolaydagi Gaurizankar tog`ining o`sha davrda yer yuzasidagi eng yuksak nuqta deb hisoblangan cho`qqisini o`lchab chiqib, 8899 metr degan xulosaga keldi. Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, G.Shlagintveyt Gaurizankarni emas, balki undan 58 km sharqda joylashgan va Britaniya bosh shtabi kartalarida 1850-yildan buyon 15 raqam bilan belgilanib kelgan, balandligi 8840 metr deb qabul qilingan cho`qqini kuzatgan ekan. Xullas, bu nomsiz cho`qqi keyingi qayta o`lchashlar natijasida yer yuzasining eng baland cho`qqisi bo`lib chiqdi.

1856-yilda ingliz topograflari cho`qqiga atoqli geodesist, Hindiston Geodeziya qo`mitasining prezidenti Jorj Everest nomini berishdi. Biroq ushbu cho`qqining mahalliy nomlari ham bor. Uni Tibet aholisi Jomolungma – "Yer xudolari onasi” deb atagan. Nepal mamlakati esa Sagarmatxa – "Tog`lar malikasi” deb ataydi.
 
Everestning balandligini turli mamlakat geodezistlari tomonidan qayta-qayta o`rganilib, 8888, 8882, ha hatto 8825 metr deb qabul qilindi. Buning sababi cho`qqi noaniq shaklga ega bo`lib, turli tomondan har xil ko`rinishidadir. Uning balandligini aniq belgilash maqsadida 1975-yil cho`qqi ustiga 3,5 metrli, qizil rangli metal piramida o`rnatildi. Yakuniy hisoblar Everestning balandligi 8848 metrga tengligini ko`rsatdi.

XX asrning o`rtalarida Everest cho`qqisini zabt etish uchun ko`pgina mamlakatlarda tayyorgarlik ishlari boshlandi. Cho`qqiga birinchi bo`lib chiqish 1953-yil 29-mayda Yangi Zellandiyalik Edmund Xillari va Nepallik Norgey Tensinglarga nasib etdi.

Yuksak nuqta zabt etilgandan keyingi yillarda ko`plab mamlakatlar alpinistlari Everestga chiqishga muvaffaq bo`lishdi. 

Everest cho`qqisini mamlakatimiz alpinistlaridan birinchi bo`lib Rustam Rajabov 1998-yil 22-mayda zabt etib u yerga O`zbekiston bayrog`ini qadadi.

Everest sayyoramizning eng yuksak nuqtasi. Undan yuqorida faqat osmon bor. Bu cho`qqi ustidan bironta qush uchib o`tmagan… Inson esa ana shu cho`qqini qayta-qayta zabt etmoqda. Hozir dunyoda nechta fazogir bo`lsa, Everestni zabt etganlar ham deyarli shuncha. Inson eng yuksak nuqtadan turib ona sayyoramizni kuzatishda davom etmoqda. 
Madiyar Abdullayev 
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani
22-maktabning geografiya fani o`qituvchisi

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash